Kechikkan tomoshabinlar: madaniyat maskanidagi madaniyatsizlik xususida
Qo‘g‘irchoq teatri. Har gal shu nom tilga olinganda mo‘jizaviy maskan, uning tomoshabini bo‘lmish jajji bolajonlar ko‘z oldimizda gavdalanadi.
Bu qutlug‘ dargohga tashrif buyurgan har bir inson yoshidan qat’iy nazar spektakl voqealariga hayrat ko‘zi bilan boqadi. Voqealardan o‘zi uchun saboq, savollariga esa javob izlaydi.
Poytaxtimizdagi Respublika qo‘g‘irchoq teatriga bolaligimdan tez-tez borib turaman. Yaqinda ushbu teatrda faoliyat yuritadigan tanish aktyorning taklifi bilan bu maskanga yana bir bor “mehmon” bo‘ldim. O‘sha kuni barcha bolajonlar uchun sevimli bo‘lgan “Etik kiygan mushuk” spektakli premyerasi bo‘layotgan ekan. Ota-onalar yetaklab kelayotgan jajji tomoshabinlar bir zumda tomosha zalini to‘ldirdi.
Bolalar teatrida menga eng manzur bo‘ladigan holatlardan biri tomosha avvalida kichkintoylar sabrsizlik bilan spektakl boshlanishini kutib, qarsak chalishlaridir. Jajji tomoshabinlarning xursandchiligi menga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Ularni kuzata turib, beixtiyor beg‘ubor olamga tushib qolganday bo‘laman.
Nihoyat tomosha boshlandi. Qahramonlar birin-ketin parda ortidan sahnaga chiqib kela boshladi. Teatr zali suv quygandek jim-jit… Shu payt bir guruh kechikuvchilar tomosha zaliga shovqin solgan holda bamaylixotir kirib kela boshlashdi. Jajji tomoshabinlarning diqqati boshqa tomonga, ya’ni kechikib kelgan tengdoshlari va ularning ota-onalariga qaratildi.
Spektaklni orqa qatorda tomosha qilarkanman, kechikuvchilarning navbatdagi guruhi turnaqator bo‘lib, zalga kirib kela boshladi. Nazoratchi opa ulardan spektaklni orqaroqda tomosha qilishni, jajji tomoshabinlarga xalal bermaslikni so‘radi. Bu esa tomoshaga kechikib kelgan onalardan biriga yoqmadi. U zal kuzatuvchisiga baland ovozda o‘z e’tirozini bildira boshladi:
– Men chiptani birinchi qatorga olganman. Shunday ekan spektaklni farzandim bilan o‘zimizning joyda tomosha qilamiz, – deya hammani e’tiborini o‘ziga tortib oldinga intildi. Ular borib joylariga o‘rnashguncha bolajonlar diqqati yana bo‘lindi…
– Tomoshabinning tomoshaga kechikib kelishi, shubhasiz, biz aktyorlarning sahnadagi faoliyatimizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Spektaklning mazmunli chiqishida esa diqqatni jamlash, obrazga to‘laqonli kirishish muhim ahamiyatga ega, – deydi Respublika qo‘g‘irchoq teatri aktyori Oxunjon Ibodov.
Shunday payt o‘ylab qolasan kishi. Qo‘g‘irchoq teatri 45 daqiqa, nari borsa 1 soat davom etuvchi tomoshani o‘z ichiga oladi. Xo‘sh, bola spektaklning yarmidan tomoshaga kelsa, u nimani tomosha qiladi? Spektakldan qanday saboq oladi? Ommaviy axborot vositalarida bot-bot tilga olinayotgan tomoshabin madaniyati shakllanishining ilk bosqichi ham aynan bolalikdan boshlanmaydimi?
Fikrimcha, biz qachonki farzandlarimizga o‘rnak bo‘la olsak, ular ortimizdan ergashadi. Agar yuqoridagi holatlarga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsakchi? Ular biz bilan qayoqqa ergashadi?
Teatr ostonasini hatlab, tashqariga chiqarkanman ota-onalar, bobo-buvilar bilan hamrohlikda kelgan shirindan-shakar bolajonlarga duch kelaman. Qiziqish ustun kelib, ularning o‘zaro suhbatlariga quloq solaman.
Bolajonlar suhbat asnosida spektakl va unda sodir bo‘lgan voqealar, tomoshadan olgan taassuroti, buni bog‘chadagi o‘rtoqlariga aytib berishini to‘lib-toshib so‘zlab beradi.
O‘ylab qolasan kishi, tomosha zaliga kech kelgan bolakay ham ko‘rgan spektaklining mazmunini tushunib yetdimikan?!
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri
Mahkam ABDULLAYEV chizgan rasm