Tibbiy va ijtimoiy muhofaza Qonun himoyasida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi “Silning oldini olish va uni davolashga doir qonun hujjatlarining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildi va yuqori palataga jo‘natdi..
Ushbu Qonun Vazirlar Mahkamasining 5 mart 2011 yili chop etilgan “2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasida sil kasalligini kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Qarorida belgilangan ustuvor vazifalarni amaliyotga joriy etish maqsadida ishlab chiqildi.
Qonunning maqsadi, kasallikning oldini olishdagi ahamiyati xususida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Hafiza Karimova bilan suhbatlashdik.
– O‘zbekiston Respublikasida hozirgi vaqtda sil kasalligi bo‘yicha epidemiologik ko‘rsatkichlari Markaziy Osiyo va Rossiya davlatlaridagiga nisbatan 1,5 marta kam. Shunday bo‘lsada, sil kasalligi bo‘yicha epidemiologik holat o‘zining keskinligini saqlab turibdi va sil kasalligiga qarshi xizmatning oldida yechimini talab qiluvchi bir qator muammolar mavjud…
– To‘g‘ri. Muammolar yechimiga mamlakatimizda alohida e’tibor berilyapti. O‘zbekiston Respublikasida 2010-2015 yillarda sil kasalligiga qarshi kurashish dasturi ishlab chiqilgan. Unda belgilangan asosiy maqsadlardan biri huquqiy-me’yoriy asoslarni takomillashtirish, shuningdek, sil kasalligi bilan kasallangan bemorlar va tibbiyot xodimlarining huquqlari va qiziqishlarini muhofaza qilishga yo‘naltirish, silga qarshi kurashish sohasida ish faoliyatini olib boradigan davlat va xorijiy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik va muvofiqlashtirish ishlarini ta’minlashdir.
“Silning oldini olish va uni davolashga doir qonun hujjatlarining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni tibbiy va ijtimoiy muammolar yechimiga va huquqiy mexanizmlarning takomillashtirilishiga munosib hissa qo‘shadi.
– Jahon bo‘yicha sil kasalligi jiddiy tibbiy va ijtimoiy muammolardan bo‘lganligi sababli sil bilan kasallanish va uning oqibatida o‘lim ko‘rsatgichi keng ko‘lamda o‘sishiga va uning strukturasi yomonlashuviga noqulay ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va demografik omillar, migratsiya jarayonlari, hamda OIV infeksiyali shaxslar kontingentining ko‘payishi o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatyapti…
– Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, 2009 yil jahonda 9,4. million sil kasalligi yangidan aniqlangan. Undan 1,6 millionida o‘lim holati qayd qilinganligi, bu borada olib borilayotgan faoliyatning ta’sirchanligini yanada oshirish zarurligini isbotlaydi.
– Ushbu qonun asosida qaysi huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar kiritildi va ularning maqsad-muddaosi izohlasangiz.
– O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi va “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ta’kidlash joizki, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun chiqqanidan beri 10 yildan ortiq vaqt o‘tdi va sil kasalligining epidemiologiyasi hamda klinik ko‘rinishlarida keskin o‘zgarishlar namoyon bo‘ldi. Masalan, sil kasalligi tayoqchasining silga qarshi dorilarga turg‘unligi ko‘p davlatlarda, shu qatorda bizning respublikada ham jiddiy xavf tug‘dirdi. Bunday bemorlarda davolash samaradorligi ancha past bo‘layapti. Sil tayoqchasining dorilarga turg‘unligining ko‘p uchrayotgani bevosita OIV infeksiyasi tarqalishi bilan ham bog‘liqdir.
Shuningdek, o‘tkazilgan tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, birinchi marta aniqlangan bemorlar orasida atayin o‘zboshimcha davolanishni to‘xtatib qo‘yganlar mavjud. Yuqumli sil turlari bilan kasallangan bemorlarning 12 foizini davolanishni oxiriga yetkazmaganlar tashkil etgan. Shuningdek, targ‘ibot-tashviqotga qaramasdan bu bemorlarning ko‘pchiligi davolanishdan qat’iyan bosh tortgan. Respublika DOTS markazi hisoboti bo‘yicha, faqat 2009 yilda birinchi marta sil kasalligi aniqlangan bemorlar ichida har xil sabablarga ko‘ra davolanishni to‘xtatib qo‘yganlar 1142 nafarni tashkil etgan.
O‘z navbatida bu bemorlar katta epidemiologik xavfni tug‘dirishi aniq, chunki, ular atrofdagi odamlarga sil kasalligini yuqtiradilar.
Dorilarga turg‘un bo‘lgan sil kasalligi bilan kasallangan shaxslarni davolash ancha mushkul, uning ham moddiy ham ma’naviy qiyinchiliklari mavjud. Bularning hammasini davlatimiz o‘z zimmasiga olayapti. Shunga qaramasdan baribir davolanishni xohlamaydiganlar bor.
– Ma’lumki, har bir qonun milliy, xalqaro me’yorlarga va standartlarga muvofiq bo‘lishi talab etiladi. Bu borada xalqaro tajriba o‘rganildimi?
Ha, albatta, bu borada Rossiya, Belarus, Ozarbayjon kabi davlatlarning tajribasi o‘rganildi. U davlatlarning qonunchiligida sil bo‘yicha sanitar-epidemik rejimni buzuvchi yoki qasddan tekshirishdan va davolanishdan bosh tortuvchi, silning yuqumli shakli bo‘lgan bemorlar sudning qaroriga asosan ixtisoslashgan silga qarshi muassasaga majburiy tarzda davolanish uchun joylashtiriladi.
Demak, xulosa qilib aytish mumkinki, aynan sil kasalligiga qarshi statsionarda majburiy tarzda davolanayotgan bemorlarning xuquqlarini tartibga soluvchi normalarni kiritish va takomillashtirish masalasi dolzarb vazifa ekanligini davr taqozo etmoqda.
Ushbu qonunning qabul qilinishi sil kasalligi bo‘yicha epidemiologik holatning yaxshilanishini, hamda silga qarshi kurash samaradorligi darajasini yanada oshirilishini ta’minlash bilan birga mamlakatimiz aholisini tibbiy va ijtimoiy himoyasiga, sog‘lom turmush tarzining huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga zamin yaratadi.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
Suhbatdosh: Ra’no ZARIPOVA