V Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida 28 ta medal bilan umumjamoa hisobida uchinchimiz
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida V Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning kechagi kungi bahslarida sportchilarimiz 1 ta oltin, 2 ta kumush va 12 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Terma jamoamizga yagona oltin medalni yengil atletikachimiz Nadiya Dusanova taqdim etdi.
Balandlikka sakrash sektorida Dusanova eng yaxshi natija bilan shoxsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Atletchimiz 1.86 natijani qayd etdi va oltin medal sohibiga aylandi. Yana bir hamyurtimiz Safina Sa’dullayeva esa kumush medal bilan taqdirlandi.
An’anaviy kurashda -63kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchimiz Dilafruz Mamajonova finalgacha yetib bordi va finalda mezbonlar vakili Gulnar Xaytbayevaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Yakunda sportchimiz Osiyo o‘yinlarining kumush medali sohibiga aylandi.
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Ashxoboddagi musobaqaning ilk turida BAA bilan bellashdi. O‘yinda katta ustunlikka ega bo‘lgan futzalchilarimiz raqib ustidan 5:1 hisobida g‘alabaga erishdi.
Medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 3 ta oltin, 5 ta kumush, 20 ta bronza jami 28 ta medal bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Turkmaniston terma jamoasi 29 ta oltin, 21 ta kumush, 12 ta bronza jami 62 ta medal jamg‘arib ulgurdi va ular hozircha peshqadam. Eron terma jamoasi 12 ta medal bilan ikkinchi o‘rinni band etgan. Ular hisobida 4 ta oltin, 2 ta kumush, 6 ta bronza medali bor.
N.NORBOBOYEV