Jamoat joylaridagi bepul Wi-Fi trafigi monitoring qilinadi
Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida internet foydalanuvchilarining tarmoqqa ommaviy nuqtalar orqali kirgandagi harakatlari monitoringi tizimini yaratish bo‘yicha qonun loyihasi joylashtirildi.
Hujjat ommaviy simsiz aloqa nuqtalari egalariga o‘zlarida maxsus qurilma o‘rnatish majburiyatini yuklaydi. Mazkur jihoz Wi-Fi foydalanuvchilarini identifikatsiya qilish, ya’ni qurilma (noutbuk, mobil telefon, planshet va hokazo) MAC-manzili, jismoniy shaxs mobil telefoni raqamini aniqlash imkonini beradi. Shuningdek, foydalanuvchilarning internetdagi harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘planadi va saqlanadi.
Ommaviy simsiz aloqa nuqtalarida foydalanuvchini identifikatsiya qilmay internetdan foydalanishiga sharoit yaratish yoki internetdagi harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plamaslik va saqlamaslik eng kam ish haqining 100 barobari miqdoridagi ma’muriy jarimaga sabab bo‘ladi.