OVOZIMDA, SOZIMDA VATAN!

Mamlakatimiz iste`dodlar makoni. Yurtimizda yoshlarga berilayotgan yuksak e`tibor esa ana shu iste`dodlarning yuzaga chiqishiga zamin yaratmoqda. Xoh sport xoh musiqa xoh ilm-fan sohasida bo‘lsin dunyoning manaman degan mamlakatlari vakillari bilan tengma teng bellasha oladigan yoshlarimiz talaygina. Chehrasidan bolalarga xos beg‘uborlik ufurib turgan Shahzodbek Abduqulov ana shunday iste`dodli yoshlarimizdan.

Angren shahridagi 26-umumta`lim maktabining 8-“a” sinfida a`lo baholarga o‘qish bilan bir qatorda Shahzod 10- Bolalar musiqa va san`at maktabidagi xalq cholg‘ulari sinfning rubob yo‘nalishida tahsil olmoqda. Undagi san`atga, musiqaga bo‘lgan havas maktabga ilk qadam qo‘ygan onlaridayoq boshlangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U 1-sinfdan boshlab san‘at bayramlariga muntazam qatnashib kelmoqda.

Maktabda musiqa o‘qituvchisi Bahoroy Davlatovadan olgan boshlang‘ich musiqiy saboqlar, ustozi Abdulla Xoliqulovning o‘gitlari uni musiqaning sehrli olamiga yetaklab, siru sinoatlaridan boxabar qildi.

– Shahzodbek yosh bo‘lishiga qaramay O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika ko‘rik-tanlovining “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tizimi Toshkent viloyati bosqichida 2-darajali diplom bilan taqdirlandi. Shahzodbek kelgusida o‘z sozi, o‘z ovoziga ega el suygan xonanda bo‘lib yetishiga ishonamiz, — deydi Toshkent viloyati Xalq ijodiyoti va madaniy-ma`rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi rahbari o‘rinbosari Olim Yahyoyev.

Asta-sekin zafarlar qucha boshlagan yosh san`atkor endi o‘zini musiqasiz, qo‘shiqsiz tasavvur qila olmay qoldi. U shahar miqyosidagi tadbirlarda ishtirok eta boshladi. Undagi iste`dodni o‘z vaqtida payqagan Angren shahar A.Navoiy nomli madaniyat markazi badiiy rahbari Rashidxon Qodirxonov Shahzodbekni markaz qoshidagi “Yog‘du” bolalar vokal guruhiga taklif etdi.

Hozirda ushbu guruhda ham o‘z o‘rnini topgan Shahzodbek Abduqulov tengdoshlaridan farqli o‘laroq, o‘z ustida qunt bilan ishlaydi. Onasining ko‘zlarida quvonch, yuzida mamnuniyat aks etmog‘i uchun ham izlanadi, olg‘a intiladi.

– Vatan, Ona mavzularida kuylashni xush ko‘raman. Qo‘shiqchilikning an`anaviy ijrochilik yo‘nalishini tanlaganman. Kelajakda Komiljon Otaniyozov, Ma`murjon Uzoqovlar singari hofiz bo‘lish orzuim, – deydi qahramonimiz.

Biz ham orzulari munavvar tonglardek beg‘ubor Shahzodbekka porloq kelajak tilaymiz.

Muhabbat ABDUQODIROVA,

Angren shahri.

Яна ўқинг:  Навоий – қалб эҳтиёжи

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: