“Toshkent rezina” mahsulotlari:o‘zimizniki barchasidan afzal
Yurtimizda, xalqimiz hayotida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida har qancha gapirsak, har qancha fikr bildirsak oz. Birgina kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan tub islohotlarning natijalari bugun nafaqat xalqimiz tomonidan, balki xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof bilan tilga olinmoqda.
Quvonarlisi, keyingi yillarda sohani yanada rivojlantirishga keng yo‘l ochib berilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
– Hukumatimiz tomonidan tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratilishi va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi tahsinga loyiq, – deydi “Toshkent rezina” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Durbek Islombekov. – Ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka erkinlik berish, ular faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga alohida urg‘u berilgan.
Ta’kidlash joizki, “Toshkent rezina” korxonasi yaqinda poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi. Ushbu nufuzli tadbirda yurtimiz hamda xorijdagi ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.
– Ushbu ko‘rgazma biz kabi ishbilarmonlar faoliyatini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarayotgan mahsuloltlarimizni keng ommaga tanishtirish uchun ayni muddao bo‘ldi. Eng muhimi, ko‘plab mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan foydali bitimlar imzoladik, – deydi “Toshkent rezina” korxonasi direktor o‘rinbosari Ravshan Muhiddinov.
Ushbu korxona xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlariga kerakli bo‘lgan rezina mahsulotlarini yetkazib beradi. Tayyor mahsulotlarning sifati, hamyonbopligi, foydalanishdagi qulayligi ko‘plab hamkorlar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. Bu esa korxonaning ishlab chiqarish faoliyati puxta reja asosida olib borilayotganini ko‘rsatadi.
Aytish kerakki, Sergeli tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari, ayniqsa, “Toshkent rezina” korxonasi aholi bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Korxonaning barcha xodimlari yaratilayotgan imkoniyatlar va davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlarga bildirilayotgan yuksak ishonchni oqlab, yurt obodligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida astoydil mehnat qilishayotir.
Bu yerda ishchi-xodimlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, tumandagi kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi ham to‘g‘ri tashkil etilgan.
Ayniqsa, Qurbon Qurbonov, Botir Tojiboyev, sex boshlig‘i Adham Mansurovlar yosh xodimlarni ishlab chiqarish faoliyatiga moslashishiga katta ko‘mak bermoqda. Ishxonada ishchilar uchun maxsus kiyim-kechaklar va bepul ovqatlanish tashkil qilingan.
Shuningdek, korxona tomonidan homiylik ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Paralimpiya sportini rivojlantirishga, poytaxtimizning Sergeli tumani va Toshkent viloyatining Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi ko‘plab keksalarga va Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilariga doimiy ravishda yordam berib kelinayotgani ushbu xayrli ishlarning amaliy ifodasidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yilning 7 yanvar kuni prokuratura sohasining bir guruh xodimlari bilan uchrashuvda “Tadbirkor boy bo‘lsa, davlat ham, xalq ham boy bo‘ladi. Tadbirkor bankdan kredit olsa, uni foizi bilan to‘laydi. Shunga qaramasdan tavakkal qilib, huzur-halovatidan kechib, bor imkoniyatini, mablag‘ini xavf-xatarga qo‘yib, o‘z ishi uchun kecha-kunduz jonini berib ishlaydi. Shu yo‘l bilan nafaqat o‘zini, oilasini, balki el-yurtini ham boqadi. Shu ma’noda tadbirkor – bu haqiqiy fidoyi inson. Men bunday odamlarni, loaqal ikkita ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman”, deya ta’kidlagan edi.
Quvonarlisi, davlatimiz rahbarining bunday jonkuyarligi tadbirkorlar faoliyatida o‘zining ijobiy mevasini bermoqda. Buni esa “Toshkent rezina” korxonasi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Oygul RAZZOQOVA,
jurnalist