Xotin ikkita, tashvishi mingta

Mehr-muhabbat, sadoqat va hurmat barqaror bo‘lgan oila insonga baxt, jamiyatga naf keltiradi. Aksincha, yolg‘on va xiyonat aralashgan oila azob-uqubat makoniga aylanadi…

Bir insonni bilardim. O‘ziga to‘q, ro‘zg‘orida kami yo‘q. O‘g‘il desa o‘g‘li, qiz desa qizi bor. Farzandlari voyaga yetib qolganda, nima jin urdiyu, xotin ustiga xotin oldi. Avvaliga yashirincha yashab, keyinchalik hovlisining chetidagi bir tom, bir dahlizga ko‘chirib keldi.

Bungacha ular tartibli, mahalladagi namunali oilalardan biri edi. Uydagi gap ko‘chaga chiqmasdi. Erkak qo‘shxotinli bo‘ldiyu, bu uydan janjal arimay qoldi. Kundoshlar dushman, er ularning o‘rtasida sarson. Xotinlar bir-birining aybini ochib, el ichra gapga qoldi. Bunday sharmandali hol, ayniqsa, bo‘y yetgan farzandlarga yomon ta’sir qildi. To‘ng‘ich o‘g‘il shulardan qutulay deb xorijga ishga ketdi. Qizi o‘ziga nomunosib joyga kelin bo‘ldi.

Sho‘rlik erkakning ko‘rguligi hali oldinda ekan. Ikkinchi xotin farzandli bo‘lib, bir tom, bir dahlizga qanoatlanmay qoldi. “Menga katta uyni berasiz yoki boshqa uy olib berasiz”, deb turib oldi. Katta uyni beray desa, katta xotin ko‘nmaydi, uy olib beray desa, pul yo‘q. Nima qilishini bilmasdan yana bir xatoga qo‘l urdi – o‘g‘liga deb olib qo‘ygan tomorqasini ikkinchi xotinning nomiga o‘tkazib berdi.

Bu o‘g‘ilning yuragiga xanjar bo‘lib qadalmaydimi, borib bor alamini o‘sha xotin va uning bolalaridan oldi. Bir necha kun qamalib chiqdi. Otasi bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketdi.

Bunday tashvishlar, asabiy zo‘riqishlar yig‘ilib-yig‘ilib oxiri portladi. Erkak insult olib, yotib qoldi. Bir paytlar hoyu havasga berilib, ikki xotin olganida nimani orzu qilgan – xudo biladi. Ammo kasal bo‘lganida deyarli qarovsiz qoldi. Ikki xotin ham yillar davomida qanday nohaqlikka uchragan bo‘lsa, barini to‘kib soldi. Yaxshi kunini eslamadi, faqat yomon kunlarini yodga oldi. Er sho‘rlik battar og‘irlashdi. Olti oyga ham bormadi…

Bu voqea barchaga ibrat. Hozir ham mahallada biron yigit qadamini sal nojoiz bossa, keksalar “falonchiga o‘xshab xoru zor bo‘lging kelyaptimi?!” deya tanbeh beradi.

Qo‘shxotinlikning ayanchli oqibati haqida minglab misol keltirish mumkin. Tarix davomida bu balo tufayli qancha fojealar yuz bergan, aka-ukalar bir-biriga qarshi kurashgan, necha oilalar darz ketgan, bolalar tirik yetim qolgan. Hayotning achchiq saboqlariga qaramay, xotin ustiga xotin olish holatlari bugun ham uchrab turibdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzuidagi anjumanda bu masalaga alohida e’tibor qaratdi. Bunday xunuk, yaramas holatlarga chek qo‘yish zarurligini qat’iy ta’kidladi.

Oilalarning har tomonlama mustahkam, baxtli bo‘lishi uchun davlatimiz tomonidan barcha asoslar yaratilgan. Mamlakatimiz Konstitutsiyasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilgan. Oila, Fuqarolik, Uy-joy kodekslari va boshqa qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlarning barcha jihatlari e’tiborga olingan.

Yana o‘qing:  Osmondagi qushlar uyasi

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida oilalarni ijtimoiy himoyalash, yosh avlodni bekamu ko‘st etib tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Inson manfaatlari yili, Oila yili, Ayollar yili, Yoshlar yili, Barkamol avlod yili, Mustahkam oila yili munosabati bilan qabul qilingan davlat dasturlari samarasida oilalarning iqtisodiy va ma’naviy asoslari mustahkamlandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev rahnamoligida bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Oilalar uchun ko‘p milliard so‘mlik mablag‘lar ajratilib, ularning ijtimoiy muhim manfaatlari ta’minlanmoqda. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar odamlar turmush sharoitini zamonaviy talablar asosida o‘zgartirmoqda. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid dasturlarga muvofiq, yosh oilalarga topshirilayotgan “Kamolot” uylari ularning oyoqqa turib olishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun katta madad bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda mehnat, tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ishlagan, izlangan odam kam bo‘lmayapti. Qo‘li uzun, saxovatli insonlar boshqalarga ham beg‘araz ko‘mak bermoqda. Moddiy boylikdan maqsad ham aslida shunday – o‘z oilasini ta’minlash, farzandlarini yaxshi o‘qitish, imkon darajasida yurtdoshlariga yordam berish bo‘lishi kerak.

Ammo ba’zi boyvachchalar to‘qlikka sho‘xlik qilib, yashirincha shar’iy nikoh o‘qitib, xotin ustiga xotin olayotgani achinarli hol. Bunga ayrim chala mullalar, qonunchilikdan bexabar kimsalar yo‘l qo‘yib bermoqda. Qo‘shxotinlilar faqat shar’iy nikoh o‘qitib, yana bir oila qurmoqda. Xotin va bo‘lg‘usi farzandlarni moddiy jihatdan ta’minlash kifoya, deb o‘ylamoqda. Lekin bu kaltabinlik. Bundaylarga eng yaxshi javobni Prezidentimizning nutqidan topamiz:

“Axir, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan “nikoh”dan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘lib qoladi. Xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish, meros huquqi, o‘sib-ulg‘ayganidan keyin bog‘chaga, ta’lim muassasalariga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi. Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his etolmaydi”.

Endi tushungandirsiz bu muammoning oqibatini? His qilgandirsiz noqonuniy tug‘ilgan bolaning musibatini? Qanday qilib inson o‘z hoyu havasi deb begunoh go‘dakni o‘ksitib qo‘yishi mumkin? Boshqa tomonlarini qo‘ya turaylik, buning gunohini qanday ko‘tarish mumkin?

Yana bir mulohaza. Ota farzand uchun hamisha ibrat, qahramon bo‘lgan. Xalqimizning milliy mentalitetiga ko‘ra, onalar bolalarini otaga cheksiz hurmat, itoat ruhida tarbiyalagan. Farzandlar otasiga hamma gapni ham aytolmagan, hayiqib turgan. Ota o‘tirgan uyning tomiga chiqilmagan. Otalar ham shunga yarasha oqil, halol, mo‘tabar zot bo‘lgan.

qoshxotinlik1

Endi tasavvur qiling, shunday ruhda tarbiyalangan bola otasining boshqa oilasi, farzandlari borligini bilsa, qay ahvolga tushadi? Keyin kimdan o‘rnak oladi? Qay yo‘llarga kiradi?

Yana o‘qing:  Bolaligim gulyomg‘iri

Boriga shukr qilmay, ertasini, bolalari kelajagini o‘ylamay, xotin ustiga xotin olishni istaganlar shularni vijdonan tarozuga solib ko‘rmog‘i kerak. O‘tkinchi havasni deb o‘ziga, oilasiga, jamiyatga baxtsizlik keltirmasligi zarur.

Oila muqaddas qo‘rg‘on, deydi xalqimiz. Muqaddasligi shundaki, ikki inson taqdiri ilohiy rishta bilan bog‘lanadi, unda farishtadek farzandlar tug‘iladi, tarbiya oladi. Qo‘rg‘onga qiyoslanishining boisi, oila o‘zaro rozilik va ishonch asosiga quriladi, eru xotin bir-biriga libos bo‘ladi, or-nomusini asrab-avaylaydi.

Niyatimiz – ana shu qo‘rg‘onga darz ketmasin. Barcha oilalar har doimgidek muqaddas va mustahkam bo‘lib qolsin.

Anvar SAMADOV,
O‘zA sharhlovchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: