O‘zbekiston shifoxonalarida 2019 yildan elektron navbat joriy etiladi
20 iyun kuni Prezident «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda keltirib o‘tilgan.
Qaror bilan barcha darajalarda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yanada isloh qilish, respublika miqyosida ixtisoslashgan yo‘nalishlar bo‘yicha eng zamonaviy yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, viloyat darajasida ixtisoslashgan yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, tuman (shahar) darajasida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yangidan tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan bo‘limlar negizida ko‘rsatish nazarda tutilgan. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tashkilotlariga esa maxsus tasdiqlangan jadval bo‘yicha tuman (shahar) va viloyat darajasidagi tashkilotlarning tor ixtisoslashgan mutaxassislari tomonidan maslahatlar berilishi, shuningdek, davolash va maslahat-diagnostika yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning ayrim turlarini ko‘rsatishi nazarda tutilgan.
Qarorda, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida respublika bo‘yicha va har bir mintaqada kasalliklar tendensiyalarini o‘z vaqtida aniqlashni ta’minlaydigan zamonaviy tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini keng qo‘llash nazarda tutilgan.
Yetakchi respublika ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika tashkilotlari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga aylantirilib, ularning asosiy vazifalari belgilandi.
Markazlar Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti tibbiyot xodimlarining, ixtisoslashgan hududiy tibbiyot tashkilotlari xodimlarining malakasini tizimli ravishda oshiradi, shuningdek, klinik ordinaturada, tayanch doktoranturada va doktoranturada tor mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlarni tayyorlaydi, yetakchi xalqaro tibbiyot markazlari, klinikalar va yuqori malakali xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik qiladi, shu jumladan, maslahatlashuvlar va mahorat darslari o‘tkazish uchun ularni respublikaga taklif etadi, sog‘liqni saqlash tizimi mahalliy mutaxassislarining chet elda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va klinikalarida tajriba orttirishini ta’minlaydi.
Qarorga muvofiq, 2018 yil 1 yanvargacha imtiyozli toifa alohida hisobga olingan holda tegishli ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlardan, shu jumladan, yuqori texnologik tibbiy yordamdan foydalanishga muhtoj bo‘lgan bemorlarning doimiy yangilanadigan yagona elektron ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda barcha ixtisoslashtirilgan markazlarda, viloyat filiallarida, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida vrach qabuliga masofadan yozilish imkonini beradigan elektron dastur joriy etiladi.
2022 yil 1 yanvargacha aholiga pulli tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) sog‘liqni saqlash tizimi davlat tibbiyot tashkilotlarini soliqlarning barcha turlarini va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan, shuningdek, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha chetdan olib kelinadigan yangi tibbiyot uskunasi, butlovchi buyumlar, tibbiyot uskunasiga ehtiyot qismlar va sarflash materiallari uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod etish nazarda tutilgan.
Qarorda xorijiy yetakchi olimlar, vrachlar va mutaxassislarni shartnoma asosida respublikaga jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yanada rivojlantirish maqsadida 373,5 milliard so‘m va 100 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 60 milliard so‘m mablag‘ Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga va 97 million AQSH dollari respublika va hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarini jihozlashga yo‘naltiriladi.