Mobil o‘yinlar yoxud eshik berk bo‘lsa, darchadan hatlayotgan yot g‘oyalar

Telefon apparatimni almashtirdim. Yangi matohning rosa ta’rif-tavsifini keltirishdi. Internet tezligi, ko‘p funksiyaliligidan tortib, ko‘rinishining ko‘rkam va ixchamligigacha maqtab-maqtab, “kerak bo‘lib qolar sizga, ermak-da”, deya allambalo qo‘shimcha ilovalarniyam “tashlab” berishdi. Uyga kelib, bafurja tanisha boshladim.

Mening ham, uydagilarning ham eng avval e’tiborimizni tortgani mobil o‘yinlar bo‘ldi. Birin-ketin ochib ko‘ra boshladik. Mana birovi: nimqorong‘i mozorot, unda qo‘lini sermab, har tomonga cho‘zib turgan sharpalar – bular arvohlar ekan. Ekranda asosiy qahramon ko‘rinmaydi, uning harsillagan nafasi-yu qo‘rqqandek uzuq-yuluq tovushlarini eshitasiz, xolos. U bechora och arvohlarga chap berib qochishi, ularga o‘zini ushlatmasligi kerak ekan. Aks holda jon achchig‘ida qichqirgan ovoz eshitilib, telefon ekraniga qora-qura dog‘lar yoyila boshlaydi, demak, qahramon, ya’niki telefon egasi bo‘lmish “o‘ldi”. Etni junjiktiradigan hol. Ammo ukam va jiyanlarimning aytishiga qaraganda, “bu hali holvasi” emish, bundan-da dahshatliroqlari bor ekan… Keyingi o‘yinda har tugul “qahramon” aniq-tiniq ko‘rindi, lekin u bechora ham “qurbon”: mashhur amerikacha filmdagi King-Kongga o‘xshagan ulkan maxluq ta’qibida jon holatda chopadi (albatta, siz unga yordam bersangiz), agar bir muddat sekinlashsa, tamom, ortidan quvlayotgan maxluqqa yem bo‘ladi. Yana o‘sha ovoz, qichqiriq.

Navbatdagilari – mashinadagi poygalar. To‘siqlari mo‘l yo‘llar, to‘da-to‘da mashinalar, sizning ulovingiz “g‘izillab”, bir tekisda ketishini, ya’niki o‘yinda yutishni istasangiz, boshqa mashinalarni pachoqlashingiz, urib-turtib bo‘lsa-da olg‘a yurishingiz shart. Bu o‘yinlarning vertolyot va samolyot ishtirokidagisi ham bor ekan. “Qoyil”, deya ilovalarni titkilashda davom etaman. So‘ng birovning tavsiyasi bilan yana birini yuklab, o‘rgana boshladim. Bunisi bir qarashda foydalidek: tarixiy shaxslar, dunyoning mashhur kishilari ruscha qisqa jumlalarda ta’riflanadi va suratlar chiqadi, siz to‘g‘ri suratni aniqlashingiz kerak. “Xayriyat, jillaqursa, bitta foydalirog‘i bor ekan, bahonada tarix borasidagi bilimlarimni mustahkamlab, hozirgi dunyoning sport, san’at, kino yulduzlarini bilib olarkanman”, deya ishtiyoq bilan “ermak”ka kirishdim-u tez orada hafsalam pir bo‘ldi. Negaki, o‘yin ortida turgan yot g‘oyalar o‘zini manaman deb oshkor eta boshladi: sport, san’at olamidagi taniqlilardan qay biri “bir jinsli”lardan ekanligini “aniqlash”dan tortib, vampiru boshqa qonxo‘r personajlar, turli komiks va kompyuter o‘yinlarining bosh qahramonlarini topishimni “so‘ray boshlashdi”. Bundan tashqari, Amerikada mashhur bo‘lgan, bizning mentalitetga butkul yot hisoblangan multseriallardagi aqli zaifligi, irqchi, millatchiligi bilan ajralib turadigan qahramonlar qatorlashib chiqib kela boshladi. Xullas, bugun biz tish-tirnog‘imiz bilan qarshi turganimizga qaramay, eshikni berkitsa, darchadan hatlayotgan olomoncha madaniyat unsurlari mobil o‘yinlarga butunicha singdirib yuborilganini o‘z-o‘zimga isbotladim. Beixtiyor ongimda bir so‘roq bosh ko‘tardi: “Boshqalarga ham bu narsa sezilayaptimikin?”

Rostdan, bu turdagi o‘yinlarni ko‘rib chiqib, shunga amin bo‘ldimki, ularni “vaqt o‘g‘risi” deyish mumkin. Chin-da, na odamning aqliy faoliyatiga, na jismoniy chiniqishiga naf keltirmasa, yana nima deb atash mumkin?

Aytgancha, bu yerda “o‘yin ichidagi o‘yin”lar ham bor: mushugingiz qizaloq bo‘lsa, shunday pardoz qiladiki, ancha-muncha stilist yo‘lda qoladi, kiyimlari-chi, birini yechib, birini kiyadi. Yoshiga yosh qo‘shilgani sari mushukkinaning “imkoniyat”lari kengayib boradi: hali xellouin oshqovog‘ini kiyish, hali emolarning soch turmagini qilishga “yuqoridan” ruxsat oladi… Bu endi olomoncha madaniyatning beti qattiqligi, ta’siri shunday nozik ko‘rinishga joylab, yo‘llanayotganidan boshqa narsa emas. Xo‘sh, buning ta’sirini kamaytirish, shu xildagi xurujlarga qarshi tura oladigan qat’iy choralarni o‘ylab topish mumkinmi?

Yana o‘qing:  Ravshan Ermatov o‘z rekordini yangilaydi

– Bu kabi o‘yinlarni, kompyuter va mobil ermaklarni ishlab chiqarayotgan va shuning izidan millionlab daromad qilayotganlarning aksariyati faqat daromad keladigan tarafni o‘ylaydi, – deydi pedogogika fanlari doktori Sanjar Choriyev. – Qolaversa, ular “iste’mol bozori” deb ataladigan ijtimoiy qatlam ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ish ko‘radi. Demak, shunday o‘yinlarga hozirda ehtiyoj bor. Ular zamiridagi ma’naviy hujumni qaytarishning yo‘li esa, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlagani kabi “g‘oyaga qarshi g‘oya” bilan ish tutish. Ya’ni bizdagi kompyuter dasturchilari bulardan-da qiziqroq, mentalitetimizga mos va xos, shu bilan birga, aqliy faoliyatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘yinlarni yaratishlari lozim, deb o‘ylayman.

Ungacha-chi? Unga qadar ota-onalar, o‘qituvchilar o‘ta hushyor bo‘lishlari kerakdir ehtimol? Chunki katta avlod vakillari sifatida sizu biz buning ta’sirini yaqqolroq sezamiz. Bolalarga tushuntirish, o‘yinlar tagidagi asl ma’noni anglatishdan to‘xtamaslik orqaligina yot g‘oyalarning yosh avlod ongiga singishiga yo‘l qo‘ymaslik mumkin…

Xurshida ABDULLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: