Ona tilimizning tiniq tiynati

Odam bolasining inson maqomida ulug‘lanib, e’tibor-u ehtiromga musharraf bo‘lishi ona Vatan, ota-ona kabi muqaddas tushunchalar qatorida e’zozlanadigan ona tili deb atalmish muhtaram ne’mat bilan jips bog‘liqki, uning sir-sinoatlari, benihoya hadsiz ifoda va istifoda imkonlarini chuqur o‘rganish nafaqat tilshunoslarning, balki barcha millatdoshlarimizning muqaddas burchidir.

Ana shunday mashaqqatli yumushni sidqidil ado etib, o‘zbek til ilmi va ta’limini yuksaltirish yo‘lida ter to‘kayotgan fidoyi insonlar hamda juda ko‘plab boshqa kasb egalari uchun 21 oktyabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun qutlug‘ sana hisoblanadi. Mustaqillik solnomasining debochasi bo‘lmish “Davlat tili haqida”gi qonun tom ma’noda milliy o‘zlikni anglash yo‘lidagi dadil qadamdir.

Aslida XX asrning so‘nggi choragida tilshunoslikda til va madaniyat masalasining kun tartibiga chiqishi xalqlarning milliy o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurni yangilashga bo‘lgan ehtiyoji natijasi edi. Shuning uchun ham Birinchi Prezidentimiz “… o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir”, – deb ta’kidlaydi. Darhaqiqat, o‘zida millat ruhini, uning o‘tmishi, buguni va ertasini aks ettiradigan ona tilimiz har qancha e’zoz-u ehtiromga, sharaf-u shonga munosibdir.

Tilning favqulodda qudrati, dunyolarni anglashdagi o‘rnini o‘z vaqtida anglab yetgan ma’rifatparvar shoir Avaz O‘tar shunday tarannum etadi:

Har tilni biluv endi bani Odama jondir,

Til vositai robitai olamiyondir.

Darhaqiqat, til odam bolasi uchun jon kabi zarur, ikki olamni bog‘lovchi ko‘prik bo‘lib, insonni mavjudotlarning gultoji sifatida sharafga burkagan, shu asnoda o‘zi ham oliy maqom kasb etgan ilohiy ne’matdir. Shu ma’noda 2012 yil dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ham ta’limning turli bo‘g‘inlarida xorijiy tillarning o‘qitilishini yangi o‘zanlarga burib yuborgan edi. Bugun yurtimiz ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilarning ingliz yoki boshqa xorijiy tilda biyron so‘zlayotganini ko‘rib, ko‘ngil g‘ururga to‘ladi. Ana shunday ishlarning mantiqiy davomi sifatida “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmon o‘zbek xalqi tarixiga zarhal harflar bilan yoziladigan qutlug‘ sana bo‘lib kirdi, ona tili va adabiyotimizning keyingi kamoli va bardavomligini ta’minladi.

Yana o‘qing:  Tilak

O‘zbek tili chindan millatimiz ruhi, milliy madaniyatimizning ajralmas qismidir. Ona tili har qaysi xalqning madaniyati, ajdodlardan avlodlarga o‘tib ketib kelayotgan milliy an’ana va urf-odatlarini rost va raso saqlaydi, olis ajdodlarni kelgusi avlodlar bilan bog‘lab turadi. Muayyan tildagi so‘z yoki iboralar orqali har qaysi xalqning tarixi, o‘tmishini bilish, ma’lum tasavvurlar hosil qilish mumkin. Masalan, tilimizda “qozon osmoq” iborasi bor. Yaxshi bilamizki, hozir qozon osilmaydi, balki o‘choqqa o‘rnatiladi. Ammo qadimda, olis ajdodlarimiz hali o‘troqlashib ulgurmagan davrlarda qozonning ikki chetidan sim o‘tkazib, olov tepasiga osib qo‘yib, taom tayyorlangan. O‘zbek turmush tarzining ana shunday tutumi natijasi o‘laroq “qozon osmoq” iborasi paydo bo‘lganki, bu o‘zbek tilining qadimiy tillardan biri ekanining ham dalilidir.

Ona tili xalq milliy o‘zligi, madaniy-ma’rifiy olami, urf-odatlari, muomala madaniyati, axloq qoidalarini hech bir istisno va tamannosiz butun saqlaydi, kelgusi avlodlarga to‘rt ko‘z tugal yetkazadi. Globallashuv asri deb atalmish bugungi kunga mumtoz adabiyot namunalarini deysizmi, tariximizning hadsiz-hisobsiz solnomalarini deysizmi, to‘kis yetib kelishi shu til tufaylidir. Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Uvaysiy, Nodira, Qodiriy va Cho‘lpon kabi yuzlab siymolar shu til bayrog‘i ostida birlashganlar va o‘zlarining durdona asarlarini yaratganlar.

Ona tilimizning tiniq imkoniyatlari haqida gap ketganda hech ham undan turmush tarzimizni ajratib bo‘lmaydi. Chunki, xalqimizning hayot tarzi tiliga tinimsiz ta’sir etib turadi. Masalan, o‘zbeklarda kelin o‘z qaynota-qaynonasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaynotam yoki qaynonam tarzida atamaydi, balki qudangiz yoki yana boshqa shakllarda ataydi, chunki, bu milliy mentalitetimizga yot. Tilimizdagi ana shu o‘ziga xosliklar Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” asarida juda zo‘r tajassumini topgan. Masalan, Kumush Toshkentdan onasiga yozgan maktubida: “Qudangiz meni na yerga va na ko‘kka ishonadir, o‘n besh kundan beri qo‘limni sovuq suvga urdirmay qo‘ydi” degan jumlalarni bitadi. Vaholanki, Kumush bu o‘rinda qudangiz so‘zi o‘rnida qaynonam ham deyishi mumkin edi, ammo mentalitetimizga xos nutqiy odob uni qudangiz murojaatidan foydalanishni taqozo etdi.

Tilimizning sinonim so‘zlarga boyligi ham uning imkoniyatlari kengligidan dalolatdir. Masalan, yuz, bet, aft, bashara, turq, chehra, oraz, jamol, ruxsor so‘zlari aslida bitta tushunchani bildirsa ham ijobiy-salbiy bahosi, so‘zlashuv yoki kitobiy uslubga xoslanganligi bilan turfa ma’nodagi so‘z nozikliklarini ifoda etadi. O‘zbek tilining qaddini tiklash, obro‘sini ko‘tarish yo‘lida buyuk ishlarni qilgan Alisher Navoiy bobomiz ham ona tilimizda sinonim so‘zlarning ko‘pligini alohida ta’kidlagan va yig‘lamoq fe’lining bir qator sinonimlari borligi aytib o‘tgan edi. Masalan: yig‘lamsiramoq → ingramoq → singramoq → siqtamoq → o‘kirmoq → qichqirmoq → hoy-hoy yig‘lamoq kabi.

Bugun zamonaviy tilshunoslikda chog‘ishtirma tilshunoslikning Yevropada paydo bo‘lgani tan olingan. Aslida esa yevropaliklardan qariyb besh asr oldin Mahmud Koshg‘ariy bobomiz “Devonu lug‘otit turk” asari bilan, Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari bilan bu sohaga asos solib ulgurgan edi.

Yoki til va nutq hodisalarining alohida-alohida tushunchalar ekanligi borasida Boduen de Kurtene, Ferdinand de Sossyur singari olimlarga nisbat beriladi. Vaholanki, Navoiy bobomiz XV asrdayoq til va nutqning biridan farqini yorqin bo‘yoqlarda tushuntirib bergan edi: Til buncha sharaf bila nutqning olatidur, Gar anga shikast yetsa, nutqning ofatidur. ya’ni, til shuncha sharaflanishi bilan nutqning quroli bo‘ladi, agar unga shikast yoki zarar yetsa, bu nutqning zavoli bo‘ladi. Agar til va nutqning farqlanishi Sossyurda kurtak holida namoyon etilgan bo‘lsa, Alisher Navoiy dahosida naqd meva holida taqdim qilingan. Ajdodlarimizning ana shunday sara asarlarini dunyo ahliga tanitish, bahramand qilish tilshunos-mutaxassislarimizning zimmasidagi zo‘r vazifalardandir.

Yana o‘qing:  Yong‘oq plantatsiyalari – daromad manbai

Yorqinjon ODILOV,

filologiya fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: