Tibbiy ta’lim: sohadagi islohotlar – taraqqiyot mezonidir
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Tibbiy ta’limdagi islohotlar – mamlakatimiz tibbiyot sohasining taraqqiyot mezonlaridan biri” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari B.Yusupaliyev va boshqalar mamlakatimizda tibbiyot xodimlarini tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tibbiy ta’limni isloh qilish va uni dunyo standartlari darajasiga yetkazish bo‘yicha bergan topshirig‘i yuzasidan olib borilgan ishlar, tizimda kutilayotgan o‘zgarishlar va ularning natijalari xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Prezidentimizning shu yil 5 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tabirlari to‘g‘risida»gi qarori ushbu yo‘nalishda muhim burilish yasab bergani qayd etildi.
Tahlillar oliy tibbiy ta’lim muassasalarida bakalavriat bosqichining 7 yil davom etishi zamon talablariga to‘g‘ri kelmasligi bilan birga, ushbu ta’lim uchun asoslanmagan holda ortiqcha moliyaviy mablag‘larni ham talab etayotganini ko‘rsatmoqda.
Yuqoridagi qarorga asosan, 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab o‘qish muddati davolash ishi, kasb ta’limi, harbiy-tibbiyot ishi, pediatriya ishi yo‘nalishida 6 yil, tibbiy profilaktika ishi yo‘nalishida esa 5 yil, tibbiy-biologik ish yo‘nalishida 4 yil etib belgilandi.
Mamlakatimizda 7 ta oliy tibbiy ta’lim muassasasi hamda ularning hududiy filiallarida har yili 2 mingdan ortiq yosh mutaxassis tayyorlanmokda. Ammo joylarga chiqib mavjud holat o‘rganilganda, sog‘liqni saqlash sohasining birlamchi tizimida kadrlar ta’minotida nomutanosiblik borligi ma’lum bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan Prezidentimizning joriy yil 5 maydagi «2017-2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi qarori kadrlar ta’minotini yaxshilashda muhim hujjat bo‘ldi. Unga muvofiq, 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot kadrlariga talab yuqori bo‘lgan hududlar uchun birinchi marta davlat granti asosida bakalavriat yo‘nalishiga qabul amalga oshirildi.
Tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun mavjud 3 ming 445 o‘ringa 44 ming 409 abituriyent hujjat topshirgani joriy o‘quv yili uchun qabul har yilgidan-da qizg‘in kechganidan dalolat beradi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilayotgan tibbiy ta’limni kompleks rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar yuqori malakali kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etishga, ta’lim muassasalari kadrlari salohiyatini oshirishga va davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishiga xizmat qiladi.
Tadbirda mutaxassislar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
N.NORBOBOYEV