XALQ O‘YINLARI
ILON DUMI” O‘YINI
Bu o‘yinda ikki guruh tarkibida 5-10 tagacha o‘yinchi qatnashadi. Qatnashchilar qator turib, bir-birlarining bellaridan ushlab, egilgan holda uzun qator hosil qilib turishadi.
Qatorning boshida turgan «ilon boshi» ham sardor, ham himoyachi hisoblanib, o‘zining orqasida turgan ishtirokchilarini dushmandan himoya qiladi.
Dushman raqib jamoadan bir kishi bo‘lib, u qator turgan himoyachining orqasidagi ishtirokchilarga qo‘li tegsa shu ishtirokchi qatordan chiqadi. O‘yin uchun ma’lum vaqt berilib, o‘yin oxirida hisob-kitoblarga ko‘ra qaysi guruhdan ko‘p kishi qatordan chiqib ketgan bo‘lsa, shu guruh yutqazgan hisoblanadi.
“OSHIQ” O‘YINI
Oshiq o‘yinida ikki kishi qatnashadi. Tekis yerga tomonlari taxminan 1,5-1,5metrga teng kvadrat chiziladi va uning o‘rtasiga oshiqlar qator qilib teriladi. Oshiqlar terilgan katakdan 2,5-4 metr uzoqlikdan xirp oshiq (edirilib, silliqlangan qo‘rg‘oshin quyib og‘irlashtirilgan oshiq. Xirp asosan qoramol oshig‘idan yasalib, hajmi katta bo‘ladi) yerga nisbatan parallel holatda chirpirak qilib otiladi. Maqsad oshiqlarni kvadrat chegarasidan urib chiqarish. Xirp bir yoki bir necha oshiqni chetga urib chiqarib, o‘zi qayerga tushsa o‘ynovchi o‘sha yerga bir oyog‘ini qo‘yib boshqa oshiqlarni urib chiziq tashqarisiga chiqara boshlaydi. Agar o‘yinchi har urganda bironta oshiqni chiqarsa, hammasini chiqarguncha o‘zi o‘ynaydi. Urish natijasiz bo‘lsa, navbat raqibga o‘tadi. Kvadratdan qaysi o‘yinchi ko‘proq oshiq urib chiqarsa shu o‘yinchi g‘alaba qozongan bo‘ladi. O‘yinchilar navbat bilan o‘yin boshlaydilar.
“JAMBIL” O‘YINI
Ushbu o‘yinda jamoalar 2 ga bo‘linadi. O‘yin markaziga doira chizilib, o‘rtasida 5 dona yassi tosh teriladi. Qur’a tashlash yo‘li bilan jamoalarning qaysi biri o‘yinni birinchi bo‘lib boshlashi aniqlanadi. Har bir jamoada 5 tadan ishtirokchi qatnashadi.
O‘yin boshlangach, o‘yin marrasi belgilanadi, ya’ni belgilangan joydan tikilgan toshlar tomon o‘yinni boshlagan jamoa ishtirokchilari toshlar yiqilganga qadar galma-gal koptokni otadilar. Agar tosh yiqilsa ikkinchi jamoa tosh yiqitgan jamoani koptok bilan quvlaydi. Tosh yiqitgan jamoa bo‘lsa, toshlarni chaqqonlik bilan o‘zlariga koptokni tekkizmasdan qaytadan joyiga yig‘ishi kerak bo‘ladi. Agar toshlarni qayta yig‘ayotgan jamoa o‘zlariga koptokni tegizmasdan yig‘sa shu jamoa g‘olib bo‘ladi, aksincha bo‘lsa mag‘lub bo‘ladi va o‘yin shu tariqa davom ettiriladi.
To‘plovchi: Dilmurod HAKIMOV,
Qarshi davlat universiteti