Mastopatiya

Bu kasallikni o‘z vaqtida davolatmaslik qanday oqibatlarga olib keladi?

Ko‘krak bezi kasalliklari orasida eng ko‘p uchraydigani mastopatiya xastaligidir. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, bu kasallik 50-80 foiz ayollarda uchraydi va 20-25 yoshdan 45-50 yoshgacha bo‘lgan ayollarda kuzatiladi.

Mastopatiya yoki boshqacha qilib aytganda, ko‘krak bezining fibroz-kistoz kasalligi natijasida ko‘krak bezi to‘qimasida bir qator o‘zgarishlar yuzaga keladi. Mastopatiya kasalligini tibbiy tilda ko‘krak bezi to‘qimasining disgormonal giperplaziyasi deb aytish mumkin. Ya’ni, ayol kishining organizmida ro‘y bergan gormonal nomutanosibliklar natijasida ko‘krak bezida fibroz to‘qimaning o‘sishi kuzatiladi.

Mastopatiya kasalligining kelib chiqishida asosiy rol o‘ynaydigan omillarga quyidagilar kiradi: xastalikka nasliy moyillik, ayol organizmidagi gormonal o‘zgarishlar, asab tizimining holati, atrof-muhit, ekologiya va albatta ovqatlanish tarzi.

Ko‘krak bezi to‘qimasidagi o‘zgarishlar ayol kishidagi mavjud bo‘lgan ginekologik kasalliklar bilan uzviy bog‘liqdir. Bulardan uzoq vaqt davom etgan tuxumdon va bachadondagi yallig‘lanish jarayonlari, ko‘p marta amalga oshirilgan sun’iy abortlar mastopatiya kasalligining kelib chiqishiga asosiy sabab bo‘lishi mumkin. Jinsiy hayotning muntazam tarzda bo‘lmasligi ham ba’zi hollarda mastopatiya kasalligining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Mastopatiya kasalligining birinchi belgisi – og‘riqdir. Og‘riq odatda hayz ko‘rishdan bir hafta-o‘n kun oldin boshlanadi. Ba’zi hollarda qo‘ltiq ostiga va yelka sohasiga tarqaladi. Ko‘krak bezlari shishadi, og‘irlashib, qattiqlashib qoladi. Hayz kelishi bilan bu holat o‘tib ketadi. Ko‘krak bezidagi bu o‘zgarishlar mastopatiya kasalligining boshlang‘ich belgilaridir.

Mastopatiya kasalligi ko‘p yillar davomida sekin-astalik bilan rivojlanib boradi. Avvalambor, ko‘krak bezi to‘qimasida qattiqlik, so‘ngra esa mayda-mayda tugunchalar paydo bo‘ladi, borib-borib so‘rg‘ichdan shilimshiq suyuqlik ajralish holatlari kuzatilishi mumkin.

Kasallikni erta aniqlash va uni oldini olish uchun ayol kishi doimo o‘zining ko‘krak bezlarini tekshirib turishi lozim. Buning uchun eng qulay vaqt hayz davrining 5-10 kunlari hisoblanadi. Ayol kishi cho‘milayotgan vaqtida qo‘llarini yuqoriga ko‘targan holda, ko‘krak bezlarini va qo‘ltiq osti sohasini navbatma-navbat paypaslab ko‘rishi lozim. So‘ngra tekshiruvni oyna oldida tik turgan holatda davom ettirish kerak. Bunda yana qaytadan qo‘llarni galma-galdan yuqoriga ko‘tarib, ko‘krakni va qo‘ltiq osti sohasida qattiqlik, shish, qizarish yoki biror boshqa o‘zgarish bo‘ladigan bo‘lsa, ayol darhol mutaxassisga murojaat etishi shart.

Yana o‘qing:  Karkadening shifobaxsh xususiyatlarini bilasizmi?

Agarda ayol kishiga mastopatiya tashxisi qo‘yilsa, u doimo shifokor nazoratida bo‘lib turishi kerak. Mastopatiya kasalligini davolash bemorning umumiy holati, yoshi va kasallikning rivojlanish darajasini hisobga olgan holda olib boriladi. Davolash vositalari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: vitaminlar, fitoterapiya, fermentli preparatlar, biologik faol qo‘shilmalar, gomeopatik vositalar va parhez. Bunda qahva, achchiq choy, kakao, shokolad, kola ichimligini iste’mol qilishni chegaralash kerak. O‘simlik kletchatkasiga boy taomlarni iste’mol qilish va bir kunda 1,5-2 litrdan ortiq suyuqlik ichmaslik kerak.

Ba’zi hollarda individual ravishda, to‘g‘ri tanlangan kam dozali «oral kontratseptivlar» (homiladorlik rivojlanishini oldini oluvchi preparatlar) ham mastopatiya kasalligiga nisbatan ham davolash, ham profilaktika vositasi bo‘lishi mumkin. Lekin shifokor bilan maslahatlashmasdan turib, davolash vositalarini qabul qilishlari maqsadga muvofiq bo‘lmaydi. Mutaxassis bemorni mukammal ravishda tekshiruvdan o‘tkazgandan keyingina davo muolajalarini buyuradi.

KO‘KRAK BEZI SARATONI

Hozirgi kunda ko‘krak bezi raki ayollarimiz orasida uchraydigan onkologik kasalliklar orasida birinchi o‘rinni egallab, kasallanganlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra dunyo bo‘yicha har bir o‘ninchi ayol ko‘krak bezi saratoni bilan xastalanar ekan.

