Xiltlardan xoli hayot sururi

So‘nggi yillarda ko‘pgina kishilar organizmidagi turli toksin (zahar) va xiltlardan xoli bo‘lish maqsadida turli xil huqnalardan muntazam foydalanib kelayotgani haqidagi ma’lumot tez-tez qulog‘imizga chalinib qoladi. Xo‘sh, bu qanday muolaja? Uning foydali jihatlari nimalardan iborat? Ana shunday savollarga javob olish maqsadida oliy toifali shifokor, gastroenterolog Xolida Ochilovaga murojaat etdik:

– Inson organizmi murakkab biokimyoviy mexanizm hisoblanadi. Uning ishlash funksiyasi bir me’yorda bo‘ladi. Sog‘lom odamning ichi muntazam ravishda bir kecha-kunduzda bir marta, bir xil paytda bo‘shalishi ham ana shundan dalolat beradi. Ayrim kasalliklarda bemorlarda ich kelishi to‘xtaydi. Qabziyatda esa vrach tomonidan ichni yumshatadigan parhez, surgi dorilari, shuningdek, huqnalar tavsiya etiladi.

Huqna – to‘g‘ri va yo‘g‘on ichakni axlat, toksin va zararli moddalardan tozalash uchun qo‘llanadigan tabiiy vosita hisoblanadi. Bu orqali organizmga jo‘natilgan maxsus damlamalar yo‘g‘on ichak peristaltikasi (harakati)ni faollashtiradi. Uning funksional imkoniyatlarini oshiradi. Disbakterioz xavfining oldini oladi. Organizmda yallig‘lanish jarayonini kamaytiradi. Huqnalar tibbiy ko‘rsatma bo‘yicha kasalliklarda qabziyat yuzaga kelganda, yo‘g‘on ichakning o‘tkazuvchanligi buzilganda, organizm zaharlanganda, tug‘ruq jarayonida yoki rentgen tekshiruvidan oldin, to‘g‘ri ichakka dori yuborilishidan avval qo‘llaniladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, huqnalarning tozalaydigan, sifonli, oziqli, dorili va tomchili turlari bo‘ladi.

Bu jarayonni amalga oshirishda maxsus moslamalar mavjud. Asosan Esmarx krujkasidan foydalaniladi. Uning sig‘imi 1-2 litrli shisha, emal qoplangan, rezina rezervuarlardan iborat bo‘ladi. Mikrohuqnalarda almashtiriladigan plastik uchlikka ega oddiy noksimon moslamadan ham foydalanish mumkin.

Tozalash huqnalari

Ular ichakning pastki qismida qotib qolgan va yo‘g‘on ichak devoriga yopishgan axlat qoldiqlari va yel(gaz)dan tozalash uchun qo‘llaniladi. Tozalash huqnasi yengil ta’sir ko‘rsatadi. Bunda ichakning faqat pastki qismi bo‘shaladi. Organizmga qiritiladigan suyuqlik mexanik, haroratli va kimyoviy ta’sir ko‘rsatadi. Bu peristaltikani ancha kuchaytiradi. Qattiq axlatni yumshatadi va uning tashqariga chiqarilishini osonlashtiradi. Bemor qattiq kuchanmasa ham huqna bir necha daqiqadan so‘ng ta’sir qiladi.

Uning sifonli turi

Sifonli huqnalar odatda tozalash huqnalari ta’sir qilmaganda yoki ichak tutilib qolganda, shuningdek, bemor zaharlanib qolganda va gazni yo‘qotish maqsadida achigan, chirigan mahsulotlarni, ichakdan tezroq haydashda qo‘llaniladi. Ichakni tez bo‘shatish va uni ko‘p marta yuvish uchun sifonli huqna eng yaxshi va samarali usul hisoblanadi. Bu usulda tutashadigan idishlar prinsipidan foydalaniladi. Bunda idishning biri – ichak, ikkinchi – tashqi uchi to‘g‘ri ichakka kiritilgan rezina naychali voronka.

Yana o‘qing:  Savol bering, javob beramiz (2013-34)

Dorili klizmalar

Dori moddalarini og‘iz orqali kiritish mumkin bo‘lmasa yoki bunga mon’yelik qiladigan holat bo‘lsa, ularni to‘g‘ri ichak orqali organizmga yuboriladi. Bunda gemorridial venalar dorilarni so‘rib oladi va ular jigarni chetlab o‘tib tezda qonga o‘tadi. Dorili huqnalar mahalliy va umumiy ta’sir qiladigan bo‘ladi. Birinchisi yo‘g‘on ichakda yallig‘lanish jarayonini kamaytirish maqsadida, ikkinchisi esa organizmga ba’zan uzoq vaqtgacha dori yoki oziq moddalarni kiritish uchun qo‘llaniladi. Mikrohuqnalar orqali bemor organizmiga ko‘pincha og‘riqsizlantiradigan, tinchlantiradigan va uxlatadigan moddalar yuboriladi.

Tomchili muolajalar

Ko‘p miqdordagi yo‘qotilgan qon yoki suyuqlik o‘rnini to‘ldirish uchun uzoq vaqt ta’sir qiladigan dorili huqnalar qo‘llaniladi (tomchilab yuborish usuli) 5 foizli glyukoza eritmasi va izotonik natriy xlorid eritmasi bilan ko‘p miqdorda yuboriladi.

Oziqli klizmalar

Oziqli moddalarni og‘iz orqali kiritib bo‘lmagan hollarda ularni to‘g‘ri ichak orqali yuborish mumkin. Bu sun’iy ovqatlantirish turlaridan biri hisoblanadi. Oziqli huqnalarning qo‘llanish doirasi juda chegaralangan. Chunki, huqna yordamida suyuqlik kiritiladigan yo‘g‘on ichakning pastki bo‘limida faqat suv, izotonik natriy xlorid eritmasi, glyukoza eritmasi va spirt so‘riladi. Oqsillar va aminokislotalar esa qisman so‘riladi.

Kraxmalli huqnalar

Kraxmalli huqnalar ichaklar peristaltikasini kamaytirish va o‘tkir kolit(qabziyat)larda axlatni o‘rab olib, yumshatadigan vosita sifatida qo‘llaniladi. Uni bajarish texnikasi – 5g. kraxmal(kartoshka, guruch, makkajo‘xori, bug‘doy kraxmali) 100 ml. sovuq suvda suyultiriladi va aralashtirilib turgan holda asta-sekinlik bilan unga 100 ml. qaynoq suv qo‘shiladi. So‘ngra bu shifobaxsh aralashma 40 S gacha sovutiladi va to‘g‘ri ichakka yuboriladi.

(Davomi bor)

Ma’rifat TOLIPOVA

tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: