Oilaga tirgak bo‘lgan mustahkam ustun

“SOS – Bolalar mahallasi” O‘zbekiston Milliy uyushmasi Xorazm viloyat filiali ijtimoiy markazining yordamida bir oilaning tinchligi saqlab qolindi, obodligining ta’minlanishiga ko‘maklashildi.

Oila – o‘zaro mehr-muhabbat, qalb qo‘ri ila bunyod bo‘lgan muqaddas dargoh. Oila – benazir go‘sha, uni hech narsaga tenglab bo‘lmaydi. Ammo Vatan ichra Vatan deya atalmish bu dargohda farzandlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan, yohud ularning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanmayotgan mas’uliyatsiz ota-onalar yo‘q deysizmi? Hatto oiladagi doimiy janjallar, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar farzandlar ruhiy holatiga, kelajagiga, oila iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir o‘tkazishini ular bir tasavvur qilib ko‘risharmikan?!

Uyushmaning Urganch shahridagi ijtimoiy markazining beg‘araz ko‘magida bir xonadon obodligi ta’minlandi. Oila a’zolari hayotda o‘z o‘rinlarini topishga muyassar bo‘ldilar. Sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan oilaning to‘rt nafar a’zosi bor. Er-xotin va ikki nafar farzand. Biroq, oila boshi bo‘lgan er doim uyga mast holda kelib janjal ko‘tarardi. Xotin esa novvoyxonada ishlab topgan pulini ro‘zg‘origa ishlatadi. Ammo, uning ne mashaqqatlar bilan topgan puli undan ortig‘iga yetmaydi. Yetishmovchilik sabab oilaning katta o‘g‘lini davlat ta’minotidagi internatga berishgan.

Ijtimoiy markaz xodimlarining bu oilani dastur asosidagi tadbirlarga jalb qilishlari oson bo‘lmadi. Ona bilan alohida shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Ayol markazda amalga oshirilayotgan ishlar bilan batafsil tanishgach, bu yerga kelib turli yo‘nalishlarda saboq ola boshladi. Oilaga markaz tomonidan berilgan ma’rifiy, ruhiy va tarbiyaviy saboqlar o‘z natijasini ko‘rsatdi. Katta o‘g‘li uyining yonidagi maktabda tahsil olib, Bolalar ijtimoiy markazi qoshida tashkil qilingan to‘garaklarga qatnay boshladi. Onaning o‘zi esa muam­molar yechimini topish, bolalar ta’lim-tarbiyasi, oila daromadini qanday qilib ko‘paytirish mumkinligi singari mavzularga bag‘ishlangan ota-onalar klublari mashg‘ulotlarida faol ishtirok etdi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, ayol eriga markaz haqida aytganida eri ham ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan batafsil tanishgisi keldi va mutaxassislar bilan uchrashib, suhbatlashdi. Suhbat chog‘ida ota-onalarning qobiliyatlari o‘rganib ko‘rildi. Er ilgari novvoylik bilan shug‘ullangani bois bandlik bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis xodim unga oilaviy biznesni qanday qilib yo‘lga qo‘yish mumkin, degan masala yuzasidan maslahatlar berdi va yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi.

Yana o‘qing:  IJTIMOIY SOHA – USTUVOR MAQSAD

Shundan so‘ng er ushbu sohada faoliyat olib boruvchi tadbirkor bilan hamkorlikda ishlay boshladi. Ishning samaradorligi va sifatiga alohida ahamiyat berilgani bois buyurtmachilar ham ko‘paydi.

Mehribon ona farzandlari tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanmoqda. Bolalarda o‘zlariga ishonch uyg‘ondi. Oila boshlig‘i ham yomon odatlardan o‘zini tiydi, ro‘zg‘or tashvishlariga, farzandlari tarbiyasi va kelajagiga jiddiy, mas’uliyat bilan qaray boshladi. Muhimi, baxtli yashashi, oilasi obod bo‘lishi uchun hamisha izlanishi, mehnat qilib, o‘zi va boshqalarni ham quvontira olishi zarurligini angladi.

Dilbar Bekjonova

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: