Dunyoda tengsiz o‘zbek bolalari
Maktab – muqaddas maskan. Kelajak hayot pillapoyasidagi ilk qadam ham aynan shu dargohdan boshlanadi, aslida. Biz u yerda savod chiqaramiz, tarbiyalanamiz, bilim olamiz. Bir so‘z bilan aytganda, maktab voyaga yetayotgan avlod tafakkurini shakllantiruvchi saboqxonadir.
Respublikamizda faoliyat olib borayotgan ko‘plab o‘quv muassasalari o‘quvchilari respublika va xalqaro fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, yurtimiz dovrug‘ini ko‘klarga ko‘tarishmoqda. Ana shunday dargohlardan biri Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umum ta’lim internatidir. Dastlab muassasa 2010 yilning yanvar oyida 52-sonli ixtisoslashgan maktab sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. 2014 yil 2 sentyabrdan esa 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati sifatida o‘z faoliyatini davom ettira boshladi. Tashkil etilganiga hali ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsada, ushbu dargohda ta’lim olgan o‘quvchilarning qo‘lga kiritgan natijalari salmoqlidir.
– Muassasamiz o‘quvchilari bilimlar bellashuvi, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida munosib tarzda ishtirok etib kelmoqda. O‘quvchilarimiz nafaqat aniq fanlar sohasida balki, kimyo, biologiya, adabiyot, sport sohasida ham bir qancha yutuqlarni qo‘lga kiritishmoqda. Ularning 4 nafari o‘z kitoblarini chop etishga ham ulgurishgan, – deydi muassasa direktori Temir Ro‘ziyev.
Qo‘lga kiritilgan xalqaro yutuqlarning ilk debochasi 2015 yilda boshlangan. Unda muassasada ta’lim olayotgan Abbos Sayliyev Xitoy Xalq respublikasida matematika fanidan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro matematika tanlovida kumush medalni, undan so‘ng poytaxtimizda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Lomonosov nomidagi fan tanlovida Og‘abek Haydarov matematika bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritadi. Yutuqlar 2016 yilda ham davom etdi. Tailand Qirolligida bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha xalqaro olimpiadada Shahboz Hasanov bronza medaliga sazavor bo‘ldi.
– 2017 yil biz uchun haqiqiy muvaffaqiyatlar yili bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman. Joriy yilning 27 mayida Toshkent shahar, barcha viloyatlar va Qoraqolpog‘iston Respublikasi o‘rtasida Hindistonda o‘tkaziladigan xalqaro matematika musobaqasi uchun O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari saralab olindi. Quvonarlisi, tanlangan jamoa a’zolarining barchasi bizning muassasamiz o‘quvchilari edi. 25-31 iyul kunlari o‘tkazilgan musobaqada 7-sinf o‘quvchilari – Doniyor Islomov va Sevaraxon Ostonova yakka tartibdagi bahslarda o‘z bilim va iqtidorini namoyish etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. 7-sinf o‘quvchisi Olimjon Olimov hamda 8-sinf o‘quvchisi Ismoil Po‘latov yakkalik bahslarida kumush medalga sazavor bo‘ldi. Ular o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlab, Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligiga munosib sovg‘a qilishdi.
– Kelajakda yetuk matematik bo‘lishni orzu qilaman, – deydi Doniyor Islomov. – Ushbu natijalarga erishishimizda mamlakatimiz tomonidan biz yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, ustozlarim, ota-onam g‘amxo‘rligi katta kuch bag‘ishladi. Bularning barchasi uchun ularga rahmat.
Muassasada qo‘lga kiritilayotgan davomli yutuqlarning siri nimada ekanligi bilan qiziqqanimizda, maktab direktori tabassum bilan – buning siri oddiy, bizning muassasada o‘qituvchilar saralab ishga qabul qilinadi. Maktab rahbariyati ularning har qanday, hattoki, shaxsiy muammolari bo‘lsada hal qilishga qo‘ldan kelgancha harakat qiladi. Sababi esa o‘qituvchi bilan bog‘liq muammolar uning dars berish jarayoniga umuman ta’sir etishi kerak emas. Bizda bu masalaga o‘ta jiddiy qaraladi. O‘quvchilarga bilim berishda ota-onalar bilan hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganmiz. O‘quvchilar, ularning yutuqlari va muammolari bo‘yicha 2 oyda bir marotaba ota-onalar majlisi o‘tkaziladi. Majlisda esa barcha ota-onalarning qatnashishi shart etib belgilangan. Bundan tashqari har haftaning payshanbasi “Muloqot kuni” tashkil etiladi. Unda o‘quvchi va o‘qituvchilardan tortib muassasada faoliyat olib borayotgan har qanday xodim ishtirok etadi hamda unda haftalik yutuq, kamchilik va muammolar muhokama qilinadi.
Muassasasada matematika-fizika hamda matematika-ingliz tili yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, bu fanlardan o‘quvchilarga chuqurlashtirilgan tarzda ta’lim beriladi. Maktabga 5-sinfdan, yil davomida 30 nafar o‘quvchi test topshirish yo‘li orqali qabul qilinadi. Joriy yilda 500 nafar o‘quvchi mazkur dargohda o‘qish istagini bildirgan bo‘lib, ularning eng bilimli 30 nafari tanlab olingan.
Maktab faoliyati, unda ta’lim jarayoniga qo‘yilgan talablar bilan tanishar ekanmiz, o‘quvchilar bejiz yutuqlarni qo‘lga kiritmayotganining yana bir guvohi bo‘ldik. Axir, har qanday ta’lim va tarbiyada eng asosiy ziyo tajribali va bilimdon muallim, uning tafakkur dunyosi hisoblanadi. Zero, o‘qituvchining butun faxri o‘quvchilarida, o‘zi sochgan urug‘larining o‘sishidadir.
Xurshida HUSENOVA