Osuda kunlar shukronasi

Jizzax viloyati, G‘allaorol shahridagi Samarqand ko‘chasida umrguzaronlik qilayotgan Omon ota Shoyzoqovning xonadoniga kirib borganimizda saxiy oftob nuri borliqni ilitayotgan edi.

Yuzni qoralab qolgan bu otaxon haqida tanigan-bilganlardan ko‘p yaxshi so‘zlar eshitgandik.

– Urintirib qo‘ymassizlar. Otam hozirgina choy ichib, dam olishga yotgan edi, – dedi yosh juvon.

Shu tobda qaynotasini siylab, duosini olayotgan, evaziga hayotda ro‘shnolik ko‘rayotgan bu kelinni maqtagimiz keldi. Ha, yoshi ulug‘ insonni parvarishlab, uning issiq-sovug‘idan xabar olib turganlar kam bo‘lmaydi, albatta. Bejizga, xalqimiz “Qarisi bor uyning parisi bor”, deyishmaydi, axir.

Omon otaning yoshligi og‘ir yillarga to‘g‘ri keldi. Bir burda non uchun qancha-qancha azoblar chekdi. Endi oila qurib, baxtli hayot kechiraman deganda, mash’um urush boshlanib qoldi. Polsha, Stalingrad, Belarus uchun bo‘lgan janglarda jasorat ko‘rsatdi. Frontda og‘ir yaralanib, nogiron bo‘ldi. Shunda ham ruhi cho‘kmadi. Chunki, u tinchlik uchun, oilasi uchun jang qilayotganini yaxshi anglardi.

Bobo bilan suhbatlashib, salkam bir asrlik mashaqqatli yillar ham uning qaddini buka olmaganidan sevindik. Mana shunday tinch-osuda, saodatli hayotimiz uchun butun borlig‘ini baxshida etgan bu kabi nuroniylarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatayotganimizdan qalbda faxr hissini tuydik.

Omon ota mustaqilligimiz sharofati bilan bunyod etilgan zamonaviy ta’lim maskanlarida ilmga chanqoq o‘quvchilar bilan o‘tkaziladigan har bir uchrashuvda tinchlik naqadar buyuk ne’mat ekanligi haqida so‘z yuritishdan aslo charchamaydi. U urushning dahshatli yillari haqida so‘zlay turib, ko‘ziga yosh oladi. Bugungi osuda hayotga shukronalar keltiradi.

– Biz yashagan davrda maktabda o‘qish juda og‘ir edi. Daftar o‘rniga qog‘oz parchalariga yozardik. Har bir sinfda bittagina kitob bo‘lardi. Titilib ketgan kitobni tengdosh do‘stlarim bilan navbatma navbat o‘qirdik. Bugun zamon butkul boshqacha. Farzandlarimizning usti but, sumkasi to‘la kitob. Ulardan talab qilinadigani faqat chuqur bilim olib, ona Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishdir. Ilohim, elimizdan mehr-oqibat, ahillik arimasin. Yurtimiz hamisha tinch, xalqimiz omon bo‘lsin, – deydi Omon ota.

Otaxon hali hamon mehnat bilan mashg‘ul. Xonadonidagi daraxt ko‘chatlari va gullarni parvarishlaydi. Mahalla-ko‘yda kelishmovchilik bo‘lib qolsa, o‘zining qimmatli maslahatlari bilan muammoni bir zumda yechishga kirishadi.

Yana o‘qing:  Profilaktik ishlar samaradorligi – muhim masala

Yaqinda “Mahalla” va “Nuroniy” jamoat fondi vakillari ham bu xonadonga kelib, bobodan xabar olib ketishdi.

Omon ota bu yilning seryog‘in kelganidan, ertaga fermerlarning xirmoni yuksak bo‘lishidan quvonadi.

– Ilgarilari dasturxonda butun nonni ko‘rish amrimahol edi. Endi do‘konlar to‘la non, hirmon to‘la bug‘doy. Bunday baxtli va tinch hayotni hech zamon ko‘rgan emasmiz. Shunday kunlarga yetkazganiga shukur. Men o‘tayotgan umrimdan minnatdorman, bolalarim qoldirgan izim, umrimning mazmunidir, – deydi bobo.

Xotira mangu, xotira abadiy, qadr esa insonga ruhiy madad, kuch-quvvat bag‘ishlaydi, hayotiga o‘zgacha mazmun kiritadi. Omon otani yo‘qlab, ularning suhbatidan bahramand bo‘lib, bu haqiqatni yana bir bor teran angladik.

 

Pardaboy TOJIBOYEV,

Jizzax viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: