Yurtimiz bo‘ylab an’anaviy “Kitob bayrami” o‘tkaziladi
25-27 may kunlari O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlarida hamda Toshkent shahrining G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida an’anaviy respublika “Kitob bayrami” tashkil etilmoqda.
Tadbir doirasida adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy hamda ensiklopedik yo‘nalishdagi kitoblar taqdimoti, noshir va mualliflar, adib va shoirlar, kitob grafikasi rassomlarining kitobxonlar bilan bevosita ijodiy uchrashuv-muloqotlari, mushoiralar, sovrinli intellektual viktorinalar, shuningdek, “Kitobsevarlarni qutlaymiz!” konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.
26 mayda “Kitob – millatning bebaho madaniy va ma’naviy merosi” mavzuidagi V ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkaziladi.