Sog‘lom ruh tanni davolaydi

LIZ BURBO – tibbiyot bilan ruhiyatni uyg‘unlashtirib, o‘z vujudini anglashga va shu orqali o‘z salomatligini tiklashga hamda o‘z shaxsiyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan 13 ta kitobning muallifidir. Ulardan biri «O‘z tanangni tingla» asari ancha ommalashgan bo‘lib, bu kitob asosida mashg‘ulot markazlari tashkil etilgan. «O‘z tanangni tingla» mashg‘ulotlari markazi dastlab Kanadaning Kvebek shahrida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda jahondagi ko‘pgina mamlakatlarda uning filiallari ham mavjud. Muallifning faoliyati keng ommaga tobora manzur bo‘lib bormoqda. U iloji boricha dori vositalarisiz inson o‘z vujudidagi ichki imkoniyatlardan foydalanib, xastaliklardan forig‘ bo‘lish yo‘llarini o‘rgatuvchi maktabga asos soldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

«O‘zingni sev» deydi vujuding» asarida alfavit tartibi bo‘yicha joylashtirilgan 500 ga yaqin keng tarqalgan kasalliklar xususida ommabop ma’lumotlar beriladi. To‘g‘ri, unda kasalliklar va ularning belgilari haqida qisqacha axborot beriladi. Biroq, kitobning o‘ziga xos jihati ham borki, unda keltirilgan tumov, qichima, saraton, OITS kabi jismoniy xastaliklar ruhiyat buzilishining alomatlari sifatida talqin etiladi.

Liz Burboning yozishicha, jismoniy xastaliklar – bu inson ruhiyatida, yoinki oddiy qilib aytganda ko‘nglida hukm surayotgan tartibsizliklarning alomatlari bo‘lib, barcha dardlar ruhiy holatdagi salbiy o‘zgarishlar tufayli vujudga kelar ekan. Ushbu tartibsizlikka barham berilsa, ruhiy holatda osoyishtalik, xotirjamlik paydo bo‘lsa, kasalliklar ham o‘z-o‘zidan chekinar ekan. Albatta, bu – metafizika.

Yuqoridagi mulohazalar jismoniy, ya’ni tanadagi dard­larga tegishli edi. Ruhiy kasalliklar-chi? Ular dori-darmon yoki jarrohlik yordamida davolanmasligi barchamizga ma’lum. Lekin, muallifning kitobida ta’kidlanishicha, bu borada ham inson o‘z vujudini boshqarib, salmoqli natijalarga erishish mumkin ekan.

Mental darajadagi to‘siq

Doim esda tuting, xayoldagi tartibsizlik, hayotdagi betartiblik, nopoklik, inson tanasida infeksiyani vujudga keltiradi. Balki, siz o‘zingiz yoki bosh­qa insonlar to‘g‘risida yomon xayol­dadirsiz? Sizning g‘azabingiz kimgadir yomonlik qilish ishtiyoqi bilan bog‘liqdir? Yoki g‘azabingizni ortiq jilovlay ololmayotgandirsiz? Balki nimadandir qo‘rqayotgandirsizki, o‘zingiz ham bu his-tuyg‘udan uyalyapsiz.

Ruhiy to‘siqni aniqlash uchun quyidagi savollarga javob bering. Ularga javob berib, jismoniy kasallikning yuzaga kelish sabablarini aniq bilib olasiz. Undan xulosa chiqarib, ruhiyatingizni yuksaltirishga intiling.

1. Tanangizdagi kasallikka qanday baho bera olasiz?

Yana o‘qing:  Protein moddalar xatari

2. Ushbu dard sizga nimani bajarishga to‘sqinlik qilayapti? Ya’ni, nimani bajara olmayapsiz? Asl niyat va orzularingizni eslang, aniqlang

3. Ushbu kasallik sizni nimaga undayapti?

4. Agar orzularingizni amalga oshirsangiz, hayotingiz qanday tarafga o‘zgargan bo‘lardi?

5. Agar siz ushbu orzuingizni amalga oshirsangiz qanday yomon holat yuz berishi mumkin. Aynan shu savolga javob sizni to‘liq shaxs sifatida shakllanishingizga, orzuingizni amalga oshirishingizga to‘sqinlik qilayotgan muammoni aniqlashga yordam beradi.

Kasallik va xastaliklarning metafizik ma’nosi – abssess

Abssess — bu yiringning bir joyda to‘planishi. Issiq va sovuq yallig‘lanishlar mavjud. Issiq abssessda (u ko‘proq uchraydi) yiring juda tez yig‘iladi va yallig‘lanishning to‘rt belgisi — shish, qizarish, isitma va og‘riq paydo bo‘ladi. Sovuq abssessda suyuqlik bir joyga, yallig‘lanish belgilarisiz, asta-sekin to‘planadi.

His-tuyg‘udagi to‘siq

Abssess odam o‘z g‘azabini majburan bostirishi oqibatida yuzaga keladi. Bu esa o‘z navbatida ilojsizlik, kuchsizlik, omadsizlikni keltirib chiqaradi. Odamda hayot quvonchi chekinib, u qayg‘u va g‘azabga g‘arq bo‘ladi. Abssess og‘riq bilan kechsa, inson g‘azab bilan birga aybdorlik tuyg‘usini ham his etayotganidan darak beradi. G‘azab hayotning qaysi jabhasiga tegishliligini abssess paydo bo‘lgan tana qismiga qarab bilsa bo‘ladi. Agar odamning qo‘l-oyoqlarida yallig‘lanish paydo bo‘lsa, demak inson o‘z hayotidan, kelajagidan yoki bormoqchi bo‘lgan joyidan norozi ekanligini bildiradi.

Allergiya

Allergiya – bu organizmning qandaydir moddaga yuqori sezuvchanligi. Allergiyani immun tizimi bilan bog‘liq xastaliklarga kiritishadi.

Allergiyasi mavjud odam odatda kimdandir qattiq nafratlanadi. U atrofdagilarga va sharoitlarga qiyinchilik bilan moslashadi. Bunday odam boshqa insonlardan qattiq ta’sirlanadi va o‘z navbatida, aynan shu insonlarda taassurot qoldirgisi keladi. Aksariyat, allergiyaga chalinganlarning ta’bi nozik bo‘ladi. Barcha ularga tazyiq o‘tkazayotgandek his etishadi va himoya choralarini oshirib yuborishadi.

Allergiya doimo ko‘ngildagi mavjud ziddiyat tufayli yuzaga keladi. Bemor vujudining bir qismi nimagadir intiladi, boshqa qismi esa ushbu intilishga qarshilik ko‘rsatadi. Ushbu holat uning insonlarga nisbatan munosabatida ham aks etadi. Misol uchun, dardga chalingan bemor biror kimsaning yonida bo‘lishni chin ko‘ngildan xohlaydi va bir paytning o‘zida ushbu insonning tezroq ketishini istaydi: uni yoqtiradi, lekin unga tobe bo‘lgisi kelmaydi. Odatda, uzoq azoblanishlardan so‘ng yoqtirgan insonning bir talay kamchiliklarini topadi. Aksariyat hollarda bu kasallik bemorning ota-onasi hayotda turlicha qarashlarga ega bo‘lib, doimo bahslashganligi tufayli ham kelib chiqadi. Shuning­dek, inson allergiyaga chalingan bo‘lsa o‘ziga e’tibor qaratishni xohlaganini ham bildiradi. Ayniqsa, nafas siqqanda bemorning o‘zgalar yordamidan umidvorligini anglatadi.

Yana o‘qing:  GRIPP ASORATI BILAN XAVFLI

Agar inson sog‘lom bo‘lishni xohlasa, avval undan, kasallik alomatlaridan qutulishga tayyormisan, deb so‘rash lozim. Shunga tayyor bo‘lsa, unga yordam bersa bo‘ladi.

Gippokrat

Agar bemor allergiyadan azob chekayotgan bo‘lsa, demak hayotida ma’lum bir holat qayta takrorlanayaptiki, u odamni o‘ziga jalb etish bilan bir vaqtda ixlosini ham qaytaradi. Yoki shunday inson borki, uni yoqtirmaysiz va ayni vaqtning o‘zida unga manzur bo‘lishni ham istaysiz. Odatda bu yaqinlaringizdan biridir. Nazaringizda, uning ishonchini oqlasangiz, u sizni chinakamiga yoqtira boshlaydi. Tushunishga harakat qiling. Bu tuyg‘ularingiz ushbu insonga, uning fikriga nisbatan tobe ekanligizdan darak beradi. Bo‘ysunish inson qalbiga yagona yo‘l degan fikrdan voz kechishingiz kerak.

Shunisi qiziqki, ko‘p holatda allergiya inson yoqtirgan narsalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, sutli mahsulotlar sizga yoqishi va ularga nisbatan allergiyangiz bo‘lishi mumkin. Agar sizda oziq-ovqat mahsulotlariga allergiya bo‘lsa hayotdan zavqlanishga o‘zingizga erk bermayotganligingiz belgisidir.

Qachonki, siz yoqtirgan inson e’tiborini shunchaki, azoblarsiz qozona olishga ishona boshlasangiz, o‘shanda hayotingiz sokinlashadi, oydinlashadi. Balki, yoshlikda kasallik o‘ziga e’tibor tortishning yagona yo‘li deb xulosa chiqargandirsiz. Biroq, unday emasligini tushunib yetishingiz lozim.

Agar changga yoki hayvonlarga allergiya bo‘lsa, unda atrofdagilar menga tajovuz qilishayapti degan fikrdasiz. Nimaga o‘zgalar sizga nisbatan yomon munosabatda deb o‘ylayapsiz? Ushbu shubhalaringizni tekshirib olishingizni taklif qilamiz. Odatda inson o‘zgalardan qo‘rqsa, qo‘rquv sababini o‘zidan axtarishi lozim.

Allergiya tashqi omillar tufayli yuzaga keladi deb hisoblashning o‘rniga, kun davomida kasallik boshlanishidan avval sodir bo‘lgan voqealarni eslang. Balki siz yoqtirmaydigan yoki naf­ratlanadigan insonlar bilan suhbatlashgandirsiz. Boshqa odamlarni o‘zgartira olmasligingizni chuqur anglab, olamga o‘zga nazar bilan razm solishni o‘rganing.

Yuqorida keltirilgan savollarga javob bersangiz ruhiyatingizda mavjud to‘siq sabablarini bilib olasiz.

Hilola SOLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: