Qayga uchayapsiz, oqqushlar?!

Rashid aka (ismi o‘zgartirilgan) hafta oralamay Toshkentga keladi. “MAN” rusumli shinamgina avtobusi oqqo‘rg‘onliklarning yaxshi kunlari, to‘y-yu shodiyonasiga xizmat qiladi.

– To‘ydan boshingiz chiqmasin, aka, – deyman har gal, – xalqning xizmatida bo‘lish savobli…

– Nasibamizni elning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilib topamiz, – deydi kulib Rashid aka, – to‘ychilik – elchilik, kuyovga guvoh yetishmasa, kuyovjo‘rayam bo‘lib ketaveramiz…

– Ey, bu nima deganingiz, o‘zbekning og‘a-inisi, urug‘-aymog‘i ko‘p?! – Taajublanaman…

– Ukam, shunday to‘ylar bo‘ladiki, kuyovning yolg‘iz o‘zi keladi. Chet ellik kuyovto‘raning qarindosh-urug‘i bilan kelishi “qoplamasa” kerak-da… – miyig‘ida iljayadi. – Qizlarimizga janubiy koreyalik yigitlardan xaridor ko‘paygan. Pulni to‘laydi, qizni oqqushday yasantirib to‘y qilib beradi, keyin ikki yosh yarim orol tomon uchib ketadi.

Ana xolos, xalqimizda “Sinalmagan otning sirtidan o‘tma”, degan naql bor. Asrlar silsilasida toblangan hikmatlarimizni ham hatlab “baxt” safariga otlangan qizlarning “jasorati”ga qoyil!

 

Qalini qimmat qizlar

Aslida bu mavzuda qalam “qayrashimga” internet nashrlardan birida yoritilgan axborot sabab bo‘ldi. Xabarda xususan, shunday keltiriladi:

“… Janubiy Koreya Xalqaro oila assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra koreyalik bo‘ydoqlar mamlakatda har qadamda uchraydigan to‘y agentliklari xizmatidan keng foydalanadi. Agentliklar mo‘maygina pul evaziga asosan O‘zbekiston, Xitoy, Filippin, Kamboja, Vyetnam kabi mamlakatlardan kelin topish bilan shug‘ullanadi. To‘y agentliklari o‘rtacha narxlarini e’lon qilar ekan, ushbu mablag‘lar hujjat ishlari va to‘y xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi. Unga ko‘ra janubiy koreyalik bo‘ydoqlar O‘zbekistondan uylanish uchun to‘y agentliklariga o‘rtacha 23 ming 750 AQSH dollari to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, koreyslar uchun Xitoydan uylanish 12,7 ming, Vyetnam, Kamboja, Filippin, va Mo‘g‘ulistondan uylanish 14 ming, Loas, Nepal va Tailanddan uylanish 18 ming dollarga tushadi.

Janubiy Koreya Milliy Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra mamlakatda chet ellik ayollar bilan turmush qurib, so‘ng tez orada ajrashish holatlari yildan yilga oshib bormoqda”.

Ushbu axborotda Siz, aziz o‘quvchini o‘ziga jalb qilgan jihat o‘zbek qizlarining bahosi baland ekanidir. Orasta-yu oqila, go‘zal qizlarimiz, aslida bebaho! Otalarning ori, aka-ukalarning nomusi, xonadonlarimizning farishtasi, fayzini qanday qiymatda baholash mumkin?

Barchamiz baxt tarafdorimiz. Ammo bir ajnabiy xonadonining ostonasida xo‘rlanayotgan yoki boshini egib ota makonga qaytib kelgan opa-singillarimiz taqdiri hech kimni befarq qoldirmasa kerak?!

 

Ostonadagi “ovchi”lar

Ushbu mavzu yuzasidan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari, tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulnora Abdunozimova bilan telefon orqali bog‘landik. Tuman xotin-qizlari yetakchisi hududda bu kabi nikohlar yildan yilga kamayib borayotgani, chet elga turmushga chiqib ketayotgan qizlar bilan (xabar topganida) suhbatlar o‘tkazayotgani, aholi orasida bu borada tushuntirish ishlari olib borayotgani haqida qisqacha so‘zlab berdi.

Yana o‘qing:  2020 yilgi Olimpiya o‘yinlarida uchar taksilar xizmat qiladi

Bu boradagi ma’lumotlarni tahririyatga rasmiy tarzda berishini so‘rab faksogramma yubordik. Bir haftadan oshiqroq so‘rovlarimizdan so‘nggina telefon orqali yana bir-ikki ma’lumotga ega bo‘ldik. Oqqo‘rg‘on tumanidan 2015 yilda 14 nafar, 2016 yilda o‘n nafar qiz chet elliklarga turmushga chiqqan. 2017 yilning shu davriga qadar uch nafari ajrashgan. Ikki nafariga nikoh rasmiylashtirilgan, dang‘illama to‘y berilib, elga ovoza qilinganu chet ellik “bo‘ydoq”larning tanlov borasida fikri o‘zgarib, nikoh asossiz buzilgan.

