Istisqo qanday kasallik?
Odam organizmining 50 foizidan ziyodini suv tashkil etadi. Suvdan tashqari, qon, limfa, me’da shirasi ham suyuqlikdan iborat. Aytib o‘tilgan barcha suyuqliklar organizmning yashashi uchun juda zarur. Ular doimiy ravishda ishlab chiqariladi, organizmdan turli yo‘llar bilan chiqarib yuboriladi va qaytadan ishlab chiqariladi.
Ushbu tabiiy jarayonlar bir zumga bo‘lsa hamki izdan chiqsa organizm normal funksional faoliyatini davom ettira olmay qoladi. Bordiyu, nomi yuqorida tilga olingan suyuqliklarning aylanishi buzilsa nima bo‘lishini, hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Tibbiyotda bunday noxush holat negizida rivojlanishi mumkin bo‘lgan xastalikni «istisqo» deb atashadi.
Ba’zan odam kechasi me’yoridan ortiq darajada pivo, choy va boshqa shu xildagi suyuqlarni iste’mol qilsa, ertalabga borib, uning butun badani shishib ketadi. Bunga sabab organizmda ortiqcha miqdorda suyuqlik yig‘ilib qolishdir. Bir-ikki soat ichida ana shu suyuqlik organizmdan peshob, ter orqali chiqarib yuborilgach barcha shishlar tarqaladi va inson yana avvalgi holatiga qaytadi. Bordiyu, kundalik me’yorda suyuqlik iste’mol qiladigan odamning tanasi, jumladan, oyoqlari, bel va yuz sohasida, xususan, ko‘z ostida shishlar paydo bo‘lsa, teri o‘z rangini yo‘qotsa va biroz vaqt o‘tgach ko‘kimtir rangga kirsa, yaltirab qolsa, badandagi izlar bir necha soat davomida yo‘qolmasdan saqlanib tursa, bu alomatlarning barchasi zudlik bilan shifokorga murojaat etish uchun yetarlicha asos bo‘ladi. Istisqo rivojlanayotganidan darak beruvchi yana bir alomat bu odam badanining yog‘ to‘planadigan sohalari (bel, son)da ma’lum vaqt davomida barmoq bilan bosib turgach paydo bo‘ladigan iz uzoq saqlanib qolishi hisoblanadi.
Istisqoning ikki xili farqlanadi: to‘qimalar orasida va bo‘shliqlarda yig‘iladigan suyuqliklar.
To‘qimalar orasida suyuqlik yig‘ilib qolsa, buyrak, jigar, yurak kabi a’zolarning funksional faoliyatida birorta patologik jarayonlar rivojlanayotganidan darak beradi. Kamdan kam hollarda istisqo gormonal (jumladan, estrogenlar va qon tomirlarini kengaytiruvchi) preparatlarni qabul qilishning nojo‘ya ta’siri sifatida paydo bo‘lishi mumkin. To‘qimalar orasida rivojlanadigan istisqo surunkali tus olishi va keyinchalik bu xususiyat nasldan naslga o‘tishi mumkin. Istisqo kasalligiga chalingan odamning tanasida 3 litrdan ortiq miqdorda suv yig‘ilib qoladigan bo‘lsa, odamning bemorligi yaqqol ko‘zga tashlana boshlaydi.
Bo‘shliqlar, aniqroq qilib aytganda, zararlangan a’zo joylashgan sohada suv (suyuqlik) yig‘ilib qolishi tufayli rivojlanuvchi istisqo ko‘pincha shamollash va keyinchalik yallig‘lanish tufayli paydo bo‘ladi. Ayrim vaqtlarda istisqo shikastlanish (jarohat olish) oqibati bo‘ladi. Masalan, assit – qorin bo‘shlig‘idagi istisqo jigar sirrozi tufayli rivojlanadi; gidrotsele — moyaklarning shikastlanishi, odatda orxit (yallig‘lanish) yoxud shu sohaga berilgan kuchli zarba ta’sirida rivojlanadi.
Organizmda ortiqcha suv(suyuqlik) yig‘ilishining oqibatlari qanday xavf tug‘dirishi mumkin?
Hujayralar va hujayralararo bo‘shliqlarda ortiqcha suyuqlik yig‘ilishi oqibatida organizmning deyarli barcha a’zolari normal funksional faoliyat yuritolmay qoladi. Bosh miya yoki o‘pkalarda ortiqcha suyuqlik yig‘ilib qolsa oqibatda odam nobud bo‘lishi mumkin. Teri ostida ortiqcha suyuqlik to‘planadigan bo‘lsa, vaqt o‘tib teri yoriladi, uzoq vaqtgacha bitmaydigan yaralar paydo bo‘ladi. Natijada gangrena xastaligiga olib keladi.
Kasallikni davolash
Istisqoni davolashning ikki uslubi mavjud. Birinchidan, katta shprits olinib ortiqcha suyuqlik yig‘ilgan joyda punksiya qilinadi va suyuqlik so‘rib olinadi. Bunday muolaja klinik sharoitlarda 1-2 daqiqa vaqt talab qiladi. Bu uslubning kamchiligi shundaki, so‘rib olingan suyuqlikning o‘rni bir necha oy yoki yildan so‘ng qaytadan yana ortiqcha suyuqlik bilan to‘ladi. Kasallikning barcha alomatlari qaytadan paydo bo‘ladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, istisqoni davolashning bu uslubi har qanday vaziyatlarda ham qo‘llanilishi mumkin emas. Bu usuldan faqatgina ayrim hollarda, masalan, moyaklar sohasida to‘planib qolgan ortiqcha suyuqlikni olib tashlash uchun foydalansa bo‘ladi.
Ikkinchi usuldan foydalanilganda, avvalo, kasallikni keltirib chiqargan sharoitlar, sabablar o‘rganiladi. Buning uchun buyrak, jigar va siydik pufagi sohalari ultra tovush tibbiy uskunasi (UTT) yordamida skaner qilinadi. Shundan keyin elektrokardiogramma (EKG), ba’zi vaqtlarda elektroensefalogramma (EEG) qilinadi, qondagi qand, gormonlar miqdorini aniqlash uchun qon topshiriladi. Bundan tashqari, biokimyoviy tahlillar yordamida bemorning organizmida moddalar almashinuvi jarayonlari qanday kechayotganini aniqlash uchun maxsus testlar o‘tkaziladi. Barcha muolajalar bilan bir vaqtda tanadagi ortiqcha suyuqlikni olib tashlash choralari ko‘riladi. Ayrim holatlarda, ayniqsa, bo‘shliqlarda to‘planadigan suyuqliklar mavjudligi aniqlansa, jarrohlik yo‘li bilan tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Qanday parhez tutish kerak?
Shifokor tana bo‘shliqlarida ortiqcha suyuqlik to‘planganini aniqlasa, ya’ni «istisqo» degan tashxis qo‘ysa, bemor alkogolli ichimliklarni, tuzlamalarni, dudlab tayyorlangan mahsulotlarni, achchiq va ba’zi bir ziravorlarni iste’mol qilishdan o‘zini tiyishi zarur.
Yog‘da qovurilgan va juda yog‘li ovqatlarni, shuningdek, uzoq qaynatilgan sho‘rvalar, sut, kofe va choyni imkon qadar kam miqdorda iste’mol qilish tavsiya etiladi. Qatiq, yog‘siz pishloq, yogurt kabi mahsulotlar aksincha foydali. Chanqoqni qovoq sharbati bilan bosgan ma’qul.
Bo‘shliqlar sohasidagi istisqoni qanday davolash mumkin?
– 1 kg petrushkani sirli kastryulkaga soling va 1.5 litr yangi sog‘ilgan sut qo‘shing. Shu tariqa tayyorlangan mahsulotni idishi bilan duxovkaga qo‘yib past olovda qizdiring. Suyuqlik qattiq qaynab ketishi mumkin emas. Idishdagi suyuqlikning yarmi qolganida olovni o‘chiring. Hosil bo‘lgan suyuqlikni dokada suzib oling va har soatda 1-2 osh qoshig‘ida iste’mol qiling. Tayyorlangan dori vositasini kun davomida ichib tugatish kerak. Bu juda ham kuchli peshob haydovchi vosita bo‘lgani bois uni 10-12 yoshga to‘lmagan yosh bolalarga berish tavsiya etilmaydi.
Yurak shishganida davolanish
– 4 choy qoshiq zig‘ir urug‘ini olib, ustiga 1 litr suv quying va 15 daqiqa davomida qaynating. Idishni olovdan olib tabiiy tolali biron mato bilan o‘rab 1 soatgacha tindirib qo‘ying. Bu dori vositasini dokadan suzib o‘tirishning hojati yo‘q. Damlamani sovutmasdan 1/2 dan har ikki soatda 6-8 marotaba ichish kerak. Davolanish kursining davomiyligi 2-3 hafta.
– 1 choy qoshiq miqdorida bo‘tako‘z gulini olib ustidan 1 stakan qaynoq suv quying va 20 daqiqa davomida tindirib qo‘ying. Shundan keyin dokada suzib oling. 1/3 — 1/2 stakandan ovqatdan yarim soat oldin kuniga 3 marotabadan iching.
Buyraklar shishsa qanday davolanish kerak?
– Sholg‘omni archib po‘stlog‘ini biror idishga soling. Uning ustiga 3 stakan qaynoq suv quying, idish og‘zini yaxshilab yoping va duxovkaga qo‘ying. Suv qaynab ketmasligi lozim. Shu tariqa damlama 4 soat turishi zarur. Keyin damlamani dokadan suzib olish va kun davomida 1 stakandan ichish kerak.
– Qirqbo‘g‘in va oq qayinning kurtaklaridan teng miqdorda olib yaxshilab aralashtiring. Hosil bo‘lgan aralashmadan 1 osh qoshiq olib termosga soling. Uning ustiga 1 stakan qaynoq suv solib 20-25 daqiqa davomida damlang yoki 15 daqiqa davomida aralashma solingan idishni suvga solib, qaynatib oling. Damlamani sovutib, dokadan suzib oling. Suyuqlik juda kam qolgan bo‘lsa, ustiga qaynoq suv qo‘shib 1 stakangacha yetkazing. Damlamani kun mobaynida 3-4 marotaba 1/2 stakandan iste’mol qiling.
Halima RUSTAMOVA tayyorladi