Qonun ijrosi deputatlar e’tiborida
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tumani Kengashidagi deputatlik guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi yuzasidan deputatlik eshituvi o‘tkazildi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar hamda Prezidentimizning jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga oid ko‘rsatmalaridan kelib chiqib tashkil etilgan tadbirda deputatlar, partiya faollari, Kattaqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi va boshqa davlat, jamoat tashkilotlari mas’ul xodimlari qatnashdi.
Kattaqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari S.Abduxoliqov “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Bugungi kunda tumanda istiqomat qilayotgan 252 mingga yaqin aholining 93 mingdan ortig‘i voyaga yetmaganlar, 87 ming nafari 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Yoshlar orasida 801 nafar tadbirkor, 149 fermer samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
2016-2017 o‘quv yilida tumandagi 12 kasb-hunar kollejini 2 ming 870 dan ortiq yosh bitirdi. Ularning 2 ming 500 dan ziyodi ish bilan ta’minlangan. Lekin bitiruvchilar orasida haligacha ishga joylashmagan yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit olmagan yoshlar bor. Uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlash, ular o‘rtasida ma’naviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish borasida ham yechimini kutayotgan muammolar mavjud. Haftaning har payshanbasi o‘tkazilayotgan profilaktika kuni tadbirlarida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgan bo‘lsa-da, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish lozim.
Yig‘ilishda deputatlar voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, tarbiyasi og‘ir bolalar va notinch oilalar bilan ishlashda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Mazkur qonun ijrosi yuzasidan xalq deputatlari Oqdaryo tumani Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi tomonidan ham deputatlik eshituvi tashkil etildi.
G‘olib Hasanov,
O‘zA