Bolalarga quvonch ulashing

Ulardagi ruhiy tushkunlikning sabab va oqibatlari

Ancha yillar oldin tibbiyotda “bolalarda ruhiy tushkunlik” degan tushuncha umuman bo‘lmagan. Nafaqat ota-onalar, balki shifokorlar ham bolalikda inson o‘z boshidan faqat quvonch va baxtli damlarni o‘tkazadi, deb hisoblashgan. Endi esa “depressiya” deb nom olgan kasallik bolalarni ham bezovta qilmoqda.

Xo‘sh, bu qanday xastalik?

Bu haqiqiy ruhiy tushkunlik bo‘lib, bolalarda kechuvchi qaysarlik va injiqlik, yengil kechuvchi gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar kabi odatiy kasalliklar ko‘rinishida kuzatiladi. Ammo kichik yoshdagi bolalardagi depressiya holatlari to‘liq o‘rganilmagan. Bolaning har bir rivojlanish bosqichida o‘z ruhiy olami va ushbu davrga xos voqea-hodisalar, muammolari hamda tushkunlik holatining boshlanishi uchun turtki bo‘ladigan yetarli sabablari mavjud bo‘ladi.

Bolalik davridagi depressiyaning sabablari

Birinchisi, bolaning boshidan o‘tkazgan yuqumli kasalliklari (gripp, O‘RVI, pnevmoniya (zotiljam), bodomcha bezlarining yallig‘lanishi (angina)dan so‘nggi asoratlar sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holatda bola ko‘p kasallanganligi uchun barcha narsaga nisbatan uning ishtiyoqi so‘nadi.

Ikkinchi sabab surunkali yoki o‘tkir ruhiy tushkunlik (go‘dakni so‘rg‘ich yoki ko‘krakdan ajratish, qo‘rquv, bolalar bog‘chasidagi yoki maktabdagi tengdoshlari bilan kechadigan o‘zaro ziddiyatlar, yaqinlarining og‘ir xastaligi yoki o‘limi, ota-onaning ajralishi, oiladagi nosog‘lom muhit) kabi holatlarda kuzatiladi. Ushbu holatda bola ichidan xavotirga tushadi. Har kuni u o‘zi o‘rganmagan, notanish guruhga borishini o‘ylab, oldindan tashvishga tushadi.

Maktabgacha yoshdagi davrda bolada kechadigan ruhiy tushkunlik

Bu davrda bolalarda depressiya yig‘loqilik, asossiz qo‘rquv va xavotir, ishtahaning pastligi, jismoniy faollikning kamayishi va sevimli o‘yinlarga nisbatan qiziqishning yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladi. Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda uyquning buzilishi, o‘quv mashg‘ulotlaridagi ko‘rsatgichlarning pasayishi, parishonxotirlik, ruhiy tushkunlik mavjud bo‘ladi. Bola balog‘at yoshida bo‘lsa, birovlar bilan muloqotga kirishishni xushlamaydi. Har bir tanbehga qo‘rslik bilan qo‘pol javob qaytaradi. Darslarga qiziqishi qolmaydi, o‘z kuchiga ishonchi yo‘qolib, kayfiyatining o‘zgarib turishi kuzatiladi. Agar o‘spirin irodasiz bo‘lsa, o‘smirlik davrida tashqi salbiy ta’sirlarga tez tushishi mumkin. Shu sabab ota-onalar va o‘qituvchilar bolalarning ruhiy holatini sinchkovlik bilan kuzatib, sog‘lig‘idan doimo xabardor bo‘lib turishlari kerak. Kichik yoshdagilarda qorin og‘rig‘i, katta yoshdagi bolalarda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, holsizlik holatlari namoyon bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Menga ham pul to‘lanadimi?

Ushbu xastalikning qanday oldini olish mumkin?

Farzandlarimizdagi depressiyaning oldini olish va uni davolash to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy muhitga bog‘liq. Avvalo, bu oilaviy muhit va jamoa (maktabgacha ta’lim muassasalari, sinf xonasi) kabi kichikroq hududlarda yuz berishi mumkin. Eng muhimi, kattalarning bolalarga bo‘lgan mehrli munosabati ijobiy ahamiyat kasb etadi.

Ota-onalar farzandlariga bo‘lgan mehr-u muhabbatlarini ochiq namoyon etishlari, ularning hissiyotlariga qiziqish bildirishlari zarur. Har bir ota-ona farzandlarining istaklarini tabiiy qabul qilishi muhim.

Kattalar bolalarda o‘zlari xohlagan shaxsni ko‘rishlari muhim emas. Asosiysi ular har bir farzandining individual, ya’ni o‘ziga xos fel’-atvorga ega ekanligini tan olishlari va bu holatni hisobga olib, uning tarbiyasiga to‘g‘ri yondoshmoqlari kerak. Bolangiz qanday bo‘lsa, uni o‘shanday o‘zgalarga o‘xshamagan jihatlari bilan seving. Bu farzandingizning ruhiy holatini mustahkamlash uchun eng samarali usuldir. Bolalarni og‘ir va tushkun ruhiy hissiyotlardan chalg‘itish zarur. Har bir bolaning iste’dodini rivojlantirib, uning hayotida faol ishtirok etish kattalardan talab etiladi. Shundagina ularning ko‘zlari quvonchdan porlab, sizga chin dildan minnatdorlik izhor etadi.

Charos XUSHVAQTOVA tarjimasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: