Istiqlol bunyodkori
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart”, degan so‘zlarini har gal eshitganimda qalbimni cheksiz ishonch tuyg‘ulari egallaydi.
Xonamda o‘tirib, shularni o‘ylar ekanman, qulog‘imga tashqaridan bolakaylarning shovqini eshitildi. O‘rnimdan turib, derazadan ovoz kelgan tomonga qaradim.
Egnilariga oq ko‘ylak, qora shim kiygan bolajonlarga bir muddat tikilib, xayollarim meni o‘zim o‘qigan qadrdon go‘sha – olis Samarqanddagi ona maktabim tomon yetakladi. Dadam ilk bor maktabga olib borgan o‘sha unutilmas kun, birinchi o‘tirgan partam, birinchi ustozim… O‘shanda onajonim meni bag‘riga bosib, ko‘ziga yosh olgandi. Qo‘limga bejirim portfelni tutqazar ekan, bu Prezident sovg‘asi ekanligini, ushbu hadyaga munosib bo‘lishim, namunali o‘qishim lozimligini uqtirganlari hali-hamon yodimda. Yana shu narsa esimdaki, “Birinchi Prezidentimiz qanday inson ekan, menga o‘xshagan qancha tengdoshlarimni o‘ylab, shunday sovg‘a yuborgan bo‘lsa, demak, ular bizni tanir ekan-da”, degan turli o‘ylar bilan maktabga qatnardim.
Mana, bu yil o‘n sakkiz yoshga qadam qo‘yyapman. Orzularim esa bir olam. Ammo, qalbimni har zamonda armon tirnaydi. “Davr bizniki, marra bizniki” deya uqtirgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov endi oramizda yo‘q.
Ahyon-ahyonda, darsdan qaytar chog‘im poytaxtimizdagi Mustaqillik maydoni tomon yo‘l olaman. Darvoqe, kollejimiz shundoq Amir Temur xiyoboniga tutash joyda. O‘y-xayollarim bilan borar ekanman, qarshimda Islom Karimov shaxdam qadamlar bilan yurib kelayotgandek bo‘ladi. Hayajondan o‘zimni yo‘qotib qo‘yaman. Shoshganimdan aytar so‘zlarimni unutaman. Maydonni piyoda kezib, so‘ng avtobusga o‘tirib, uyga qaytaman. Yon-atrofdagi binolarga qarab, zavqim keladi, hayratim oshadi.
Prezidentimizning shahrimizni obodonlashtirish borasidagi bunyodkorlik ishlari dilimga iftixor tuyg‘ularini jo etadi. Kitoblardan o‘qib bildimki, bu bunyodkor inson davlat boshqaruviga kelgan ilk kunlardanoq, xalqimizning buyuk farzandi Sohibqiron Amir Temurning nomini oqlab, uning millat va yurt ravnaqi uchun qilgan ishlarini munosib qadrlagan va o‘zi ham Amir Temur kabi jasorat bilan davlatboshqaruvida davom etgan ekan. Sohibqironning bundan 600 yillar muqaddam aytgan “Bizning qudratimizni bilmoqchi bo‘lsangiz, biz qurgan binolarga boqing” degan so‘zlari Birinchi Prezidentimizni ilhomlantirgani o‘tgan yillar davomida amalda qayta-qayta o‘z isbotini topdi.
Haqiqatan ham Mustaqillik maydonidagi yangilanishlar, arkaning o‘zgacha uslubda qad rostlashi, uning atrofidagi baland binolar, har daf’a maydondan o‘tib-qaytganimda qalbimni g‘ururga to‘ldiradi. Uch muhtasham mehmonxonadan biroz kun chiqishga tomon yuraversak, yanada faxrlanib ketaman. Chunki bu yerda shaharga alohida ko‘rk berib turgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi joylashgan. Muzeyning qarshisida, hozir anvoyi gullar-u manzarali daraxtlar bilan beqiyos go‘zallik og‘ushiga chulg‘angan maydonda o‘zining chopqir arg‘umog‘ida Mustaqillik maydoni sari yuzlanib turgan Sohibqiron bobomizning muazzam haykali o‘rnatilganidan ham ramziy ma’no izlayman. Xuddi men kabi tengdoshlarim ham har safar shu maydonga yo‘li tusharkan, haykal oldidan befarq o‘tib keta olmaydi. Faqat tengdoshlarim emas, kuzataman, ko‘pchilik ot ustida viqor bilan o‘tirgan Amir Temur hazratlariga boshdan-oyoq razm soladi. Shunda o‘ylaymanki, mazkur me’moriy inshootlarning ijodkori – Islom Karimov xalqimizning qalbidagi armonlarini, orzu-niyatlarini teran anglagan. Shuning uchun ham bu fidoiy, xalqparvar inson respublikaning har bir fuqarosi yuragida iftixor, kelajakka umid uyg‘ota olgan, bu kabi inshootlarning qurilishiga bosh-qosh bo‘lgan.
Yuqorida aytganimdek, bunday o‘zgarishlar nafaqat Toshkentda, balki mamlakatimizning har bir viloyat va shahrida izchil amalga oshirildi. Hozir qayerga bormang Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan qurilgan yangi-yangi inshootlar, sanoat korxonalari, dam olish maskanlari, bog‘lar, ayniqsa, zamonaviy tipdagi oliy o‘quv yurtlari, kollej, akademik-litsey, maktablar dilimizni yayratadi. Obod mahallalar, unda yashayotgan har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, yurtini yanada taraqqiy ettirish yo‘lida o‘z hissasini qo‘shgisi keladi.
Ko‘plab ziyoratgohlarning barpo etilgani yoki qayta tiklanganligi, dong‘i dunyoga taralgan ilmli va avliyo zotlarning mangu yotgan maskanlarida qad rostlagan obidalarga qarab, ich-ichimdan quvonaman. Shunda yana bir bor bunyodkor bobomizning uzoqni ko‘zlab amalga oshirgan ezgu ishlariga tasannolar aytaman.
Abdullo SAIDOV,
Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘quvchisi