Ibratli umr hikmati

Mustaqilligimizning 26 yilligi arafasida davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar orasida bu yil 101 yoshni qarshilagan Xalil ota Adilovning ham borligi, uning yaqinlari qalbiga cheksiz quvonch ulashdi. Prezidentimiz tomonidan otaxonning ko‘p yillik mehnatlari e’tirof etilib, unga “Shuhrat” medali topshirildi.

Serfarzand oilada ulg‘aygan Xalil otaning suyagi mehnatda qotdi. Bolaligida saharlab otasi bilan dala ishlarini bajarishga chiqib ketar, ammo o‘qish, bilim olishga bo‘lgan intilishi bois, ishdan qaytgan zahoti kitob mutolaasiga berilardi.

Yillar o‘tib, u sobiq Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida ta’lim oldi. Ikkinchi jahon urushida X. Adilov frontga jo‘natildi. Dastlab texnik uskunalarni qayta tiklash va tuzatish batalonida, keyin Turkmanistonning Chorjo‘y shahrida, bir yil o‘tib, Moskvadagi 3-Xarkov tankchilar tayyorlash bilim yurtida bir muddat o‘qituvchilik qilib, 1946 yili ona Vataniga qaytib keldi. Keyinchalik mexanizator, bosh mexanik, o‘qituvchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Umri davomida halol mehnat qilish va ilm olishdan charchamaydigan Xalil ota aspiranturaga ham o‘qishga kirib, texnika fanlari nomzodligi bo‘yicha dissertatsiyani ham yoqladi.

Uzoq yillar oliy o‘quv yurtlarida, xususan, sobiq Toshkent qishloq xo‘jaligi institutida yoshlarga ta’lim-tarbiya berdi. Kafedra mudiri bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi.

– Turmush o‘rtog‘im Muazzamxon ayangiz bilan 60 yil totuv, hamjihatlikda umr kechirdik, – deydi otaxon. – Bugungi farovon hayotimizga bir-birimizga bo‘lgan hurmat, e’tibor zarur paytda suyanchiq bo‘lganimiz sababli erishdik desam, xato bo‘lmaydi.

Xalil ota rahmatli Muazzamxon aya bilan besh nafar farzandni sog‘lom, bilimga chanqoq, mehnatsevar etib voyaga yetkazdi. Otaxon bolalarini to‘g‘riso‘z bo‘lishga, halollik, birovning haqini yemaslikka o‘rgatdi. “Kamchilik bo‘lsa, menga aytinglar, o‘zim yordam beraman”, derdi u farzandlariga tog‘dek suyanchiq bo‘lib. Bugungi kunda o‘g‘illari ilmu ziyoli, hayotda o‘zlarining munosib o‘rnini topgan. 60 nafardan ziyod nevara-yu evaralar qurshovida qarilik gashtini surayotgan otaxon shirindan shakar evaralariga ham xuddi ana shu o‘gitlarni uqtirib charchamaydi.

Biz otaxondan nafaqat tog‘liklar, balki shahar markazida yashab ham uzoq umr ko‘rish mumkin ekan-da, deya so‘raganimizda u shunday fikr bildirdi:

– Inson uzoq umr ko‘rishi uchun avvalo, to‘g‘ri ovqatlanishi zarur. Men ko‘proq sut va sut mahsulotlarini ratsional tarzda iste’mol qilaman. Qolaversa, jismoniy mehnatdan charchamayman, zavq olaman. Bu menga huzur bag‘ishlaydi. Asablarim ham joyida bo‘ladi. Umrim davomida birovga hasad emas, havas ko‘zi bilan qaradim. Hozirgi yoshlarga ham tilagim shuki, eng avvalo, salomatligingizni asrang. Jahlga yengilmang, o‘zingizga dushman bo‘ladi. Dilozorlik eng katta gunoh. Yolg‘on gapirmang, obro‘yingiz to‘kiladi. Atrofdagilarning sizga bo‘lgan ishonchini yo‘qotasiz. Mehnatdan qochmang, harakatchan bo‘ling. O‘qish va o‘rganishdan charchamang. Ota-onangizning hurmatini joyiga qo‘ying. Ana shunda orzu-niyatlaringizga albatta erishasiz.

Yana o‘qing:  Yurakni to‘lqinlantiruvchi sado

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: