Stomatologlarning xalqaro anjumani

Poytaxtimizda stomatologlar xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi. 

 

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent davlat stomatologiya instituti, O‘zbekiston stomatologlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz olimlari, shifokorlar, talabalar bilan bir qatorda AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Litva, Polsha, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning ilm-fan muassasalari yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari A.Hojiboyev, Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori J.Rizayev va boshqalar sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish, xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni takomillashtirish bugungi kunda jamiyatimizda olib borilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berilgan.

Davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarida, videoselektor majlislarida sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar tahlil etilib, sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish borasida tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi vazifalarning samarali yechimini topish, tibbiyotda sifat va samaradorlikni oshirish maqsadida bir qator hujjatlar qabul qilindi, dastur va loyihalar ishlab chiqildi. Birlamchi tibbiy-profilaktika va patronaj xizmatini yaxshilash, shoshilinch hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni zamonaviylashtirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirishga doir ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

– Tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlar jarayonida stomatologiya xizmatini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston stomatologlar uyushmasi raisi Adham Hasanov. – Bugungi kunda mamlakatimizda mingdan ortiq davlat va nodavlat stomatologiya klinikalari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularda besh yarim mingga yaqin malakali shifokor faoliyat yuritayotir. Tibbiyot sohasi, xususan, nodavlat tibbiyot muassasalariga davlatimiz tomonidan berilayotgan soliq va moliyaviy imtiyozlar, chetdan yangi tibbiy texnologiyalarni olib kirishda yaratilayotgan qulayliklar soha rivojida muhim omil bo‘lmoqda. Natijada diagnostika va davolash ishlarini takomillashtirish, tish, milk va yuz-jag‘ kasalliklarini samarali davolashga erishilmoqda.

Aholiga bu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda tibbiy ta’lim tizimini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Toshkent davlat stomatologiya instituti bu borada yetakchi ta’lim muassasasidir. Hozirgi kunda ushbu institutda bir ming bir yuz yigit-qiz bakalavr bosqichida ta’lim olmoqda. Ta’limning besh yo‘nalishida magistratura va to‘qqiz yo‘nalishda klinik ordinatura joriy etilgan.

Yana o‘qing:  Yurtimizda yo‘l qurilishini nazorat qiluvchi davlat inspeksiyasi tashkil qilindi

Oliy ta’lim muassasasi malakali kadrlar tayyorlash, jahon ilm-fanining ilg‘or tajribalarini amaliyotga joriy etish maqsadida mamlakatimizdagi yetakchi ta’lim, ilm-fan va tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda jahonning o‘nga yaqin davlatidagi ta’lim va tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik qilmoqda.

Xalqaro anjumanda mamlakatimiz tibbiyoti va ta’lim tizimi hamda ilm-fanimizning bu boradagi salohiyati keng namoyish etildi.

Mazkur tadbirda Jahon stomatologlar assotsiatsiyasi vakillaridan iborat nufuzli delegatsiyaning qatnashgani tibbiy ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi yangiliklarni targ‘ib qilish, zamonaviy texnologiyalarni keng ommalashtirish, kadrlar tayyorlashda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

– Anjumanga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilgan, – deydi Xalqaro stomatologiya federatsiyasi vitse-prezidenti Tin Chun Vong (Xitoy). – Dunyoning ko‘plab yetakchi olimlari va ekspertlarini bir davraga jamlagan ushbu tadbir stomatologiyaning yutuqlarini targ‘ib etish barobarida oldimizda turgan muhim vazifalarni muhokama qilish imkonini berdi. Men anjumanda stomatologiya va umumiy salomatlik o‘rtasidagi bog‘liqlik mavzuida ma’ruza qildim. Hozirgi kunda ilm-fan bu borada qator muhim natijalarga erishgani inson salomatligida muhim omil bo‘lmoqda.

– Bugungi kunda stomatologiyaning barcha sohalari jadal rivojlanmoqda, – deydi “Dentsply sirona” kompaniyasining vitse-prezidenti Jorj Vogel (Avstriya). – Xususan, ortodontiyaga Cad/Cam texnologiyalarining kirib kelishi bemor uchun ham, shifokor uchun ham katta qulaylik yaratmoqda. 3D texnologiyasi asosida ishlaydigan bu zamonaviy texnologiyalar yuz-jag‘ kasalliklariga aniq tashxis qo‘yish, samarali davolash, insonga sog‘lom tabassum hadya etish imkoniyatini kengaytirmoqda. O‘zbekiston tibbiyotida bunday ilg‘or texnologiyalardan foydalanish borasida imkoniyatlar yetarli. Shifokorlarning bilim va tajribasi xalqaro andozalarga to‘liq javob beradi. Talabalarning bilimga chanqoqligi, harakatchanligi kishida havas uyg‘otadi. O‘zbekiston yoshlari yangi texnologiyalarni mukammal egallab, jahon tibbiyoti rivojiga o‘z ulushini qo‘shadi.

Anjumanda stomatologiya sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy asbob-uskunalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Parodontologiya, ortodontiya, tish implantologiyasi va boshqa sohalar bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi. Yosh olimlar anjumani o‘tkazildi.  

 

Bahor XIDIROVA,

O‘zA muxbiri

 

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: