Shakarqamish tarkibida stressni yenguvchi birikma bor
Shakarqamish tarkibida stress darajasini pasaytiruvchi va tiniqib uxlashga yordam beruvchi noyob birikma mavjud, deb yozadi Zee News nashri. Olimlar zamonaviy uyqu vositalari stressga qarshi kurashmasligini va qo‘shimcha ta’sirga egaligini aytishmoqda.
Uyqusizlik yurak-qon tomir kasalliklari, depressiya, bezovtalik, semirish kabi muammolar bilan ham bog‘liq. Shakarqamish tarkibidagi oktakozanol birikmasi stressni yo‘qotadi va uyquni tiklaydi. Bu birikmani guruch kepagi va asalari mumi tarkibidan ham topish mumkin.
Tozalanmagan shakarqamish ekstraktidagi polikozanol va oktakozanol birikmalaridan tibbiyotda foydalaniladi. O‘tkazilgan tadqiqotda oktakozanol o‘rtacha stress holatida bo‘lgan sichqonlarga berib ko‘rildi.
Bu birikma qon plazmasidagi stressga sabab bo‘luvchi kortikosteron moddasini kamaytirishi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, tanasiga oktakozanol birikmasi kiritilgan sichqonlar qattiq uxladi. Muhimi, birikmaning qo‘shimcha ta’sirlari yo‘q bo‘lib, odamlar uchun to‘liq mos keladi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.