Yaxna ichimliklar: uning sifatiga kim javob beradi?

Bunday ichimliklarni ichish mumkinmi? Yaxna ichimliklar bilan savdo qilishda qanday tartib-qoidalar bor? Ushbu savollar bilan epidemiolog-shifokor Sherboy SHEROVGA murojaat qildik:

– Yoz mavsumida ko‘chalarda o‘rik sharbati, mors, kvas, ayron singari chanqovbosdi ichimliklar ko‘p sotiladi. Lekin ularning tayyorlanish jarayoni mavhum, sotilishi sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydi. Ular ayrim fuqarolar tomonidan qo‘lbola usulda tayyorlanib, xavfsizligi hamda sifatini kafolatlovchi hujjatlarsiz savdoga chiqarilmoqda. Boz ustiga idishlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilmagan materiallardan tayyorlangan, sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydi. Bundan tashqari ular sotiladigan joylarda hech qanday sharoit yaratilmagan, ichimliklar quyib beriladigan idishlar tozaligi ham talab darajasida emas. Bunday sharoitda sotilayotgan sharbatlarni iste’mol qilish kishi organizmi uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin. Chunki ularda ichburug‘, virusli gepatit kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi mikroblar bo‘lishi laboratoriya tekshiruvlarida o‘z tasdig‘ini topgan. Shuningdek, turli kimyoviy komponentlardan tayyorlangan yaxna ichimliklar quyosh tig‘i ostida saqlanganida zararli xususiyati yuqori bo‘lgan toksik(zaharli) moddalar hosil bo‘lishi va iste’mol qilinganda esa me’da, xavfli o‘sma, jigar kasalliklarini keltirib chiqarishi ham ilmiy tasdig‘ini topgan.

Chanqovbosdi ichimliklarni ishlab chiqarish, tashish va iste’molga chiqarishda sanitariya qoidalariga rioya qilinsagina inson uchun xavfsiz hisoblanadi. Ishlab chiqarish jarayonida faqat qo‘llanishga ruxsat etilgan komponetlardan, tasdiqlangan retseptura asosida foydalanish zarur. Chunki, ayrim yaxna ichimlik tayyorlashda ishlatiladigan kimyoviy birikmalar hammaga ham yoqavermaydi, qolaversa, ularning allergenlik xususiyati yuqori. Shu sababli ishlab chiqaruvchi yaxna ichimlik tarkibini idish yorlig‘ida to‘liq ko‘rsatishi shart va shu orqali ayrim kimyoviy moddalar (ta’m beruvchi, rang hosil qiluvchi va hakozo)ga allergiyasi bor kishilar bundan boxabar bo‘lishi ta’minlanadi. Yana bir muhim jihat – yaxna ichimliklarning ma’lum haroratda, quyosh nuridan pana joylarda saqlanishi masalasidir. Ular uchun mo‘ljallangan idishlar sirlangan, qopqoqli, doim toza holatda tutilishi lozim. Agar polimerdan tayyorlangan bo‘lsa, u albatta yaxna ichimlikni qadoqlash uchun ishlab chiqarilgan bo‘lishi shart. Chunki, polimer tarkibidagi turli moddalar o‘zidan noxush hid chiqarishi bilan birga ayrim zaharli moddalardan ham xoli bo‘lmaydi. Ayrim kimyoviy birikmalar yosh, o‘suvchan organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli yosh bolalarga kimyoviy birikmalardan tayyorlangan yaxna ichimliklar iste’mol qilishni tavsiya etmaymiz.

Yana o‘qing:  Ranglarga burkangan olam

Kezi kelganda ta’kidlash o‘rinliki, bugun ko‘chalarda turli mevalardan tayyorlab sotilayotgan qo‘lbola chanqovbosdi ichimliklarni iste’mol qilishdan oldin ularning sanitariya-gigiyena talablariga mosligiga e’tibor qaratsangiz, bu o‘z salomatligingiz uchun foydali bo‘lardi. Zero, bu boradagi e’tiborsizlik qimmatga tushishi mumkin.

Shohista BOZOROVA yozib oldi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: