“Qaldirg‘och”da zavqli kunlar
Yozgi ta’til bo‘lishiga qaramay maktabdan bolalarning kulgusi, zavqli shovqini arimaydi. Shaxmat-shashka, futbol musobaqalari avjida. Yana bir guruh bolalar tabiat manzaralari, Vatan, maktab, oila mavzularida rasm chizmoqda. Qizlarning aksariyati to‘qish, chevarlik to‘garagida. Kimdir kutubxonada kitob mutolaasi bilan mashg‘ul.
Barcha joylarda bo‘lgani kabi Toshkent shahridagi maktablar qoshidagi oromgohlar bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 28-maktabda tashkil etilgan «Qaldirg‘och» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi hamisha o‘g‘il-qizlar bilan gavjum.
– Oromgohga «Guruchariq», «Hastimom», «Qorasaroy» kabi mahalla fuqarolar yig‘inidan 140 nafarga yaqin o‘quvchi qatnaydi, – deydi oromgoh rahbari Shahzoda Sattorova. – Bolalar bilan ishlash uchun eng malakali o‘qituvchilar bilan birga «Barkamol avlod» markazlarining to‘garak rahbarlari, yetakchilar jalb etilgan.
Bu yerda bolalarning bir daqiqaga bo‘lsa-da zerikishiga vaqti yo‘q. Ertalabki badantarbiyadan so‘ng, nonushta, keyin esa guruhlar bo‘yicha mashg‘ulotlar boshlanib ketadi. Sport, xorijiy tillar, rasm, biser to‘qish, raqs kabi o‘ndan ortiq to‘garak ishlab turibdi.
Oromgohda hozirgi kunda uchinchi mavsum faoliyat ko‘rsatmoqda. Har bir mavsum o‘n kundan iborat bo‘lgan oromgohda bolalarning tibbiy madaniyatni oshirish, ma’naviyatini yuksaltirish, vatanparvarlik, yurtga sadoqat, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktab shifokori ishtirokida sog‘lom turmush tarzi asoslari haqida doimiy suhbatlar olib borilsa, huquqshunoslar bolalar huquqlari, yurtimizda yoshlar kamoloti, ularning ta’lim-tarbiyasi yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tiborning mohiyatini tushuntirmoqda.
Maktabga ilk qadam qo‘yish arafasidagi kichkintoylar uchun savodxonlik, o‘qish, yozuv, matematika, rasmga oid alohida mashg‘ulotlar olib boriladi. To‘qish, chevarlik, biser to‘garaklari bolalarni mehnatga o‘rgatsa, shaxmat o‘yinlari ularning mantiqiy fikrlashini kuchaytirib, zehnini charxlamoqda. Drama to‘garagida bolalarga oid mo‘jaz asarlardan lavhalar ijro etiladi. Yetti mingga yaqin kitob fondiga ega kutubxonada «Eng kitobxon o‘quvchi», «Kitobim – oftobim» kabi tanlovlar, ma’rifiy aksiyalar o‘tkazilishi o‘quvchilarning adabiyotga bo‘lgan mehrini oshirmoqda.
– Mashg‘ulotlarni qiziqarli tarzda tashkil etish bilan birga bolalarning ijodiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishga jiddiy e’tibor qaratiladi, – deydi «Kamalak» guruhi rahbari Dilafro‘z Yunusxo‘jayeva. – Bu esa ularning bilimini yanada boyitish, yangi o‘quv yili boshlanishidan avval ularning ma’rifiy tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi.
– O‘g‘lim Davron oromgohdagi shaxmat to‘garagiga qatnaydi, – deydi Mahmuda Nurmuhamedova. – Shu bilan birga qo‘lidan kitob tushmaydigan bo‘ldi. Biz ham uydagilar bilan uning bo‘sh vaqti qanday, kimlarning davrasida o‘tayapti, deb ortiqcha xavotirlanmaymiz. Maktablar qoshidagi yozgi oromgohlarning tashkil etilgani bolalar uchun ham, ota-onalar uchun ham g‘oyat foydali bo‘lmoqda.
– Oromgohda zerikishga vaqt yo‘q, – deydi 6-sinf o‘quvchisi Aziz Ubaydullayev. – Men ingliz tili, futbol to‘garagi mashg‘ulotlarini sira qoldirmayman. Bu yerda tengdoshlarim bilan maza qilib o‘ynaymiz. Muzeylar, istirohat bog‘lariga sayohatga bordik.
Bu kabi oromgohlar yurtimizning turli hududlaridagi maktablarda faoliyat ko‘rsatmoqda.
N.USMONOVA,
O‘zA