Bir yilda ko‘krak bezi raki kasalligi tufayli 1,5 milliondan ortiq ayol dunyodan ko‘z yumadi. Ularning 20 foizini esa 35 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan ayollar tashkil qiladi. Ko‘krak bezi saratoni erta bosqichda atigi 10-15 foiz hollarda aniqlanadi. Ma’lumki, ko‘krak bezi o‘smasi qanchalik erta bosqichda aniqlansa va davolash muolajalari qanchalik erta boshlansa, bemorning hayoti shuncha uzoq davom etishi mumkin. Agar ko‘krak bezi raki kasalligi birinchi bos­qichda aniqlanadigan bo‘lsa, 92-98 foiz hollarda bemor kasallik aniqlangan sanadan boshlab 20 yilgacha yashashi mumkin.

Afsuski, hozirgi kunda ko‘krak bezi raki bilan kasallangan bemorlarning 50-70 foizi kasallik aniqlangan sananing birinchi 5 yilligi davomida olamdan ko‘z yumadi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, aksari hollarda kasallik rivojlanib ketishiga ayollarimizning o‘zlari sababchi bo‘lishadi. Ayol kishining kasallik haqida, uning asoratlari va oqibati haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligi, o‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lishi, vaqtida mutaxassisga murojaat etmasligi tufayli qaytarib bo‘lmaydigan asoratlar rivojlanib boradi va bemor o‘z hayotiga zomin bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Xotirani qanday mustahkamlash mumkin?

Ko‘krak bezi raki kasalligini diagnos­tika qilishning asosiy usuli mammografiya hisoblanadi. Mammografiya – ko‘krak bezi kasalliklarini rentgen nurlari yordamida aniqlash usulidir. Mammografiya usuli asosan 35-40 yoshdan oshgan ayollarga tavsiya etiladi. Bu usul bilan bemorga 92-96 foizgacha to‘g‘ri tashxis qo‘yish mumkin. Ayniqsa, bu borada raqamli mammograflarning imkoniyatlari juda katta. Chunki, aynan raqamli mammograf yordamida ko‘krakda paydo bo‘lgan mikrokalsinatlar juda yaxshi aniqlanadi. Mikrokalsinatlar esa ko‘krak saratoni kasalligining dastlabki belgilari hisoblanadi.

Ko‘krak bezi saratoniga tashxis qo‘yishda samarali usullardan yana biri ultratovush diagnostikasi hisoblanadi. Bu usul yosh ayollarga asosiy diagnostik usul sifatida tavsiya etiladi. Lekin ultratovush ko‘krak bezi to‘qimasidagi mikrokalsinatlarni aniqlash imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ham ko‘p hollarda ultratovush usulini mammografiya usuli bilan to‘ldirishga to‘g‘ri keladi.

Ko‘krak bezi kasalliklarini diagnostika qilishda zamonaviy tibbiy texnika asboblarini, xususan zamonaviy mammograflarni tajribaga tadbiq qilish, ko‘krak bezi raki kasalligini 70 foizgacha birinchi bosqichda aniqlashga imkon beradi va o‘lim ko‘rsatgichlarini 30 foizgacha kamaytirishga olib keladi.

Baxtga qarshi hozirgi kunda ayollar orasida ko‘krak bezi saratoni kasalligining keng tarqalishini cheklovi va bu kasallikning oldini oluvchi real imkoniyatlar yo‘q. Lekin ushbu kasallik erta bosqichda aniqlansa, uni davolash mumkin. Ko‘krak bezi kasalliklarini erta bosqichda aniqlash uchun esa ayol kishi muntazam tarzda bir oyda bir marta o‘zi ko‘kraklarini mustaqil ravishda tekshiruvdan o‘tkazib turishi kerak. Buning uchun eng qulay vaqt hayz davrining 5-10 kunlari hisoblanadi. Klimaks davri boshlangan ayollar esa oyning biror kunini tanlab, bir oyda bir marta mustaqil tarzda o‘zlarining ko‘kraklarini tekshiruvdan o‘tkazishlari kerak. Ko‘krakni mustaqil tarzda tekshiruv jarayonida quyidagi belgilarga alohida e’tibor qaratishlari zarur:

– Ko‘krak bezining shakli va o‘lchamlari o‘zgarganligi;

– sut bezi terisining yoki so‘rg‘ichning tortilib qolganligi;

– uning terisi yoki so‘rg‘ich terisining dag‘allashib qolganligi;

– ko‘krak bezi to‘qimasida tugun yoki qattiqlik paydo bo‘lganligi;

– ayol emizikli bo‘lmasada ko‘krakdan suyuqlik ajralishi;

– sut bezi sohasida qizarish va yallig‘lanish belgilari paydo bo‘lishi;

– qo‘ltiq osti sohasida tugun paydo bo‘lishi.

Bordi-yu, ayol kishi yuqorida sanab o‘tilgan belgilarning birortasini o‘zida sezsa, darhol mutaxassisga murojaat etishi zarur. Shu narsani alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, ko‘krak bezi kasalliklarini erta aniqlashda va ularni oldini olishda profilaktik tibbiy ko‘riklar juda katta ahamiyatga egadir. Har bir ayol siynasi og‘rimasa ham 30 yoshdan keyin bir yilda bir marta, 40 yoshdan keyin esa bir yilda ikki marta mutaxassis-mammolog ko‘rigidan o‘tib turishi kerak.

Yana o‘qing:  Yugurish uchun qish yilning eng yaxshi fasli

Dilobar MIRRAHIMOVA,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: