SALOMATLIKNI ASRASH SIRLARI

Salomatlik har bir inson uchun bebaho boylik sifatida jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Salomatlik o‘zi nima? Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining ta’rifiga ko‘ra, salomatlik — bu nafaqat kasallik yoki jismoniy nuqsonlarning yo‘qligi, balki to‘liq jismoniy xotirjamlik holatidir. Inson sog‘lig‘i nimalarga bog‘liq? Ushbu nufuzli tashkilot ekspertlarining asosli xulosalariga ko‘ra tibbiy xizmat sog‘liqning atigi 8-10 foizini ta’minlar ekan. Sog‘lig‘imizning 18 foizi irsiy omillarga, 17 foizi atrof-muhitga va 50 foizdan ko‘prog‘i turmush tarzimizga, ya’ni bevosita o‘zimizga bog‘liq ekan. Sog‘lom turmush tarzi deganda nimani tushunamiz? Inson o‘zining va atrofdagilarning sog‘lig‘ini saqlash, mustahkamlash va kasalliklarni oldini olish bilan bog‘liq tadbirlar majmuasi tushuniladi.

Shuningdek, bu tushuncha inson salomatligini yaxshilash va muhofaza qilishga qaratilgan faol harakatdir. Unga oqilona ovqatlanish, jismoniy faollik, unumli mehnat qilish va dam olish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, zararli odatlardan o‘zini tiyish va hakozolar kiradi. Alloma Abu Ali ibn Sino sog‘lom turmush tarzining salomatlikni saqlashdagi o‘rni nihoyatda beqiyos ekanligiga alohida e’tibor bilan qaragan. Sog‘lom turmush tarzi deganda insonga tabiatdan berilgan salomatlikni saqlab qolish, insonning o‘z organizmiga nisbatan g‘amxo‘rlik va e’tibori deb tushungan. Tabobat ilmi sultoni o‘zining besh jildlik “Tib qonunlari” kitobida salomatlikka ta’sir etuvchi omillarni ketma-ketligi bilan belgilagan, Sog‘lom turmush tarzini yetti omildan iborat deb ta’kidlab o‘tgan. Salomatlik falsafasi har bir odamning hayotiy shioriga aylanmog‘i va tafakkuridan mustahkam o‘rin olmog‘i zarur. Sog‘lom turmush tarziga amal qilish uchun inson qanday bo‘lmog‘i lozim?

— Yuksak ma’naviyatli;

— madaniyatli;

— qat’iyatli;

— irodali bo‘lishi lozim.

Sog‘lom turmush tarzi afzalliklari:

— inson sog‘lig‘ini mustahkamlanishi;

— mehnat qobiliyatining yaxshilanishi;

— uzoq umr ko‘rish;

Hozirgi kunda mashhur qomusiy olimning yetti tamoyilidan kelib chiqqan holda sog‘lom turmush tarzi asosini quyidagilar tashkil qiladi:

— kun tartibiga rioya qilish va ertalabki badantarbiyani imkoniyatga qarab 7-10 daqiqa davomida bajarish, toza havoda sayr qilish;

— harakatlanish faolligiga amal qilish, jismoniy tarbiya, sport bilan shug‘ullanish;

— shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga amal qilish: ertalab, badantarbiyadan keyin yuvinish, nonushtadan so‘ng va kechki uyqu oldidan tishlarni tozalash, ovqatlanish oldidan qo‘lni sovunlab yuvish;

Yana o‘qing:  PSIXOLOGIK YORDAM MARKAZLARI

— mavsumbop kiyinish;

— oqilona ovqatlanish, ortiqcha vazndan qutulish. Hayvon yog‘lari, qand va shirinliklarni iste’mol qilishni chegaralash;

— sog‘liq uchun zararli odatlarga barham berish: chekish, spirtli ichimliklar iste’mol qilish, giyohvandlik kabi salbiy illatlardan voz kechish;

— sog‘lom oila qurish va zamon talabi asosida oilani rejalashtirishga e’tibor berish;

— fe’l-atvorda mavjud bo‘lgan nuqsonlarni bartaraf etish, ya’ni emotsional holatni jilovlay olish, arzimagan sabablar bilan kayfiyatning buzilishi va atrofidagi odamlarning kayfiyatini buzishdan saqlanish;

— atrof-muhit xavfsizligini saqlash.

Agar siz sog‘lom turmush tarzini o‘rganishga, uzoq umr ko‘rishga qaror qilgan bo‘lsangiz, unda siz quyidagi tamoyillarga amal qilishingiz kerak:

— sog‘lig‘ingizni yoshlikdan saqlang, kasallikning turlari ko‘p, ularning sabablari bolalikdan boshlansada, lekin yosh o‘tgan sayin yuzaga chiqa boshlaydi;

— o‘zingizni yomon his qilsangiz, tibbiy ko‘rikdan o‘tishini boshlang;

— har bir narsaning me’yorini biling;

— aslo semirmang, bu organizm faoliyatini qiyinlashtiradi va qarilik jarayonini tezlashtiradi;

— doimo o‘ylab ish tutadigan, og‘ir-vazmin va xushfe’l bo‘ling, jizzakilik va bad’fellik yurak ishini va asab tizimini zararlaydi;

— siz shunday mehnat turini topingki, u siz uchun qiziqarli bo‘lsin. Bu faoliyat sizni nafaqat moddiy, balki ma’naviy tomondan ham qoniqtirsin;

— jismoniy mehnat yoki jismoniy mashq bilan shug‘ullaning, iloji boricha ko‘proq vaqtingizni toza havoda o‘tkazishga harakat qiling;

— faol dam oling, harakatning cheklanishi kasallik boshlanishiga zamin yaratadi;

— bir kunda 7,5 soat uxlang, uyqu kuchni tiklaydi va inson tanasiga har xil dori-darmonlardan ko‘ra yaxshi shifo bo‘ladi;

— chekmang, ayniqsa muammolaringizdan qochib, alkogolizm va giyohvandlik dunyosiga kirib qolmang;

— vaqtichog‘lik qilishga vaqt ajrating, bu sizga hayotingizni rang-barang qilishga va dam olishga yordam beradi;

— tushkunlikka tushmang va ruhingizni tushirishga yo‘l qo‘ymang.

Yodingizda tuting! Hattoki, eng yaxshi hayot sharoitida ham, orzu-umidlarga sog‘lom insongina erisha oladi!

Unutmang! Sog‘lom turmush tarzi millat kelajagini ta’minlaydi.

Sherzod ZOKIRXO‘JAYEV,

tibbiyot fanlari doktori,

professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: