Shoshilinch tibbiy yordam shoshilinch muammolarni bartaraf etishga kirishdi
Yurtimizda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish borasida tom ma’noda yangilanish va rivojlanish jarayoni kechmoqda. Bu o‘zgarishlar sog‘liqni saqlash tizimining shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati faoliyatida ham o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 16 martida imzolangan “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Shoshilinch tibbiy yordamning faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xalqimiz salomatligini yanada mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqishda ahamiyatli bo‘ldi.
Shu munosabat bilan yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimi: dolzarb masalalar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni tashkillashtirishdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda shoshilinch va tez tibbiy yordam sohasida qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar mazmun-mohiyatini chuqurroq o‘rganish, yaratilgan imkoniyat va qulayliklardan aholini yaqindan tanishtirish hamda tizim oldida turgan vazifalar va istiqboldagi rejalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
ShTYo tizimida yiliga 600 ming nafardan ziyod bemorga yuqori malakali statsionar va 1 million nafardan ortiq bemorga ambulator yordam hamda 7 milliondan ziyod chaqiriqlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda.
2016 yilda 9,7 million murojaatlar qayd etilib, shulardan, 68 foizi (1 716 262 nafar)ga ambulator, 32 foizi (805 582 nafar)ga statsionar yordam ko‘rsatilgan.
Shoshilinch holatlarda bemorga yordam ko‘rsatish uchun zarur vositalarga ega bo‘lgan shoshilinch yordam brigadalari zudlik bilan yetib borishi muhimdir. Shundan kelib chiqib, yil oxirigacha 1 ming 200 ta tez tibbiy yordamga ixtisoslashtirilgan avtotransport vositasi sotib olinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shu kunlarda zarur vositalar bilan jihozlangan 200 ga yaqin tez tibbiy yordam avtomashinalari xarid qilinib, ular ehtiyoji yuqori bo‘lgan hududlarga yetkazib berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirining joriy yil 13 fevraldagi “Tez tibbiy yordam avtotransportlarining ixtisoslashtirilgan va umumtarmoq brigadalarini, tez tibbiy yordam xizmati chaqiriqlarida ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar uchun zarur bo‘ladigan dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash normativlarini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga ko‘ra tez tibbiy yordam xizmatining bitta maxsus brigadasida 41 nomdagi, umumtarmoq brigadasida esa 36 nomdagi dori vositalari bo‘lishi belgilandi va ular bilan ta’minlash ishlari jadallik bilan olib borilayotir.
Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi ishini takomillashtirish maqsadida brigadalar soni 138 tadan 161 taga ko‘paydi. Ushbu 161 ta tez tibbiy yordam avtomashinalarining barchasiga GPS uskunalari o‘rnatildi.
Bu uskuna yordamida avtomobilning qaysi hududda ekani, uni harakatlanayotgan yoki harakatdan to‘xtagani, hatto, o‘t oldirilgani haqida ma’lumotga ega bo‘lish, kechikayotgani sababini aniqlash mumkin. Shu bilan bir qatorda bir bemorga yordam berilgach, “Tez tibbiy yordam” avtomashinasi bazaga qaytib kelmasdan chaqiriq tushgan ikkinchi manzilga xizmat ko‘rsatish imkoni yaratildi. Eng quvonarlisi esa bir kunlik chaqiriqlarga tez tibbiy yordam brigadalarini kechikib borish ko‘rsatkichi 15-18 foizdan 5-8 foizgacha kamaydi. Dori ta’minoti 70 foizdan 95-100 gacha oshdi. Tadbir davomida, mutaxassislar mazkur sohadagi rivojlanish bu ko‘rsatkichlar bilan to‘xtab qolmasligi haqida, alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Shoshilinch holatlarda tibbiy yordam brigadasi ishini tashkillashtiruvchi asosiy bo‘g‘in – tez yordam xizmati dispetcherlari qayta o‘qitilib, ularga nisbatan talablar ham oshirildi. Endi dispetcherlarning kasbiy mahorati va malakasini mustahkamlash uchun ular qayta o‘qitiladi.
Shuningdek, birlamchi tibbiy bo‘g‘inda tibbiy xizmatning tezkorligini ta’minlash va shu orqali shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatga tushayotgan yuklamalarni yengillashtirish maqsadida yaqinda poytaxtimizdagi jami 60 ta shahar oilaviy poliklinikalarining har biriga ikkitadan, jami 120 dona “DAMAS” rusumli avtomashinalar topshirildi. Endilikda bemorlarning uyiga borib eng kerakli tibbiy muolajalarni amalga oshirish, zarur holatlarda ularni oilaviy poliklinika yoki boshqa tibbiyot muassasasiga yetkazib borish hamda patronaj xizmatini ko‘rsatish kabi vazifalar o‘z vaqtida kechiktirilmay amalga oshiriladi. Qolaversa, avtomashinalar o‘z hududi bo‘ylab harakatlangani bois yo‘llar tirbandligidan kelib chiqadigan “Tez tibbiy yordam” brigadalarining kechikishi kabi holatlarning oldi ham olinadi.
Xurshida HUSENOVA