Depressiya va ruhiy tushkunlikga qarshi parhez ishlab chiqildi
Ekspertlar depressiya va ruhiy tushkunlik holatlari bilan kurashishga yordam beruvchi yangi parhezni ishlab chiqishdi.
Depressiyaga qarshi o‘ylab topilgan parhez kayfiyatni ko‘taradi, hissiy beqarorlikni muvozanatga keltiradi. Ma’lumki, inson organizmida yaxshi kayfiyat uchun muayyan bir gormon – serotonin mas’ul hisoblanadi. Olimlar aynan shu gormonga urg‘u berishdi, deb yozadi «Ortodoks».
Mazkur parhezda mahsulotlar organizmda serotonin gormonini oshirishini inobatga olib maxsus tanlab olingan. Bu mahsulotlarda shuningdek triptofan kabi antidepressiv moddalar mavjud.
Depressiya pahezi quyidagi mahsulotlar to‘plamidan iborat: baliq, sabzavotlar, mevalar, dengiz mahsulotlari, shirinliklar, banan, sarimsoq, tuxum va albatta shokolad. Ma’lumki, shokolad miya faoliyatini yaxshilaydi va kayfiyatni ko‘taradi. Parhez qoidalari quyidagi punktlardan tashkil topgan:
Kuniga 4 yoki 5 marta ovqatlanish kerak. Oq non va qattiq pishloqdan voz kechish lozim. Taomnomadan yog‘li ovqatlarni olib tashlash zarur.
Dasturxon atrofiga bir vaqtda o‘tirishga odatlaning. Bugun ertalab soat 7 da nonushta qilgan bo‘lsangiz, qolgan kunlarda ham xuddi shu vaqtda nonushta qilganingiz yaxshi. Bu ovqat hazm qilishni barqarorlashtiradi. Oshqozon tizimini yaxshilash uchun yogurt va bo‘tqalar tavsiya qilinadi.
Spirtli ichimliklar iste’molini cheklash lozim, chunki bunday ichimliklar butun parhez ta’sirini yo‘qqa chiqaradi. Shuningdek qahva ham parhez ta’sirini kamaytirishi mumkin.
Yuqorida qayd etilgan mahsulotlar orasida organizmingizga to‘g‘ri kelmaydigani bo‘lsa, uni taomnomangizdan olib tashlang.
Bir kunlik taxminiy taomnoma:
Parhezni shirguruch bilan boshlang, unga ta’m berish maqsadida biror meva qo‘shishingiz mumkin. Tushlikkacha bo‘lgan vaqtda biror salat tamaddi qiling — uning tarkibida sabzi va yeryong‘oq bo‘lsa, yanada yaxshi. Tushlik uchun grechkali bo‘tqa va buzoq go‘shti to‘g‘ri keladi. Kunning yarmida qandaydir meva iste’mol qiling, masalan, olma. Kechki ovqatga loviya hamda qo‘ziqorin qo‘shilgan salat maqsadga muvofiqdir.
Oltinchi kundan boshlab taomnomangizni to‘yimli mahsulotlar bilan biroz boyitishingiz mumkin.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, deyarli ikki kundan so‘ng kayfiyatingiz sezilarli darajada ko‘tariladi, hayotingizda rang-baranglik paydo bo‘ladi, uyqu jarayoni normallashadi, asab faoliyatingiz yaxshilanadi.
Manba: sof.uz