Buxoroda XVI an’anaviy ipak va ziravorlar xalqaro festivali boshlandi
Buxoro viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan festival milliy hunarmandlikni rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, hunarmandlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, turizmni yanada ravnaq toptirish, Buxoroni jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Festival ko‘hna Ark qal’asi oldida qadim davrlarni eslatuvchi teatrlashtirilgan tomoshalar bilan boshlandi. Karnay-surnay sadolari yangrab, o‘tmish lavhalari, ertak qahramonlari aks ettirilgan bayramona tantanali yurish festival tadbirlari markazi bo‘lgan Labi hovuz majmuasi tomon yo‘l oldi.
Labi hovuzda o‘tkazilgan festivalning ochilish marosimida Buxoro shahar hokimi I.Farmonov, AQSHning «Santa-Fe – Buxoro” birodarlashgan shaharlar qo‘mitasi raisi Kerol Robertson Lopes, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sayyohlar, yoshlar ishtirok etdi. Prezidentimiz rahnamoligida turizm va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Festivalda jahonning ko‘plab davlatlaridan xalq amaliy san’ati ixlosmandlari, mutaxassislar, sayyohlik tashkilotlari vakillari, hunarmandlar ishtirok etgani xorijda yurtimizga, xalqimizning moddiy va ma’naviy merosiga qiziqish yil sayin ortib borayotganidan dalolatdir.
Tadbir doirasidagi ko‘rgazma-savdo rastalarida Buxoro mis-kandakorlik asarlari, kulolchilik va zargarlik buyumlari, zardo‘zlik liboslari, devoriy kashtalar, vodiyning atlasu adraslari, do‘ppilari, chinni idishlari, Surxonning jun va ipakdan ishlangan mahsulotlari, toshkentlik ustalarning yog‘och o‘ymakorlik ashyolari, Jizzaxning biser-munchoqli san’at asarlari, umuman, yurtimiz va xorijlik hunarmandlarning ipak mahsulotlari, ziravorlar, giyohlardan tayyorlangan shifobaxsh darmondorilar namoyish etildi. Buxoro rassomlik va miniatyura, zargarlik, zardo‘zlik, mis-kandakorlik, temirchilik, gilamchilik va G‘ijduvon kulolchilik maktablari ustalarining mahorat darslari tashkil etildi.
– Ushbu an’anaviy festivalda ko‘p qatnashganman, – deydi marg‘ilonlik usta Tolibjon Aliyev. – Bu galgi festivalda oilamiz a’zolari to‘qigan 9 xil mato qo‘yilgan. Mahsulotlarimizga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlar ham katta qiziqish bildirayotganidan xursandmiz.
Festivalda barcha viloyatning folklor-etnografik jamoalari o‘z dasturini namoyish etmoqda. Ayniqsa, milliy sport musobaqalari, xalq o‘yinlari ishtirokchilarga manzur bo‘layotir. Tadbir doirasida taniqli modelyerlar, yosh dizaynerlar ishtirokidagi “O‘zbek ipagi – dunyo nigohida” deb nomlangan dastur, milliy taom – palov tayyorlash bo‘yicha oshpazlar ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.
– Buxoroga kelganimga uch kun bo‘ldi, – deydi shveysariyalik sayyoh Liz Smis. – Shaharning tarixiy qismidagi betakror me’moriy obidalarni hayrat bilan tomosha qildim. Tasodifni qarangki, safarim Ipak va ziravorlar festivaliga to‘g‘ri kelibdi. Betakror hunarmandlik mahsulotlari, folklor qo‘shiqlari menda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekistondagi tinchlik-osoyishtalikka havasim keldi, xalqingizning mehmondo‘stligi, odamlar yuz-ko‘zidagi ertangi kunga ishonch meni hayratga soldi. Hech qachon, hech qaysi yurtdan bu yerdagi kabi go‘zal taassurotlar tuymaganman. Imkon tug‘ilsa, kelgusi yil ham festivalga albatta kelaman.
Festival doirasida o‘tkazilgan “Buxoro turistik erkin iqtisodiy hududini yaratish imkoniyatlari va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada viloyatda turizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Erkin Yodgorov,
O‘zA