Liboslar ko`rki

Orzulari bir olam yoshgina qizaloq ilk bor surat chizganida o'zini beixtiyor baxtli his qildi. Ranglar sehri uni o'ziga mahliyo qilib qo'ygan. Olamni, u his etayotgan eng inja tuyg'ularini-da o'sha samimiy ranglar jilosida ifodalashga shoshilayotgan mitti vujud oxiri mo'yqalamni mahkam tutdi.

Shoira Qosimovaning tasviriy san`atga bo'lgan qiziqishi shu tarzda boshlandi. Bu ishtiyoq uni Sirdaryo viloyat san'at bilim yurtiga yetaklab keldi. Grafika bezakchi rassom bo'limida u nafaqat rassomchilik, balki dizayn sohasiga ham qo'l urib ko'rdi. Tanlagan kasbiga tobora qiziqishi ortib, o'z taqdirini dizayn sohasi bilan bog'lashga qaror qildi. Yillar yillarni quvib o'tib orzular ijobati bo'y ko'rsatdi. Shoira Qosimovaning nozik did bilan yaratgan liboslari bugun ko'pchilikning nazariga tushgan.

– Shoira opa, har bir kasbning o'ziga yarasha mashaqqati bor, shunday emasmi?

– Ijodkor odam ilk bor mo'yqalamni qo'liga olar ekan, kelajakda uni nimalar kutishini bilmaydi. Menda ham bu hol shu tarzda kechgan. Bolaligimda tasviriy sanat olamini bamisli ranglarda jilolanuvchi cheksiz osmonga o'xshatardim. Menga “Boysun bahori” festivalida liboslarim bilan ishtirok etishni taklif qilishganda biroz hayajonlandim. Bu ilk ishtirokim edi. Milliy ruhdagi sof o'zbekona usulda tikkan liboslarim ko'pchilikka manzur bo'lganida o'zimga ishonchim ortib, dizaynerlik orzusi ila shu soha vakiliga aylanib qolibman.

– Atlas va adras matolar tufayli g'oliblikka erishdim deysizmi?

– Maktabda o'qib yurgan kezlarim Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qo'lga kiritish maqsadida tanlovining tuman, viloyat bosqichlarida qatnashib o'z mahoratimni sinab yurardim. Keyinchalik Kamoliddin Behzod nomidagi rassomchilik va dizayn institutiga davlat granti asosida o'qishga qabul qilindim. Aytish joizki, haqiqiy ijodga tashnalik talabalik yillarimda kechdi. O'quv dargohida tez-tez tashkil etiladigan turli festival va konkurslarda faol ishtirok etib, sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritar edim. Yaqinda Art week style.uz moda va dizayn haftaligida qatnashib eskiz chizish bo'yicha 1-o'rinni qo'lga kiritdim. Men uchun chin manodagi mahorat maktabi “Art group Karavan” moda uyidagi ish faoliyatim edi. U yerda dunyoning turli nuqtasidan kelgan sayohatchilarga ijodiy jamoamiz bilan birga milliy ruhdagi ishlarimizni namoyish qilar edik. Atlas-u adras matolaridan tikilgan nafis liboslarim g'arbliklar ko'nglidan ham joy olgan bo'lsa ajab emas.

Яна ўқинг:  Vatan ichra kichik vatan

– Liboslarga rang tanlashda nimalarga e'tibor qilasiz?

– O'zi tabiatdagi uyg'unlikni yaxshi ko'raman. Iloji boricha to'q rangdan tiyilishga harakat qilgan maqul. U inson kayfiyatini tushiradi. Och pushti, oq, moviy ranglar jilvasi libosga yanada ko'rk bag'ishlaydi. Liboslarim orqali jo'shqinlik, kayfiyat berishni birlamchi sanayman. Jumladan, o'zbekning atlasida kamalakning hamma ranglari mujassam. Atlasdan ko'pgina zamonaviy kolleksiyalarimda o'rinli foydalanganman. Nazarimda, milliylik va zamonaviyikning uyg'unlashuvi nafislik, qadriyatlarga sadoqat ruhini aks ettiradi.

– Kasbim oilamda ko'p bor qo'l kelgan deya olasizmi?

– Ayol yaralibdiki, oilada ham, ish joyida ham ijobiy natijalarga erishishga intiladi. Uning kasbini yaqinlari qadrlashini qalban istaydi. Turmush o'rtog'im rassom, yani ijod odami bo'lgani uchunmi, u menga har ishda ko'makdosh. Far­zand­larimiz ham shu muhitda voyaga yetishmoqda. Ularning ham san`atga mehrlari bo'lakcha. Kasbim oilamda ko'p bor qo'l kelgan.

Bo'sh vaqt topdim deguncha o'g'illarimga turli liboslar tikib berishga harakat qilaman. Bog'cha tadbirlari uchun maxsus liboslarida “Buni oyijonim tikib berganlar”, deb kostyumchalarini modelyerlardek kiyib yurishganini ko'rib sevinaman. Ona sifatida farzandlarim yuzida quvonch ko'rish men uchun eng oliy baxt.

Ha, bugun Shoira Qosimova o'zi tahsil olgan ta'lim dargohida pedagog sifatida faoliyat yuritmoqda. Libos dizayni sir-asrorlarini o'rgatish jarayonida, talabalarning shashtini ko'rib o'zi ham kuchga to'ladi. Kelajakda milliy va zamonaviy liboslar ijodiy ko'rgazmasini tashkil etish, ko'rkamgina dizayn studiyasi ochish niyatida mehnat qilayotgan ustoz ko'plab shogirdlarni ortidan ergashtirmoqda.

Odina QULMURODOVA,

O'zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: