Qiziriqda nega istirohat bog‘i yo‘q?
Yaqinda Qiziriq tumaniga borib, ajoyib yangilik eshitdik. Dehqonlarning omadi chopib, mamlakatimizda birinchi bo‘lib g‘alla bo‘yicha davlat shartnoma rejasini bajarishibdi. Qoyil, ofarin, deya tabrikladik.
Ammo shu o‘rinda bir narsa ta’bimizni xira qilib, qo‘lga qalam olishga undadi. Sababi, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida chiroy ochayotgan tumanda mehnatda toblangan qiziriqliklar va ularning farzandlari maza qilib hordiq chiqarishi uchun madaniyat va istirohat bog‘i yo‘q ekan. Buni tuman madaniyat bo‘limi mudiri Erkin Alimardonovdan eshitib, hayron bo‘ldik. Nahotki, O‘zbekiston xalq baxshilari Xushboq Mardonaqulov, Abdunazar Poyonov yetishib chiqqan go‘shada istirohat bog‘i bo‘lmasa?..
Vaholanki, bugungi kunda tumandagi 48 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 161 200 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi.
— Tumanimizda madaniyat va istirohat bog‘i bo‘lmasa-da 6 ta, ya’ni Markaziy, Bandixon, Bo‘ston madaniyat va aholi dam olish markazlari mukammal ta’mirdan chiqarilgan. Ularda zamonaviy klub, musiqiy asbob-anjomlar yetarli. Raqs, ashula, doira, bichish-tikish to‘garaklari faoliyat yuritayapti, — deydi tuman madaniyat bo‘limi mudiri. — Yangihayot, Mehnatobod, Paxtakor madaniyat va aholi dam olish markazlarida ham ishlarni jonlantirayapmiz.
— To‘garaklaringizga qancha kishi qatnaydi?
— Aniq bilmayman.
Tumanda nega madaniyat va istirohat bog‘i yo‘q, degan so‘rovimizga Erkin Alimardonovdan shunday javob eshitdik:
— Aslida bu yumushlar bilan tadbirkorlar shug‘ullanishadi. Tadbirkor mana men bog‘ qilaman, deb otilib chiqmayapti-da. Tuman hokimining 2014 yil 12 fevralda “Sariq” shaharcha fuqarolar yig‘ini “Qishloqqazon” mahallasi hududidan tuman hokimligi ixtiyoridagi 10 gektar ekin yer maydonini “Madaniyat va istirohat bog‘i tashkil etish uchun tanlash to‘g‘risida” qabul qilingan 140-raqamli hamda 2014 yil 16 aprelda “Tumandagi “Sariq” shaharcha fuqarolar yig‘ini “Do‘stlik” mahallasi hududida joylashgan qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 3,5 gektar yer maydonini Madaniyat va istirohat bog‘i tashkil etish uchun ajratish haqida”gi 359-sonli qarorlari qabul qilingan. Lekin, afsuski, qaror qog‘ozlar qatida qolib ketgan.
Ajabo, tuman hokimining qarori qanday qilib mutasaddilarning yodidan ko‘tarilishi mumkin? Nahotki bu holat hech kimni tashvishga solmayapti? Bu haqda so‘raganlarga mutasaddilar Qiziriqni qachongacha “qizartirasanlar” deyishdan nariga o‘tishmayapti.
Joriy yil boshidan tumanda yangi rahbar ish boshladi. G‘alla rejasi respublikada birinchi bo‘lib bajarildi. Umid qilamizki, tuman hokimining ijrosini kutayotgan bu ikki qarori ham ijobiy hal qilinadi…
Rustam DAVLATOV,
“Ishonch” muxbiri