Jismoniy tarbiya va ommaviy sport yangi bosqichga ko‘tariladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlanib, unga muvofiq keng ko‘lamli, aniq maqsadli ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, dasturga muvofiq:
jismoniy tarbiya va sport sohasini tashkil etish va boshqarish tizimini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qonunchilikni yanada takomillashtirish;
jismoniy tarbiya va sport sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport komplekslarini qurish, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlash, mazkur sohada xususiy sektorni rivojlantirish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalarini ilmiy-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sport maktablarini yuqori malakali murabbiylar va tibbiyot xodimlari bilan ta’minlash;
ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari, aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya, ommaviy sport ishlarini tashkil etish, kompleks sport musobaqalarini o‘tkazish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va ularni maqsadli tayyorlash kabi yo‘nalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Dastur ijrosi doirasida sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktablari va bolalar-o‘smirlar sport maktablarining shtatlar jadvaliga “Sportchi” lavozimi joriy etilishi O‘zbekiston milliy terma jamoalari a’zolarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan muhim qadam vazifasini o‘taydi.
Dasturda, shuningdek, barcha ta’lim muassasalari sport inshootlarida darsdan so‘ng o‘quvchi va talabalar uchun sport to‘garaklari hamda sport klublari faoliyatini tizimli tashkil etish va boshqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida hamda bolalar-o‘smirlar sport maktablarida “Sport to‘garagi va seleksiya bo‘yicha trener” lavozimini kiritish belgilangan.
Bundan tashqari dasturda jismoniy tarbiya va sportga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari va sport klublari faoliyatini olimpiya, milliy va boshqa sport turlari kesimida reyting baholash tizimini joriy etish belgilangani ularning faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonining ta’sis etilishi esa soha fidoyilari mehnatini yanada munosib rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Dasturga ko‘ra, o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan uch bosqichdan iborat “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari dasturlarini sportning ommaviy turlari hisobiga kengaytirish, nufuzini oshirish va musobaqa g‘oliblarini munosib rag‘batlantirish tizimini tubdan takomillashtirish nazarda tutilgan.
Qarorda o‘z yechimini topgan muhim masalalardan yana biri – hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida sport tibbiyoti bo‘limlarining tashkil etilishi va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash belgilab qo‘yilganidir.
Dastur doirasida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida jami 995,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi nazarda tutilgan bo‘lib, shundan 706,2 milliard so‘mdan ortiq qismi ushbu yillarda jami 167 ta sport inshooti, jumladan, 90 ta sport majmuasi va 77 ta suzish havzasini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda jihozlash va qayta jihozlashga yo‘naltiriladi.
Qaror va dastur doirasida belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi jismoniy tarbiya va ommaviy sportning jamiyatimiz hayotidagi rolini yanada kuchaytirish, aholining barcha qatlamlari orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarga o‘z qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish orqali ularni ommaviy tarzda sportga, sog‘lom turmush tarziga oshno qilish, qolaversa, nufuzli xalqaro maydonlarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan mashhur sportchilarimiz saflarini tobora kengaytirishga xizmat qiladi.