Bu birgina tuman miqyosidagi ma’lumotlar, xolos.

Xo‘sh, bu nikohlarga sabab bo‘layotgan, qizlarning qo‘ynini “puch yong‘oqqa to‘ldirib” “baxt”ga yo‘llayotganlar kimlar? Ular nimaning evaziga bu ishga “bosh-qosh” bo‘lmoqda? Ular ham qaysi bir qishloqda, mahallada balki yon qo‘shnimiz bo‘lib yashayotgandir.

Xorijiy to‘y agentliklari qay yo‘l bilan yurtimiz oilalari ostonasiga kirib kelmoqda? Afsuski, savollar ochiq qolayapti. Bizga shunisi ayon: “Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi”.

Namangan viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan bog‘landik. Kotibiyat mudirasi Umida Mamajonova bizga ushbu mavzuni yoritishda yaqindan ko‘mak berishga anchagina chog‘landi. Uch-to‘rt kunlik urinishlarimiz zoye ketmadi. Chust tumani hokimi o‘rinbosari, tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nasiba Bozorovaning telefon raqamlarini berdi:

– Opa savollaringizga javob topib beradi, uzoq yillardan beri ishlaydi. Qolaversa, Chust tumani namunali hudud, – deydi mudira iltifot bilan.

Ajablanasan, yoritilayotgan mavzuga tumanni namunali ekanining nima aloqasi bor. Chust ayollari yetakchisidan eshitganimiz esa quyidagi so‘z bo‘ldi: “Tadbirdaman, tadbirda…”.

 

Muhabbatmi, manfaat?

Mavzuni kengroq o‘rganish maqsadida Respublika Oila ilmiy-amaliy markazi katta ilmiy xodimi, pedagogika fanlari nomzodi Risolat Shamsiyeva bilan muloqotda bo‘ldik:

O‘ziga munosib turmush o‘rtoqni tanlash har bir ayolning shaxsiy huquqidir. Ammo ba’zi yurtdosh xotin-qizlarimizning millati, dini, turmush tarzi, oila tutumi o‘zgacha bo‘lgan chet ellik fuqarolarga turmushga chiqishi, aniq ayta olamanki, muhabbat ustida qurilgan nikoh emas. To‘kin hayot, farovon turmush orzusida ayollarimiz, qizlarimiz bu yo‘lni tanlamoqda.

Yaqinda odmi kiyingan andijonlik yosh juvonga ro‘baro‘ keldim. Turmushdan ajragan, hayotdagi qiyinchiliklar yuzida aks etib turgan bu ayol yo‘l xarajatlari uchun qarz ko‘tarib, poytaxtga chet elga turmushga uzatadigan to‘y agentligini izlab kelibdi. Emishki, u istiqomat qiladigan hududdan bir necha qizlar Janubiy Koreya fuqarosiga turmushga chiqib baxtli hayot kechirayotgan ekan. Uning maqsadi ortidagi oilasining iqtisodini shu yo‘l orqali yaxshilashga erishishdir. Ayolning kichik jussasi va ko‘nglidagi yukning zalvorini biz bilmaymiz. Turmushidagi qiyinchiliklarni bu yo‘l bilan bartaraf etishi noto‘g‘ri ekanini unga tushuntirish lozim.

Ayonki, chet ellik bilan turmush qurib ketayotganlarning kamchiligi nikohini saqlab qolayapti. Ko‘pchiligi ajrashib o‘z yurtiga qaytib kelmoqda. Oqibatda, muammo muammoni keltirib chiqarmoqda.

Oila ilmiy-amaliy markazi hozirda yurtimizdagi oilalarning ma’naviy, pedagogik-psixologik, tibbiy, demografik va iqtisodiy holatlarini yaqindan o‘rganib kelmoqda. Oilalarning demografik holatlarini o‘rganishda xotin-qizlarning mehnat migratsiyasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ammo yurtimiz xotin-qizlarining chet el fuqarolari bilan turmush qurib mamlakatdan chiqib ketishi, ajrimlarni statistika va ilmiy nuqtai nazardan o‘rganish bo‘yicha izlanishlar olib borilmayapti.

Yuqoridagi axborotda Janubiy Koreya Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra mamlakatda chet ellik ayollar bilan turmush qurib, so‘ng tez orada ajrashish holatlari yildan yilga oshib borayotgani aytilgan. Shunday bo‘lsa-da, koreys yigitlari chet ellik qizlarga uylanish ahdidan qaytganmas. Xo‘sh, ular uchun oqila oila bekasi kerakmi yoki minglab gektar sholipoyalar, garmdori dalalari uchun “qo‘li kasov, sochi supurgi” dastyor?

Yana o‘qing:  Prezident Shavkat Mirziyoev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi

Oilasi buzilib yurtga qaytgan ayollarning ko‘pchiligi og‘ir mehnat sharoitlaridan hamda yomon munosabatlardan aziyat chekkani aniqlangan. Ammo to‘kis hayot kechirayotganlari ham yo‘q emas, afsuski, ular kamchilikni tashkil qiladi.

 

Kezi kelganda…

Xo‘sh, milliy an’analarimizning muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan sovchilikni faoliyat turiga aylantirgan to‘y agentliklari yurtimizda ham mavjudmi?

Bu borada internet tarmog‘iga murojaat qilamiz. Qidiruv zoye ketmadi… “SOVCHI ELIT” nikoh agentligi.

Poytaxtda joylashgan mazkur vakillik idorasida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Nikoh agentligi faqat yurtimiz fuqarolari uchun xizmat ko‘rsatar ekan. “SOVCHI ELIT” nikoh vakilligi direktori, filologiya fanlari nomzodi Baxtiya Shamsiyevaning mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz:

Avvalo kelinni va kuyovni ijtimoiy kelib chiqishi, oilaviy mavqei, moddiy sharoiti, yoshlarning dunyoqarashi va hayotdagi qiziqishlari o‘rganib chiqiladi. Shundan so‘ng qizlarning uyiga kuyov tomonidan sovchilar oldin qizning onasiga ko‘ng‘iroq qilib, o‘zini tanishtirib keyin boradilar.

Faoliyatimiz davomida 400 nafarga yaqin yoshlarning oila qurishiga sababchi bo‘ldik. Shulardan 4 nafari o‘zlariga bog‘liq sabablar bilan ajrashgan. Bu yuz foiz ko‘rsatkichga nisbatan bir foizni tashkil etadi. Biz topadigan kuyov yoki kelinlar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, ularning aksariyati o‘qish yoki ishlash maqsadida turli davlatlarda istiqomat qilishadi. Chet mamlakat fuqarolariga kelin topish juda mushkul, mas’uliyatli vazifa. Xorijiy madaniyat, urf-odatlar va boshqa omillarni hisobga olish zarur. Shu sababli biz bu yo‘nalishda faoliyat yuritmaymiz.

Murojaat qilayotgan xotin-qizlarning ma’lum qismini 30-40 yoshlilar yoki turmushidan ajraganlar tashkil qiladi.

Murojaat qiluvchilar bilan avvalo, yakkama-yakka suhbat olib boramiz, savol-javob o‘tkaziladi. Bu orqali ular bilan ishlay olish yoki ishlay olmasligimizni aniqlaymiz. Yana bir jihati yoshlarni oilasidagi yoshi ulug‘lardan bexabar bir-biri bilan tanishtirmaymiz.

Chetdan qaraganda ishimiz biznes faoliyatga yo‘naltirilgandek ko‘rinadi, aslida maqsadimiz mablag‘ topish emas. Yoshlarni oiladek muqaddas oshyonga birlashtirish azaldan yoshi ulug‘larimizning vazifasi bo‘lib kelgan, bu ishga beminnat savob sifatida qaralgan. Tashkilot faoliyat yuritishi uchun esa, albatta, zamin – mablag‘ zarurati bor. Ushbularni inobatga olib, qizlar uchun bir yil davomida 200 ming so‘m, yigitlar uchun 3 oy davomida 300 ming so‘m miqdorida mablag‘ belgilaganmiz. Ba’zan kamxarj oila farzandlari bo‘lgan qizlarimiz tomonidan to‘lov amalga oshirilmaydi.

Chet el safarlarida ko‘p yurganim sabab bizning davlatda ham bu kabi tashkilotga ehtiyoj borligini tushunganman. Axir zamon shiddat bilan rivojlanmoqda, xalqimizning turmush darajasi yildan yilga oshayapti, bir so‘z bilan aytganda, odamlar shoshib yashamoqda. Ularning hayoti davomiyligini ta’minlashga, oila qurishiga sabab bo‘lish, hayotning oqu qorasini ko‘rgan fuqaroning, ko‘ksida yurak urib turgan insonlarning burchidir.

Xalqimiz farzandlarining hayotini, kelajagini, baxtini o‘zining orzusidan, saodatidan ustun qo‘yadi. Shu bois ularni oq yuvib, oq taraydi, tarbiyat etadi. Ayniqsa, qiz bolani ko‘zi qorachig‘idek asrab-avaylaydi. Unga birovning xasmi sifatida qarab ulg‘aytiradi. Yaxshi xonadon bekasi bo‘lishini niyat qiladi. Ostona hatlab ketayotgan qizini “borgan joyingda toshdek qot”, deb duo qiladi.

Yana o‘qing:  Beg‘ubor olamning bekasi

Ota-ona avvalo, bo‘yi yetgan qiziga sovchilarni mahallasidan, yaqin atrofidan kutar ekan. Bu umid zamirida ne o‘ylar mujassamligida yillar, asrlar xulosasi mavjud.

Balog‘at ostonasidagi qizlar – uchishga shaylangan oqqushlardir. Borar manzillaringiz nurga, baxtga to‘lsin! Parvozingiz ota-onangizning oydin orzulariga, jonajon Vatanimiz manfaatiga esh bo‘lsin, Oqqushlar!

Biroq unutmagan ma’qul: “Ildizidan ajrasa, chinor ham qulaydi”.

 

Faxriddin HAYITOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: