Marraga birinchi bo‘lib kelish uchun faqat omad kamlik qiladi
Bir necha xalqaro turnirlar g‘olibi, 2016 yil Farg‘onada bo‘lib o‘tgan “Universiada” sport o‘yinlari rekordchisi, iste’dodli yengil atletikachi Nigina Sharipovani muxlisu mutaxassislarga tanishtirishning hojati yo‘q. Qahramonimiz o‘tgan yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. E’tiborlisi, u endigina 22 bahorni qarshiladi. Bunda qandaydir o‘ziga xos sir bormikan, degan o‘ylar bilan Niginaning muvaffaqiyatlari borasidagi mulohazalariga qiziqdik.
– Menimcha, sportda omad, mehnat va ruhiy tayyorgarlik muhim rol o‘ynaydi. Qolaversa, bu sohada muvaffaqiyatga erishish uchun sportchining kuchli fe’l-atvori bo‘lishi kerak. Eng asosiysi, o‘ziga bo‘lgan ishonchdir.
Men sportchilar oilasida kamol topganman. Otam jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha saboq bersalar, onamning ruhan qo‘llab-quvvatlashlari menga katta kuch bag‘ishlaydi. Ayniqsa, Rio-de-Janeyro Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun shug‘ullanayotgan paytlarda yaqinlarimning ruhiy ko‘magi o‘zimga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi.
– Bilishimizcha, jahonda har bir sport turi bo‘yicha yetakchilik qiladigan terma jamoalar bo‘ladi. Bunga badiiy gimnastika, sinxron suzish yoki figurali uchish bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda rossiyalik qizlarning muvaffaqiyatli ishtirokini misol qilish mumkin. Yengil atletika bellashuvlarida afrikalik yuguruvchilarning natijalari yillar davomida ana shunday “an’ana”ni shakllantirgan…
– Startga chiqqanimda o‘zimni bellashuvga ruhan tayyorlayman. To‘g‘ri, raqiblarim juda baquvvat, ular musobaqalarda doim yetakchilar safida e’tirof etiladi. Shunday paytlari menga ruhan dalda bo‘ladigan shiorlarim bor – “Men yugurish yo‘lagiga g‘olib bo‘lish uchun chiqyapman, qolganlar mag‘lub bo‘lmaslik uchun”, “Sportchi doim raqibini hurmat qilib, o‘zining kuchigagina ishonishi kerak”, “Hozir yengilsang, vaziyat yaxshilanmaydi”… Bugungi kungacha AQSH, Polsha, Chexiya, Malayziya, Xitoy davlatlarida o‘kazilgan nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etganman.
– May oyida Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan Islom Birdamligi o‘yinlarida ikkita medalga sazovor bo‘lganingiz bizni nihoyatda quvontirdi…
– Odatda musobaqalarda ikkita yo‘nalish – 100 hamda 200 metrga yugurish bo‘yicha ishtirok etaman. Mazkur turnirda ham 200 metrga yugurish bo‘yicha bronza, 100 metr bo‘yicha esa kumush medalga sazovor bo‘ldim. Albatta, Vatanim sharafini munosib himoya qilganimdan, bayrog‘imiz yuqoriga ko‘tarilganidan cheksiz baxtiyor bo‘ldim. Shohsupaga ko‘tarilgan paytda qalbimda qanday hissiyotlar kechganini sizga so‘z bilan ifodalab berolmayman.
– Mavsum doirasida yana qanday musobaqalarda ishtirok etasiz?
– Hozirda mashg‘ulotlar qizg‘in pallaga kirgan. Iyul oyida Hindistonda o‘tkaziladigan Osiyo chempionati, Xitoy Taypeyida bo‘ladigan Universiada o‘yinlarida munosib ishtirok etishni niyat qilganman. Shu bilan birga jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni ham o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.
– Yuqori natijalarga erishgan sportchilar bilan suhbatlarimizda ular muvaffaqiyatlarining yana bir kaliti sifatida ko‘p kitob mutolaa qilishlarini e’tirof etishadi. Siz ham bo‘sh paytlaringizda kitob o‘qib turasizmi?
– Ha, albatta. Bo‘sh vaqtlarimda kichik hajmdagi xikoyalarni o‘qishni yoqtiraman. Ayniqsa, mumtoz asarlarni xush ko‘raman. Shu bilan birga psixologiyaga oid izlanishlardan o‘zimga kerakli ma’lumotlarni olaman. Boisi, sportchilarning yuqori natijalarga erishishlarida psixologik tayyorgarlikning alohida o‘rni bor.
– Har bir insonning hayotida qiyin vaziyatlar bo‘ladi. Sport sohasi ham bundan mustasno emas. Sizda ham “Bo‘ldi, yetar, hammasini tashlayman” degan paytlar bo‘lganmi?
– Avvaliga tennis bilan shug‘ullanganman. 12 yoshimda esa ota-onam menga yengil atletika bilan mashq qilishni maslahat bergan. Dastlab mashg‘ulot menga juda zerikarli tuyulgan. Keyinchalik esa hayotim ushbu sport turi bilan bog‘landi. Sekin-asta yaxshi natijalarga erisha boshladim.
Sport olamiga kirib kelgan ilk kunlarimdan ota-onam meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan. Inson uchun oiladagi muhit, yaqinlarining ko‘magi nihoyatda zarur. Aynan sportchilar oilasida tug‘ilganim ham bugungi kundagi muvaffaqiyatlarimga zamin hozirlagan bo‘lsa, ajab emas. Buning uchun yaqinlarimdan bir umr minnatdorman.
Yulduz ORTIQOVA suhbatlashdi.