Yangi nizom: mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash tartibi belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10 maydagi qarori (pdf) bilan Vazirlar Mahkamasining mansabdor shaxslariga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari rahbarlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Yo‘l qo‘yilgan aybli harakat (harakatsizlik) uchun mansabdor shaxs intizomiy jazo choralarining quyidagi turlariga tortilishi mumkin:
hayfsan;
lavozim maoshining 50 foizigacha miqdorda jarima;
mehnat shartnomasining to‘xtatilishi (lavozimdan ozod qilish).
Mansabdor shaxsning aybli xatti-harakatlari (harakatsizligi) ijro intizomining tizimli va tanqidiy tahlili asosida, shuningdek, qonunlar, Prezident va Vazirlar Mahkamasi hujjatlari va topshiriqlari ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan maqsadli o‘rganishlar natijalari bo‘yicha belgilanadi.
Mansabdor shaxsning aybli xatti-harakatlari (harakatsizligi) Oliy Majlis palatalari, Prezidnet Devoni, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshirish va o‘rganishlar natijalari bo‘yicha ham belgilanishi mumkin.
Mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi taklif:
unga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risida taklif kiritilgan mansabdor shaxsdan yozma tushuntirish talab qilinishini;
hujjatlar loyihalarini kiritishning belgilangan muddatlarining buzilishiga olib kelgan sabablari tahlil qilinishini;
qonun hujjatlari, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasi hujjatlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida bajarilishi ta’minlanmaganligi, ular ijrosini tashkil etishning va nazoratning past darajasi sabablari tahlil qilinishini o‘z ichiga oladigan xizmat tekshiruvi natijalari asosida kiritiladi.
Intizomiy choralar ijrosi uchun kadrlar xizmati xodimlari umumiy javob beradi, jarima, rag‘batlantirish bo‘yicha to‘lovlarning to‘xtatilishi yoki ularning miqdori pasaytirilishi tarzidagi intizomiy jazolar ijrosi uchun esa davlat (xo‘jalik) boshqaruvining (hokimlik) va boshqa tashkilotlarning tegishli organi moliya xizmati (bosh buxgalter) javob beradi.
Manba: sof.uz