Ixtisoslashtirilgan maktablar: ushbu ta’lim maskanlariga o‘quvchilar qanday tanlab olinadi?

Har bir ota-ona farzandini kelajakda yetuk shaxs bo‘lib kamolga yetishini istaydi. Kimdir ularni sportga, kimdir san’atga, yana kimdir esa bolaligidanoq kasb-hunarga yo‘naltiradi.

Quvonarlisi, ota-onalarning bu kabi orzularini ro‘yobga chiqarish uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar mavjud. Jumladan, farzandlarimizning ma’lum bir fan bo‘yicha chuqur bilim egallashlari uchun mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilingan. Ushbu ta’lim dargohlariga qabul qilingan o‘quvchilar 9 yoki 11 yil davomida ayrim fanlar bo‘yicha chuqur bilim oladilar.

Ushbu maktablarda o‘quvchi 1-sinfga qabul qilingan kundan ixtisoslashgan sinflarda tahsil olmaydi. Ular har yili 5-20 avgust kunlari muassasadagi qabul komissiyasi o‘tkazadigan fanlardan yozma va og‘zaki sinovlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining hududiy organlari tomonidan o‘tkaziladigan psixologik-pedagogik tashxisi natijalaridan so‘nggina 2-sinfni ixtisoslashgan sinflarda davom ettiradilar.

– Bugungi kun bolasi har tomonlama bilimli, shu bilan birga, aqlan raso bo‘lishi lozim, – deydi 59-DIUM boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Malika Najmiddinova. – Shu tufayli o‘quvchilarimiz imtihonda psixologik test sinovlaridan o‘tishadi. Bunda o‘quvchining ziyrakligi, did-farosati, mantiqiy fikrlash qobiliyati tekshiriladi. Bundan tashqari ular o‘quv yili davomida o‘qigan ertaklari, yod olgan she’rlari hamda yozgan diktantlari asosida imtihon qilinadi. Ifodali hamda o‘qish tezligiga, husnixati hamda bexato yozuviga qarab o‘quvchining bilimi baholanadi.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining 5-sinfiga o‘tish uchun ham bir nechta imtihon o‘tkazilib, unda o‘quvchilar Davlat test markazining tegishli fanlar bo‘yicha o‘tkazadigan test sinovlari hamda Xalq ta’limi vazirligining hududiy organlari tomonidan o‘tkaziladigan psixologik-pedagogik tashxis natijalari asosida tanlab olinadi. Test va psixologik-pedagogik tashxis sinovlarining har biridan 70 foizdan kam bo‘lmagan natija ko‘rsatgan o‘quvchilar ballar reytingi bo‘yicha belgilangan kvotaga muvofiq qabul qilinadi.

Bundan tashqari oddiy umumta’lim maktablarida o‘qiyotgan o‘quvchilar ham ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablarida o‘qish imkoniga ega. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 7 avgustdagi “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga 2-sinfdan, ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internatiga 5-sinfdan o‘quvchilar qabul qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra o‘quvchilarning hujjatlari 2-sinflarga 1-31 iyul, 5-sinflarga esa 1-20 iyul kunlari qabul qilinadi. Bundan tashqari amaldagi me’yoriy hujjatlarga muvofiq, o‘quv yili tugaganda o‘quvchi soni 30 nafardan kamaygan sinflardagi bo‘sh o‘rinlar uchun qo‘shimcha tanlov e’lon qilinadi va aynan 2 yoki 5-sinflardan tashqari sinf o‘quvchilari ham tegishli sinovlar asosida ixtisoslashgan maktablarga qabul qilinishi mumkin. Bunda tanlov o‘quvchining bitirgan sinf hajmidagi o‘quv fanlaridan kelib chiqqan holda tashkil etiladi.

Yana o‘qing:  OLIMPIADAGA YANA YeTTITA YO’LLANMA

Imtihon jarayonida hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish va tegishli fanlardan og‘zaki va yozma sinovlar o‘tkazish hamda ota-onalarning murojaatlarini ko‘rib chiqish komissiyasi tuziladi. Komissiya tarkibiga ixtisoslashtirilgan maktab direktori, XTMFMTTE bo‘limi vakili hamda ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchilari kiritiladi.

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: