UzMedEXPO – 2017: takomillashayotgan tibbiyot
“O‘zekspomarkaz”da “UzMedExpo – 2017” X xalqaro ixtisoslashgan tibbiyot ko‘rgazmasi ish boshladi. Tadbirda Italiya, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Chexiya, Koreya Respublikasi, Ukraina, Shveysariya va O‘zbekiston kabi davlatlarning 50 dan ziyod kompaniya va firmalari o‘z mahsulot va xizmat turlari bilan ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yetuk va malakali kadrlarni ko‘paytirish borasida qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, sohaga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish muhim o‘rin tutadi.
Aytish kerakki, ushbu ko‘rgazma sabab dunyoning ko‘plab olimlari va soha mutaxassislari, tibbiy muassasalar va amaliyotchi shifokorlar tajriba almashish imkoniga ega bo‘lmoqda. Mazkur tadbir ishtirokchilarga qisqa muddatda hamkorlar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish imkonini beradi.
“UzMedExpo – 2017” ko‘rgazmasida tibbiy va farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqaradigan mashhur xalqaro va mahalliy ishlab chiqaruvchilar faol ishtirok etmoqda. Ta’kidlash joiz, mazkur ko‘rgazma tibbiyot sohasida mamlakatimizdagi katta muloqot maydonlaridan biriga aylandi. Unda sog‘liqni saqlash tizimidagi eng so‘nggi yutuqlar bilan tanishish, yangi tibbiy istiqbolni belgilash, shuningdek, kishilar sog‘lig‘ini yaxshilashga qaratilgan axborotlar bilan almashish imkoni yaratildi.
Ko‘rgazma ishtirokchilariga tibbiy laboratoriya, diagnostika, reabilitatsiya qilish uskunalari va texnikalari, dori-darmon vositalari, sarflanadigan materiallar, jarrohlik asbob-uskunalari, tibbiy mebellar, tibbiy xizmatlar, davolash-sog‘lomlashtirish va tibbiy turizm yo‘nalishidagi yirik ishlab chiqaruvchilar va yetkazuvchilar tanishtirildi. Eksponantlar soni ko‘payishi, shuningdek, Hindiston va Koreya Respublikasi ekspozitsiyalarining namoyish qilinishi joriy yildagi ko‘rgazmaning o‘ziga xos jihatlaridan biri bo‘ldi. Aytish kerakki, ushbu mamlakatlar tarkibida 20 ga yaqin yetakchi kompaniya o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Umuman, chet el ekspozitsiyalari ko‘rgazmada umumiy ishtirokchilarining 30 foizini tashkil etadi. Kompaniyalarning 62 foizi doimiy ishtirokchilar, 38 foizi esa ilk ishtirokchilar hisoblanadi.
Ushbu xorijiy ishtirokchilardan Koreya Respublikasi ekspozitsiyalari tarkibi yanada kengroq. U stomatologik uskunalar va materiallarni ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi “Biomaterials Korea”, tashxis qo‘yish uchun zarur reagentlar va mahsulotlar ishlab chiquvchi “Boditech med” kabi kompaniyalar mahsulotlarini namoyish etmoqda.
– Bizning kompaniya mamlakatimizda tibbiy turizm va O‘zbekistonda mahalliy shifoxonalar bunyod etilishida yangi texnologiyalar bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan, – deydi “LKSH INC” kompaniyasi mutaxassisi Joung En Sil. – shifoxonalar uchun otorinolaringologiya (ENT) uchun tibbiy uskuna, laboratoriya va biotibbiy uskunalarni, ayniqsa, stomatologik uskunalar va materiallarni, tishlarni davolash va protezlashning eng yangi texnologiyalarini namoyish etmoqdamiz.
Yurtimizda tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirish va ishlab chiqarish dasturiga muvofiq 2019 yilgacha import dori-darmon vositalarini qisqartirish nazarda tutilgan. Mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘i korxonalarining texnologik jihatdan qayta ta’minlashi hamda keng doirali dorilar va innovatsion dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish tashkil qilinishi asosiy ustuvorliklardan biri sifatida belgilandi.
Jahon miqyosidagi yetakchi kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan farmatsevtika dori-darmon vositalari va tibbiy uskunalar bugungi ko‘rgazmada alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘rgazmaning ilk ishtirokchilari orasida “Chortoq mineral water” MCHJ bugungi ishtirokchilarning diqqat e’tiboridadir. Xuddi shu kabi yurtimizda faoliyat olib borayotgan “Zilola medisal” MCHJ, “Osiyo farm” MCHJ, “Optimus industry” MCHJ kabilarning ish faoliyati aks etgan stendlarida tibbiy muassasalar va laboratoriyalar uchun kerakli asbob-uskunalar va sarflanadigan materiallar namoyish etildi.
“UzMedExpo – 2017” ko‘rgazmasiga keluvchilar o‘rtasida yana bir mashhur bo‘lim – “Go‘zallik va sog‘liq” bo‘limidan iborat bo‘lib, bu yerda go‘zallik, estetik tibbiyot va plastik jarrohlik sanoati sohasidagi yetakchi ishlab chiqaruvchi vakillar o‘z ishlari bilan tanishtirishdi.
Navro‘z NORBOBOYEV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri