Er yigitga el duosi qanot

Bolalikda har bir o‘g‘il-qizning orzusi osmon qadar bo‘ladi. Ammo shifokorlik kasbini dildan tuygan farzand o‘zgalar dardiga malham bo‘lish, kuyunchaklik va jonfidolikni hayotiy shioriga aylantiradi. Chunki, shifokorning oppoq xalati uning vijdoni kabi pok bo‘lmog‘i zarur. Eng muhimi u insonparvar va muruvvatli qalb sohibi bo‘lishi kerak. Shundagina uning kasb mahorati, tajribasidan el naf ko‘radi. El-yurtning koriga yaragan insonlarni esa xalq duo qiladi. Xalqimizda “Yomg‘ir bilan yer ko‘karar, duo bilan el”, degan maqol bejizga aytilmagan.

Quyida biz ana shunday el duosini olib, kasbidan kamol topayotgan hamyurtlarimizdan biri “Sog‘lom avlod uchun” xal­qaro xayriya jamg‘armasining Surxondaryo viloyati filiali direktori, viloyat OITS markazi bosh shifokori Toshmurod Qobilov haqida hikoya qilamiz.

Sho‘rchi tumanida tug‘ilib o‘sgan Toshmurod aka ham maktabda a’lo baholarga o‘qidi. Yuragining tubida yillar davomida orzulagan kasbi – shifokor bo‘lish istagi uni yanada tunlarni tonglarga ulab kitob o‘qishga undadi. O‘g‘lining sa’y-harakatlarini ko‘rgan otasi Chori bobo va ­onasi Mengsuluv momo unga oq fotiha berishdi. Temirchilikning mashaqqatli mehnatida irodasi toblangan ota va yetti farzandni oq yuvib, oq taragan xokisor hamda mehnatkash ona ham bilimdon insonlarga havas qilishgan.

T. Qobilov Toshkent davlat Tibbiyot instituti(hozirgi Toshkent Tibbiyot Akademiyasi)da ham zukko va faolligi bilan talabalar orasida ajralib turar edi. 1984 yilda u institutni tamomladi. Lav­hamiz qahramoni 1984-87 yillarda Viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi va Termiz shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazida vrach-epidemiolog hamda bo‘lim boshlig‘i, 1987-95 yillarda viloyat Sog‘­liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida ishladi. Shuningdek, 1995-2011 yillarda Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Surxondaryo viloyat filiali direktori, 2011 yildan Surxondaryo viloyati OITSga qarshi kurashish markazi bosh vrachi hamda jamoatchilik asosida yana jamg‘armaning viloyat filiali direktori vazifasida ham faoliyat yuritmoqda.

Toshmurod Qobilov o‘z mehnat faoliyati davrida sog‘lom avlodni kamol toptirish, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Aholining tibbiy-ijtimoiy patronaj ko‘rigidan o‘tkazish va sog‘­lom­lash­ti­rish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironlar, keksa va yolg‘iz qariyalarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kabi xayriya ishlarini uyushtirish, madaniy-ma’rifiy hamda turli sport tadbirlarini tashkillashtirish va o‘tkazishda tashkilotchilik va homiylik qilish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, yuqumli, teri-tanosil hamda OIV, shuningdek, OITS­ning oldini olish profilaktikasiga doir targ‘ibot ishlarini olib borishda o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Yana o‘qing:  Maftunbek madaddan mamnun

Toshmurod aka Qobilov nafaqat o‘z sohasining fidoyisi, balki u ahil oilaning ustuni hamdir. Jonkuyar bu insonning umr yo‘ldoshi O‘g‘iljon Avezova ham shifokor. Uzoq yillik tajribaga ega, malakali mutaxassis O‘g‘iljon opa viloyat Stomatologiya poliklinikasida vrach-stomatolog bo‘lib ishlaydi. Asli xorazmlik qizning taqdiri Toshkentda Toshmurod aka bilan tutashdi. Bu ibratli va inoq oilada uch nafar o‘g‘lon voyaga yetdi. Ular ham ziyoli ota-onasi kabi elning qatoridagi nori bo‘lib, xalq xizmatiga kamarbasta bo‘lishmoqda. Katta o‘g‘il Shavkatjon “Termiz-Sanoat qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bosh muhandis, Temurjon esa viloyat hokimiyatida bosh mutaxassis bo‘lib ishlaydi. Uning asli kasbi yurist. Kenja o‘g‘il Botirjon sportga o‘zgacha mehr qo‘ygan. U sportning dzyu-do, sambo va milliy kurash turlari bo‘yicha bir necha marta respublika birinchiliklari, xalqaro turnirlar, Osiyo va jahon chempionatlarida faxrli 1-2 o‘rinlar g‘olibi bo‘lgan. Hozirda u Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti talabasi.

T. Qobilovning mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. 2008 yilda u “Mehnat shuhrati”, 2011 yilda esa II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeniga munosib topildi.

Ha, “Mehnat qilgan elda aziz”, deydi dono xalqimiz. Mustaqil O‘zbekistonda inson o‘z mehnati bilan obro‘-e’tibor topishini Toshmurod aka Qobilov timsolida ko‘rishimiz mumkin.

Gulchehra ShIRINOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: