Jamiyat barqarorligi – aholi salomatligida
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Tibbiy-ijtimoiy Markaz mutaxassislari ko‘p yillardan buyon aholi salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida qator ibratli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Tibbiy-ijtimoiy Markaz rahbari Hotam Rizayev boshchiligida faoliyat olib borayotgan akusher-ginekolog Siyara Jambekova, Nodira Ro‘ziyeva, shifokor Nasiba Gapparova, bolalar shifokori Nigina Sa’dullayeva, hamshiralar Shohista Mahamadjonova, Zilola Mirzakarimova, sanitar-haydovchi Bosit Xoliqovlar hamda Hududlararo tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi a’zolari shifokor Zuhra Musaxo‘jayeva, akusher-ginekolog Gulshad O‘razniyazova, hamshiralar Muhabbat Mirsaidova, Shohista Rixsiyeva, sanitar-haydovchi Jumadilla Ko‘kayevlar har bir oilaning, ayniqsa chekka qishloqlardagi oilalarning ijtimoiy holatini o‘rganib, monitoring olib borishda fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda.
1996 yildan hozirga qadar jamg‘armaning 14 ta tibbiy — ijtimoiy patronaj ko‘chma brigadalari tomonidan 600 mingdan ziyod oilalarning ijtimoiy sharoiti, undagi psixologik muhit, oila a’zolarining ayniqsa, fertil yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smirlarning sog‘ligi o‘rganildi. Oilada sog‘lom turmush tarzini tashkil qilish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borildi. Oilalarga tibbiy va xayriya yordamlari ko‘rsatildi.
1996 yildan beri ko‘chma brigadalar tomonidan 3 mln. nafardan ziyod aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ularning 50 foizdan ziyodini ayollar, 30 foizdan ortig‘ini bolalar, 13 foizdan ko‘prog‘ini o‘smirlar, 3 foizdan ziyodini erkaklar tashkil qiladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tgan aholi orasida turli kasalliklar bo‘yicha bemorlar ro‘yxatga olinib, joylardagi sog‘liqni saqlash tizimi tomonidan nazoratga olinib, sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda.
2011 yildan beri “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining Janubiy Koreyaning “KOFIH” xayriya jamg‘armasi bilan hamkorligi bois Tibbiy-ijtimoiy markaz grant mablag‘i evaziga zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi binoda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Ayniqsa, barcha viloyatlar bo‘yicha o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida jamoatchilik bilan hamkorlikda oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularni erta turmushga berishning oldini olish, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi tushuntirish va targ‘ibot ishlari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ya’ni, yoshlarda o‘zining hamda yaqinlarining salomatligiga e’tibori, tibbiy madaniyat oshmoqda. Birgina 2013 yilning birinchi choragida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari tomonidan respublika bo‘yicha 271 ta qishloq va 699 ta mahallada, o‘quv muassasalari harbiy qismlar, korxona va tashkilotlarda 56 mingdan ziyod aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shulardan jami 14 ming nafardan ziyod o‘smir qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur maslahatlar berildi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami va nogironlarni tibbiy-ijtimoiy himoya qilish va ularga insonparvarlik yordami ko‘rsatish maqsadida tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari tomonidan bepul dori-darmonlar, sanitariya va gigiyena vositalari, kiyim-kechaklar, oziq-ovqat mahsulotlari va nogironlik aravachalari xayriya yordami sifatida tarqatildi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri