Ta’lim va mutaxassislik
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida «Ta’lim va mutaxassislik» 16-xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Mehnat vazirliklari, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi hamda “Expocontact” kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarni har jihatdan sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga yaqindan ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarning bardavomligi bugungi kunda ham izchil ta’minlanmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni davr ruhiga monand tarzda takomillashtirish, o‘qitish sifatini doimiy o‘rganish va tahlil etish, pedagog kadrlarning kasb malakasini muttasil yuksaltirish bo‘yicha ezgu tashabbuslar yoshlarning jamiyatga faol integratsiyalashuvida muhim omil bo‘lmoqda.
«Ta’lim va mutaxassislik» ko‘rgazmasidan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar ta’lim tizimining zamonaviy usullari bilan yaqindan tanishtirish, o‘quv muassasalari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, yoshlar o‘zi qiziqqan sohalardagi o‘quv yurtlarini tanlashiga ko‘maklashish va yangi ish o‘rinlarini taqdim etishdir.
Ko‘rgazma ishi oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi maskanlari, o‘quv markazlari, malaka oshirish institutlari, xususiy maktab va til markazlari kabi asosiy yo‘nalishlarda hamda ta’lim muassasalari uchun dasturlar, informatsion texnologiyalar, qo‘llanmalar, o‘quv mebeli va kanselyariya jihozlari, sport anjomlari kabi qo‘shimcha yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda mamlakatimizning 35 dan ortiq universitet va institutlari, 40 dan ziyod o‘quv markazlari, Yevropa va Osiyo oliy ta’lim dargohlaridagi o‘quv jarayoni bilan tanishish imkoniyati yaratildi.
Belarus davlat texnologiya universitetida axborot texnologiyalari, o‘rmon sanoati texnikasi va texnologiyasi, organik moddalar, kimyoviy texnika va texnologiyalar, printtexnika va mediakommunikatsiyalar, muhandislik-iqtisodiyot, o‘rmon xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi.
– Mamlakatlarimiz oliy ta’lim tizimidagi o‘xshashlik mavjud ilmiy maktablarni saqlab qolish va yanada boyitish hamda jahonning eng ilg‘or davlatlari ta’lim tizimidagi tajribalarni o‘rganishda namoyon bo‘ladi, – deydi mazkur universitet prorektori Aleksandr Siganov. – Oliy o‘quv dargohimizda Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan pedagoglar va talabalar stajirovkasi, ilmiy ishlanmalar yaratish, mutaxassislarning kasb malakasini oshirish bo‘yicha uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, uning tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan neft va gazni qayta ishlash, yangi polimer, kompozitli va nanomateriallar, biotexnologiyalarni yaratish bo‘yicha ham uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ko‘zlamoqdamiz.
London tijorat ta’lim muassasasining filiallari Bangladesh, Malayziya, Malta, Shri-Lanka kabi mamlakatlarda ham faoliyat ko‘rsatib, ushbu o‘quv dargohida dunyoning 130 ga yaqin davlatidan talabalar o‘qiydi. Ingliz tili bo‘yicha sakkiz, to‘rt, bir yillik akademik kurslarda xorijiy til mukammal o‘rgatilsa, biznesni boshqarish bo‘yicha magistrlik yo‘nalishida xalqaro moliya, marketing, biznes bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Ushbu ta’lim dargohi direktorining o‘quv masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Kristal Santning fikricha, London tijorat ta’lim muassasasida bilim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar odobi, tartib-intizomi, bilimga chanqoqligi, intiluvchanligi, kiyinish va muomala madaniyati, o‘qishga mas’uliyati bilan ajralib turadi.
– Universitetimizda Janubiy Koreya, Rossiya, Ozarbayjon kabi davlatlardagi pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlari bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan, – deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti katta o‘qituvchisi Saodat Po‘latova. – Yurtimizda ta’lim sohasiga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor yoshlarning o‘qituvchilik kasbini tanlashida asosiy omil bo‘lmoqda. Mazkur ko‘rgazmada yoshlarga universitetimiz, undagi fakultet va ixtisosliklar haqida batafsil ma’lumot bermoqdamiz.
«Ta’lim va mutaxassislik» xalqaro ko‘rgazmasining alohida bo‘limida bandlikka ko‘maklashish markazlari, korxona va tashkilotlar ham bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etmoqda.
– Ko‘rgazmada tumanimizdagi o‘ndan ortiq korxona va tashkilotdagi to‘rt yuzdan ortiq vakant joy yoshlar e’tiboriga havola etilgan, – deydi Yunusobod tumani bandlikka ko‘maklashish markazi bosh mutaxassisi Dilfuza Zokirova. – Yoshlar, ayniqsa, bitiruvchilarning ishga joylashishiga ko‘maklashish bilan birga kollejlar, hokimliklar, ish beruvchi hamda ota-ona va bitiruvchi o‘rtasidagi shartnomalarning bajarilishi doimiy nazorat etilmoqda.
Ko‘rgazmaga kelgan har bir yigit-qiz o‘zi istagan oliy o‘quv yurti, qayta tayyorlov markazlari yoki ishga joylashishga oid batafsil ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatiga ega.
– Men ushbu ko‘rgazma ekspozitsiyasi bilan tanishib, ixtisosligim bo‘yicha ish topdim, – deydi Toshkent viloyati Zangiota tumanidan kelgan Shokir Muhammadjonov. – Bu yerda barcha yoshlarning ehtiyoji inobatga olingani e’tiborga molik.
«Ta’lim va mutaxassislik» xalqaro ko‘rgazmasi uch kun davom etadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri