Tezkorlik va aniqlik yosh jurnalist uchun davr talabi
Jurnalist yoritmoqchi bo‘lgan mavzuning o‘ziga xos tomonini va mohiyatini chuqur o‘rganish uchun, avvalo, mustaqil bo‘lishi kerak. Keng ommaning diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb eta oladigan katta-yu kichik material tayyorlashda doimiy qoliplardan qochish, globallashuv davrida yanada shijoat va qat’iyat bilan faoliyat ko‘rsatish ommaviy axborot vositalarini o‘zini namoyon etishda alohida o‘rin tutadi.
Hech shubha yo‘qki, bugungi kunda yosh jurnalist oldiga qo‘yilayotgan mazkur mas’uliyatli vazifalarni bajarishda o‘z salohiyatini namoyon etib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nom olgan joriy yilda yurtimizda olamshumul yangilanishlar yuz ochayapti. Ayniqsa, xalqimiz turmush farovonligini oshirish, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga qaratilgan Farmon va qarorlar hamda ularning izchil ijrosi tufayli ko‘zga tashlanayotgan natijalar barchamizni quvontiradi. Shu bilan birga, yurt taraqqiyoti yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan muammolar ham yo‘q emas. Ularni bartaraf etishda el-yurt, mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni bilan maslahatlashib ishlash qanchalik muhim bo‘lsa, ushbu jarayonni ommaviy axborot vositalari orqali yoritish va tahlil qilish ham shunchalik dolzarb ahamiyatga ega. Shu ma’noda, bugun soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor qalam ahlini izlanish hamda ma’naviy jasorat ko‘rsatishga undaydi.
“…Kundalik hayotimizning ajralmas qismi bo‘lgan ommaviy axborot vositalari haqida so‘z yuritganda, biz, avvalo, doimo yangilik izlab, yangilikka intilib, hayotning qaynoq nuqtalariga kirib boradigan, xolislik va haqqoniylik, Vatan va xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan olijanob va mas’uliyatli kasb egalarini tasavvur qilamiz”, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrigida keltirilgan bu so‘zlar ayni paytda soha xodimlari o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyat va vazifa nimalardan iborat ekanligini yana bir bor yaqqol namoyon qildi.
Kuni kecha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida mehnat qilayotgan yosh jurnalistlarning soha istiqboli bilan bog‘liq fikrlarini o‘rganish, ularning takliflarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari, gazetalar bosh muharrirlari, yosh jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotgani, bu o‘z navbatida, soha xodimlaridan yanada mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilishni talab etayotgani alohida ta’kidlandi.
– Prezidentimiz matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrigida el-yurtimizning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlarni, byurokratizm, loqaydlik, ta’magirlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchilik fikrini shakllantirishni o‘z kasbi, o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan jurnalistlarni men haqiqiy jurnalist deb hisoblayman, deya ta’kidladi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov.
Tadbirda aytilganidek, ayni paytda ommaviy axborot vositalarida mehnat qilayotgan yosh jurnalistlarning mahoratiga bo‘lgan talab kundan-kun ortib bormoqda. Xo‘sh, bunday pallada ularning o‘z minbariga ega bo‘ldimi? Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan tezkor zamonda yosh jurnalistlarning davr bilan hamnafas yashayaptimi? Bu borada ustoz-shogirid ananalari, ularning tajribasidan nimalarni o‘rganish kerak? Davra suhbatida ana shunday savollar o‘rtaga tashlanib, mavzu yuzasidan mulohaza va mushohadalar bildirildi.
Bolaligimdan jurnalist bo‘lishni orzu qilardim. Tengdoshlarim televizorda multfilm tomosha qilishni yoqtirishsa, menga esa jurnalistlarning ravon nutqini tinglash o‘zgacha zavq bag‘ishlar edi, – deydi “Tong yulduzi” gazetasi muxbiri Sayyora Qodirova. – Bugungi jurnalist birinchi navbatda axborot texnologiyalaridan samarali foydalana olishi lozim va, albatta, yosh jurnalistga bo‘lgan birinchi talab esa tezkorlik va aniqlik, deb bilaman.
Ijod ahli uchun rag‘bat muhim jihat hisoblanadi. Albatta, bu borada ommaviy axborot vositalari xodimlarining kasb malakasi, ijodiy mahoratini oshirish, ularning jahon jurnalistikasi ilg‘or yutuqlarini puxta o‘zlashtirishlarini ta’minlashda jurnalistlarni rag‘batlantirishning roli beqiyos.
Ayni paytda yurtimizda yosh jurnalist ijodkorlarni har tomonlama rag‘batlantirish masalasiga katta e’tibor berilayotir. Buni o‘tkazilayotgan turli ko‘rik-tanlovlar, xususan “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug‘ va eng aziz”, “Jamiyat va men”, “E’tirof” singari ko‘rik-tanlovlarning nufuzi yil sayin oshib, ishtirokchilar safi tobora kengayib borayotganidan ham bilish mumkin.
Navro‘z NORBOBOYEV