Pianino
(hikoya)
SALIM ASHUR
Pianino eski edi. Uni shaharning bir chekkasidagi xonadondan sotib olishdi. Xonadon egalari – chol-kampir bir-biriga mehribon, bir-biriga kulib qaraydi. Ularning qizi o‘quvchilik yillarida musiqa maktabiga ham qatnagan, pianino chalishni o‘rgangan.
Qiz musiqachi bo‘lmadi. Maktabni tugatib, boshqa shaharga o‘qishga ketdi. O‘sha yerda ishga ham qoldi.
Shundan so‘ng pianinoning og‘ir kunlari boshlandi. U balog‘atga yetgan qiz xonasidan avval dahlizga, so‘ng hovliga chiqarildi. Yoz bo‘yi issiqda turdi. Kuzda yomg‘irda qoldi. Chol mardikor bozoridan hammol yolladi. To‘rt kishining kuchi yetmadi. Olti erkak uni omborxonaga olib o‘tdi. Devor qirrasi va eshik kesakisiga tegib, chetlari qirildi. Rangi o‘chdi. O‘rgimchak to‘rlari qopladi. Keyin sichqonlar ichiga in qo‘ydi.
Sichqonlar chiyillab, oq-qora bo‘laklar ustida bir-biri bilan tortishib-yulqisharkan, klavishlar beo‘xshov big‘illar, bu xuddi beozor yig‘iga o‘xshardi. To‘g‘risini aytganda, sichqonlardan hech qachon mohir pianinochi chiqmasligi sezilib qoldi. Shunda pianino klavishlari qizning nozik barmoqlarini, musiqasi o‘xshaganda xursand bo‘lishlari-yu, o‘xshamaganda iztiroblarini sog‘inardi.
Kunlarning birida ko‘k temir darvozaning ikki qopqasi ikki yoniga ochildi. O‘rtacha yuk mashinasi orqa bilan yurib hovliga kirdi.
Sharaqlatib kuzov to‘sinini tushirdilar. Pianinoni mashinaga olib o‘tmoqchi bo‘lishdi. Uddalasholmadi. Terga botgan to‘rt barzangi shilingan kaftlariga achinib shunaqa pianino ishlab chiqqanni ham, sotib olganni ham bo‘ralatib so‘kdi. Jigarrang pianino uyatdan qorayib ketdi.
Pianinoning egasi – chol-kampirning chehrasi tund, bir-biridan ko‘zini olib qochadi.
Ko‘chada davra qurib turgan kishilardan yana to‘rt kishini chaqirishdi.
Cholu kampir qadrdon bo‘lib qolgan pianinoni qari kaftlari bilan so‘nggi bor silab-siypaladi. Ko‘ngillari buzilib darvozani yopishdi. Endi pianinoni mashinaga olib o‘tishdi. U urildi-surildi. Yanayam abgor bo‘ldi. Pianino ko‘p qavatli uylarning oldiga olib kelindi. Uni endi avaylab tushirishdi. Shu yerning o‘zida changlarini rosa artishdi. Orqasida yopishgan yirtilgan elakka o‘xshash o‘rgimchak uyasini sindirib olishdi. Sichqonlar izidan asar ham qolmadi. Top-toza pianinoga havasi keldimi, uylarning ortida berkinib yotgan shabada shu yerda paydo bo‘ldi, pianinoning o‘tirib qolgan yomon hidlarini olib, unga gul-giyohlaru bahorning hidini qoldirib ketdi. Pianinoni sakkizinchi qavatga olib chiqishdi. Bu safar u qiynalmadiyam, ozor ham chekmadi. Unga mehr ko‘rsatishdi. Yorug‘lik va quyosh nuri mo‘l tushadigan keng xonaga, chiroyli shkafning yoniga qo‘yishdi, pianino yaraqlab, ochilib ketdi, xuddi yangiga o‘xshab qoldi.
Pianinoning yangi egasi – baland bo‘yli, ko‘zoynak taqqan ziyoli kishi malla sochlari o‘sib yelkasidan pastga tushgan ozg‘in ustani boshlab keladi. Usta yarim kun unnab, pianinoning sozlarini uyg‘unlashtiradi.
Yangi xonadonda sochlari ham, oppoq barmoqlari ham uzun qiz yashaydi, darsdan keyin pianino chaladi. Uning ismi Shahnoza. U haftasiga uch marta musiqa maktabiga boradi. Musiqaga qiziqqani shunchalik-ki, ertalab turib ham, uyqudan oldin ham klavishlarni tinch qo‘ymaydi. Pianinoga ham, pianinochiga ham ilhom kerak. Darvoqe, ilhom nimaligini bilasizmi? Ilhom ko‘ngilga beg‘ubor tuyg‘ular, yangi fikrlarning omuxta holda quyilib kelishi, uni shavq desa ham bo‘ladi. Siz ham qiziqqan mashg‘ulotingizga, masalan rasm chizish, kuy chalish, raqs tushish, she’r yoki hikoya yozishni o‘rganayotganingiz yoki mashq qilayotganiningizda qiziqib, berilib ketib, atrofdagilarni unutib qo‘yasiz-ku, ha-ha, ba’zan unutib qo‘yasiz, ana o‘sha holat – ilhom. Kun davomida o‘rganolmagan narsangizni ba’zida bir necha daqiqada o‘rganib olasiz, kattalar ishim bitmay yotgan edi, yurishib ketdi, deyishadi-ku, ana o‘sha ilhom-da.
Shahnoza pianino ustiga bejirim vazada chiroyli gullar qo‘yadi. Gullarni har ikki-uch kunda yangilaydi. Gullar soni yettita. Toping-chi, nega? Chunki, notalar soni ham yettita: do-re-mi-fa-sol-lya-si…
Shahnoza tez orada musiqa tanlovlarida qatnashadigan bo‘ldi. Yirik bir tanlovdan g‘olib bo‘lib qaytdi. Uyga bir quchoq gullar bilan keldi.
Gullarni pianino ustiga qo‘ydi. Gullar ko‘rki gurkirab ketdi. Go‘yo Shahnoza emas, pianino tanlov g‘olibi bo‘lgan edi.
Shahnoza pianino oldiga moslashib o‘tirdi. Barmoqlari silliq klavishlar uzra bir zum to‘xtab qoldi – qayoqdandir ilhom kelayotgan edi…