Uydagi gap ko‘chaga chiqmaydi
Arzimas gap-so‘z tufayli yosh oila ajralish ostonasiga kelib qoldi. Kelin olti oylik bolasini olib, ota uyiga ketdi. Er ota-onasining yuzidan o‘tolmay ajralishga, hatto boshqa qizga uylanishga ham rozi. Oila kattalari mahalla idorasiga kelib, farzandlari ajrashmoqchi ekanini aytdi.
Rofe aka bu paytda mahallaga jamoatchilik asosida rahbarlik qilar, odamlar ko‘ngliga yo‘l topishga intilsa-da, tajribasi kamroq edi.
– Ikki tomon ham shu qarorga rozimi, ota-onalarning ham qarori shumi, dedim ularga qarab, – deya bundan 18 yil oldingi holatni yodga oladi Urgut tumanidagi “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rofe Nosirov. – Yoshlarning o‘zi nima deydi, nega ular mahallaga kelmadi? O‘rtada norasida go‘dak bor, axir! Uni tirik yetim qilishga sizlarning haqqingiz bormi? Ajralish oson, bu yoshlar ertaga yana baxtini topadimi, eng muhimi, bolaning kelajagi nima bo‘ladi?
Ota-onalar jim, yerga qarab turishardi. Vaziyatni o‘nglash imkoni borligini sezib, avval yoshlarning o‘zi bilan gaplashib ko‘ray, agar ular yarashishni xohlamasa, mayli, keyin ajralishsa ajrashar, dedim.
O‘sha kuni yoshlar bilan alohida suhbatlashdim. Ajrashib ketgan bir-ikki oilaning taqdiri haqida gapirib berdim, shoshma-shosharlik bilan noto‘g‘ri qaror qabul qilgan va keyinchalik pushaymon bo‘lgan odamlarni misol keltirdim. Ikkalasining ham fikrini eshitdim. Birga yashashga xohishi bor-u, shuncha gap-so‘zdan keyin buni ota-onasiga aytolmayapti.
Oila kattalari bilan yana gaplashdim, vaziyatni tushuntirdim.
Yoshlar birga yashay boshladi, hammasi izga tushdi. Yana farzandli bo‘lishdi. Er-xotin haligacha “o‘shanda bizni xato qilishdan asragansiz”, deb minnatdorlik bildiradi. Mahallamizda bir necha yildan buyon oilaviy ajralishlar qayd etilmagan bo‘lsa-da, yoshlar bilan uchrashganda, to‘y-ma’rakalarda bu haqda gapirib beraman. Oilaning muqaddasligi, har bir yigit-qiz avvalo turmush qurishga, hayotning past-balandini yengish, achchiq-chuchugiga chidashga tayyor bo‘lishi kerakligini uqtiraman…
“Shodlik” mahallasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan. 1200 dan ortiq aholi bir oiladek ahil-inoq yashamoqda.
Hududda xonadonlar zich joylashgani, bo‘sh joy topish mushkul bo‘lgani bois kichkina maydonda hashar yo‘li bilan ikki qavatli mahalla markazi binosi qurilgan. Binoda fuqarolar yig‘ini xodimlari, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar mavjud. Idora eshigi peshtoqida mahalla bilan bog‘liq barcha zarur ma’lumotlar yozib qo‘yilgan. Fuqarolar yig‘ini faoliyatiga oid hujjatlardan ko‘chirmalar, nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalar, maktab, kasb-hunar kollejini bitirayotgan yoshlar, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev qaysi viloyat, tuman yo shaharga tashrif buyurmasin, mahallalar faoliyati bilan tanishmoqda, odamlar bilan muloqot qilmoqda, – deydi Rofe Nosirov. – Joylarda Xalq qabulxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, Virtual qabulxona tashkil etildi. Bu sa’y-harakatlarning barchasi xalq ichiga kirib borish, aholini qiynayotgan muammolarga yechim topish, ularning dardu tashvishini yengillashtirishga xizmat qilmoqda. Biz ham ana shu maqsadda, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, mahallamiz ahli bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yganmiz. Qaysi oila yoki bir mahalladoshimizning muammosi bo‘ladimi yoxud biror yordam kerak bo‘ladimi, avvalo, bizga murojaat qiladi. Muammo va kamchiliklarni imkon qadar mahallaning ichida hal qilamiz. Boshqacha aytganda, uydagi gap ko‘chaga chiqmaydi. Agar masalaga joyida yechim topish imkoni bo‘lmasa, tegishli idoralarga murojaat qilamiz. Biror-bir soha bo‘yicha aholida savollar ko‘payib ketsa, o‘sha tizim mas’ul rahbarini mahallaga taklif etib, uchrashuv o‘tkazamiz. Muammoni birgalikda muhokama etib, yechim topamiz. Mahalla faollari, maslahatchilarimiz har bir oiladagi turmush tarzidan xabardor.
Hududimizda ishlab chiqarish korxonasi yo‘q. Ammo o‘nga yaqin tadbirkorlarimiz tuman markazi va sanoat hududida korxonalar tashkil etgan. Aholimizning aksariyati, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ushbu korxonalarda mehnat qiladi. Bu yil kollejni bitirgan 12 yoshning barchasi ish bilan ta’minlandi. Yuzga yaqin fuqaro yakka tartibda tadbirkor sifatida faoliyat yuritadi. Xotin-qizlar hunarmandlik bilan shug‘ullanadi. Xorijga ketgan mahalladoshlarimizning ham qayerda, nima ish qilayotgani, qanday hayot kechirayotgani bilan qiziqamiz. Chunki ular vaqtincha boshqa joyda yashayotgan bo‘lsa ham mahallamiz a’zolari. Yutug‘i ham, tashvishi ham o‘zimizniki. Ularning taqdiriga befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Ayniqsa, yoshlar ta’lim-tarbiyasi masalasida «Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona», degan naqlga qat’iy amal qilamiz. Maktab, kollejlar bilan hamkorlikda ishlaymiz. Har bir bolaning yurish-turishi, davomatini doimiy ravishda kuzatib boramiz. Odamlarimiz ham shunga o‘rgangan: faollar xonadoniga kirib kelsa, sira og‘rinmaydi. Ana shunday muhit sababli mahallamizda keyingi yillarda hech qanday jinoyat yo huquqbuzarlik kuzatilmadi. Notinch yoki noqobil oila yo‘q.
Mahalla markazi yonida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘i hisobidan chog‘roqqina, lekin zamonaviy sport zali qurilgan. Ayni paytda bu yerda mahalla yoshlari 7 sport turi bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnashmoqda. Mahalla oqsoqolining aytishicha, Mustaqillik bayramigacha bu yerda uy bekalari uchun alohida sport to‘garaklari tashkil etiladi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limi yaqinda “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inining faoliyati bilan tanishish, oilalar bilan ishlash, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi tajribasini o‘rganish maqsadida seminar tashkil etdi. Demak, Shodlik mahallasidagi ibratli tajribalar butun viloyatga yoyiladi, keng ommalashadi.
G‘olib Hasanov,
O‘zA