Milliy o‘yinlar – tarbiya vositasi

O‘zbek xalq milliy o‘yinlari o‘zining uzoq o‘tmishi, boy tarixiga ega bo‘lgan, ajdodlardan avlodlarga meros sifatida o‘tib kelayotgan, ma’naviy boyligimiz, qadriyatlarimizdan sanaladi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab, milliy qadriyatlarimiz, an’ana-yu udumlarimiz, shu jumladan, xalq o‘yinlarini qayta tiklashga katta e’tibor qaratildi.

Bugun yurtimizda yoshlarni sportga, milliy xalq o‘yinlariga keng jalb qilish sog‘­lom avlodni voyaga yetkazishning muhim omili sifatida qaralmoqda. Darhaqiqat, sog‘­lom avlodni shakllantirishda milliy xalq o‘yinlari muhim ahamiyatga ega.

Barchamizga ma’lumki, butun yer yuzida har bir xalq millat sifatida shakllanibdiki, ular o‘zining milliyligiga egadir, shu qatorda o‘zbek xalqining milliy urf-odatlari, an’analari, qadriyatlari va shu bilan birgalikda milliy o‘yinlari shakl­lanib bordi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, ajdodlarimiz nima sababdan o‘yinlar o‘ynashgan, «O‘yin» o‘zi nima?

O‘yinlar – xalqning tabiiy va tarixiy ehtiyoji sifatida shakllangan, ya’ni har bir shaxs o‘yinga nisbatan o‘zida yaxshi ehtiyoj sezgan. Shu boisdan insonlar o‘z mashg‘ulotlaridan, mehnatidan, yashash sharoitidan hamda ijtimoiy muhitdan kelib chiqqan holda o‘yinlarni yaratishgan. Shuningdek, xalq o‘yinlari ajdodlar turmushi, mehnati, tarbiyasi, yutuqlarini o‘zida aks ettirgan. Ular sog‘lom avlodni shakllantiruvchi tarbiya vositasi va bolalarni ijtimoiy-ruhiy, aqliy rivojlanishiga xizmat qiluvchi muhim omil hisoblangan.

Xalq o‘yinlari inson hayotidagi bo‘shliqni to‘ldiradigan, tanasidagi ortiqcha kuchni sarflashga, yetmaganini esa to‘plashga yordam beruvchi vosita hisoblangan. Bundan tashqari bolalar o‘yinlar orqali hayotga tayyorgarlik ko‘rishgan, turmushdagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishga, ish va kurashda g‘alaba qozonishni o‘rganishgan.

Yuqoridagi izohlardan kelib chiqqan holda milliy o‘yinlarga quyidagicha ta’rif berishimiz mumkin:

Milliy o‘yinlar – bo‘sh vaqtni unumli va maroqli o‘tkazishga qaratilgan, har bir shaxsni aqlan raso va jismonan sog‘lom bo‘lishga undaydigan, ko‘tarinki ruh hamda kayfiyat ulashuvchi, mardlikka, epchillikka, chaqqonlikka qolaversa, ezgulikka chorlovchi tarbiya vositasidir.

Bizgacha yetib kelgan xalq milliy o‘yinlari haqida bir nechta olim-u mutafakkirlarimiz qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirishgan. Xususan, Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining «Devoni lug‘oti-turk» asarida xalq o‘yinlarning 150ga yaqinini tilga olib, ulardan 20 tasiga ta’rif beradi.

Bundan tashqari «Avesto»da ham bir qancha olov o‘yinlari haqida ma’lumot berilgan. Firdavsiyning «Shohnoma», Amir Temurning «Temur tuzuklari», Kaykovusning «Qobusonma» asarlarida ham milliy o‘yinlar haqida ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan.

Yana o‘qing:  Kulgu shifo (2013-21)

Milliy xalq o‘yinlarining sog‘lom avlod tarbiyasidagi ahamiyatini quyidagi tartibda ko‘rib chiqamiz:

– Pedagogik;

– psixologik;

– tarbiyaviy;

– jismoniy va

sog‘lomlashtiruvchi.

Pedagogik ahamiyati – o‘yin har bir shaxsning his-tuyg‘usini, tasavvurini, dunyoqarashini boyitib boradi. Yana ularning kuzatuvchanligini, ziyrakligini, zehnini tahlil qilib, bilimini oshiradi. O‘yinlar orqali yoshlarga madaniyatimiz va urf-odatlarimiz tanishtiriladi.

Psixologik ahamiyati – o‘yinlar shaxsning ruhiyati va kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qiladi.

Tarbiyaviy ahamiyati– yoshlarni irodali, sabr-toqatli, hayot qiyinchiliklarini yengadigan, g‘alaba qozonishga intiladigan, chaqqon, epchil, mard qilib tarbiyalaydi.

Jismoniy va sog‘lomlashtiruvchi ahamiyati – milliy o‘yinlar o‘ynalganda organizm tizimlari va nafas olish, mushak, yurak qon tomirlarga samarali ta’sir qiladi. O‘yinlar ochiq havoda o‘ynalganda qon kislorod bilan to‘yinadi va bu modda almashinuvini kuchaytiradi. Bu esa organizmga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va barcha hujayralar uyg‘onadi. O‘yin o‘ynagan har bir shaxs jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetadi.

Ammo shunday bo‘lishiga qaramay bugungi kunda milliy o‘yinlarimizga bo‘lgan talab anchayin kamaygan. Ayrim yoshlar o‘zlarining bo‘sh vaqtlarini internet kafelarda ma’naviyatimizga zid bo‘lgan kompyuter «o‘yin»larini o‘ynash bilan o‘tkazishmoqda. Shu o‘rinda Prezidentimiz Islom Karimovning so‘zlarini tilga olmasdan ilojimiz yo‘q: «Bu dunyoda tabiatda ham, jamiyatda ham bo‘shliq bo‘lmaydi. Qayerdadir bo‘shliq paydo bo‘ldimi, hech shubhasiz, uni albatta kimdir to‘ldirishga harakat qiladi».

Shunday ekan, bolalarimizning ongida ma’naviy bo‘shliq qoldirmasdan, ularni ham ma’nan ham jismonan barkamol qilib voyaga yetkazishimiz lozim.

Vahobjon O‘razmatov,

O‘zbekiston Davlat Madaniyat va san’at instituti talabasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: