Baxmaldagi yashil kengliklar

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazish maqsadida o‘quv dargohimizda tashkil etilgan «Yosh sayyohlar» to‘garagi a’zolari bilan qo‘shni Baxmal tumani tog‘lari, ziyoratgoh joylariga sayohat uyushtirishni maqsad qilgan edik. Sayohat oldidan o‘quvchilar bilan oziq-ovqat va zarur anjomlarni safar xaltalarga joylashtirib qo‘ydik.

Baxmal tumanini tog‘larsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Hududdagi Turkiston va Morguzar tizma tog‘larini bog‘lab turadigan nihoyatda go‘zal va orombaxsh maskan Novqaning tabiati boy va xilma-xil, o‘ziga xos o‘simlik dunyosiga ega. Ko‘p asrlik archa va chinor daraxtlari umrboqiylik ramzi hisoblanadi. Shoxlarini zo‘rg‘a ko‘tarib turgan olma, bodom, pista kabi mevali daraxtlar kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. Bu maskanda birgina olmaning 20 ga yaqin navi parvarish qilinadi. Tog‘larida kiyiko‘t, yalpiz, na’matak kabi dorivor giyohlari mo‘l-ko‘l. Shuning uchun ham Baxmalni qadimdan “Tabiblar yurti” deb bejiz aytishmagan.

Biz safar davomida Qontomdi darasi, tik va osmono‘par qoyalarga boqib, uning ulug‘vorligiga mahliyo bo‘ldik. Yuqoridan Teraklisoy daryosining shovullashi, anhor va jilg‘alardan muzdek suvning shildirab oqishini eshitib, beixtiyor charchoqni unutganday his etdik. Tevarak-atrof go‘zalligini his etish uchun esa hech bo‘lmaganda buloqlarini tomosha qilsangiz kifoya.

Yoz – o‘sish, ko‘payish mavsumi. Bu vaqtda yaylovdagi o‘t-o‘lanlar rang-barang tusga kiradi. Turfa gulzorlarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Ular xuddi rassom chizgan suratdek kishini o‘ziga rom etadi. Pastlab suzayotgan bulutlar bo‘linib zangori osmon ko‘zga tashlanadi. Mayin esib turgan salqin tog‘ shamoli esa ruhiyatimizga xushnudlik bag‘ishlaydi.

Kunning ikkinchi yarmida Novqaning sharqiy qismida joylashgan O‘smat ota maqbarasi, Mo‘g‘ol xonaqasi hamda bir qancha masjid va ziyoratgohlarda bo‘ldik. Inshootlar bu yerning landshaftiga uzukka ko‘z qo‘ygandek mos tushgan.

Ha, inson hayoti tabiat bilan uzviy bog‘liq. Uni asrab-avaylash, bebaholigini his etish barchamizning burchimizdir.

G. ISHBEKOVA,

Jizzax shahridagi 1-umumta’lim maktab O‘qituvchisi

Yana o‘qing:  Plastikni yo‘q qiluvchi bakteriya topildi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: