Tanqidiy va tahliliy fikr yangi marralar uchun mustahkam zamindir

Tinchlik-xotirjamlik va salomatlik bu dunyoda inson uchun tengi yo‘q ikki ne’matdir. Shuning uchun ham keksalarimiz doimo duoga qo‘l ochganda, avvalo, yurtga osoyishtalik, elga sog‘liq, omonlik tilashadi. Chunki sog‘lom kishigagina dunyoning nozu ne’matlari tatiydi, ko‘ngliga quvonch sig‘adi, kelajakka ishonch bilan qaraydi. Binobarin, xalqimizning baxtli-saodatli yashashi, bugunidan rozi bo‘lib, ertasiga katta umid bog‘lashi o‘zi va yaqinlarining salomatligiga har tomonlama bog‘liq ekan, bu tibbiyot xodimlari oldida nihoyatda dolzarb masalalar turganini anglatadi.

Bugun mamlakatimizda davlat va jamiyatni rivojlantirish, yurtimiz obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish, aholi turmush darajasini oshirish borasida tom ma’nodagi misli ko‘rilmagan yangilanish hamda rivojlanish jarayonlari kechmoqda. Bu, albatta, sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatiga ham taalluqlidir. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev har bir ma’ruzasi va nutqida, uchrashuvlarda xalqimizni rozi qilish uchun, eng avvalo, sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talabni qondirish nihoyatda zarurligini ta’kidlamoqdalar. Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 yanvar va 7 fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvi tizimning bugungi holatini tanqidiy tahlil qilib, yig‘ilib qolgan masalalarni hal etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. O‘z navbatida, mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida ham aholi salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, dori vositalari bilan ishonchli ta’minlash, jismoniy baquvvat va ma’naviy jihatdan sog‘lom avlodni kamol toptirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar jarayonida mavjud muammolar ochiq-oydin aytildi.

Qayd etilganidek, sohada kamchiliklar juda ko‘p. Agar biz mavjud muammolarning yechimini bugun topmasak, ertaga kech bo‘lishi, ta’bir joiz bo‘lsa, jiddiy tus olishi hech gap emas. 2017 yilning «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qilinganida ham katta ma’no mujassam. Inson manfaatlari deganda, avvalo, uning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to‘laqonli foydalanishi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Xalqimizni tibbiy xizmatdan rozi qilmas ekanmiz, inson manfaatlarini ta’minlash xususida fikr yuritish ham noo‘rin.

Bugun zamonning o‘zi barchamizning oldimizga yangi va g‘oyat mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda. Shunday ekan, endi raqam yig‘ib, faqat hisobot tuzish yo‘li bilan ishlab bo‘lmaydi. Har birimiz fuqarolarning hayotdan mamnun bo‘lib yashashi, qonuniy talab va ehtiyojlarining ta’minlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz darkor.

Yana o‘qing:  Muolajasi mehriga payvand

Ushbu maqsadlarda patronaj va profilaktik ko‘riklar orqali oilalarga kirib borgan holda, ular turmushi darajasini kompleks o‘rganishning tizimli mexanizmini yaratish asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Patronaj hamshiralar yordamida har bir oila a’zosining ijtimoiy holati, salomatligi, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, bolalar tarbiyasining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi kabi ishlarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Ayon bo‘layaptiki, albatta, har bir rahbar pastki bo‘g‘ingacha tushib, muammoni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, o‘rgansagina ishda unum bo‘lar ekan. Dastlabki natijalarni tahlil qilib, aholining dardini, ehtiyojlarini o‘rganib, juda ko‘p ma’lumotlar oldik. Darhaqiqat, qishloq vrachlik punktlarini optimallashtirish, ular faoliyatini 24 soatlik rejimda, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda ish vaqtini uzaytirish, patronaj hamshiralar sonini ko‘paytirish bugungi kun talabidir. Xalqimiz ehtiyoji shunday. Ushbu vazifalarni to‘laqonli bajarish orqali aholini patronaj tizimi bilan to‘liq qamrab olish, kasalliklarning oldini olish, qishloq vrachlik punktlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, respublikada ishlab chiqarilgan dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan zarur miqdorda ta’minlash ishlarini ko‘ngildagidek amalga oshirish mumkin.

Uchrashuvlarda Prezidentimiz tegishli mutasaddilar zimmasiga sohani isloh qilish bo‘yicha vazifalar yuklagan ekan, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini viloyatlar aholisiga yaqinlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Ixtisoslashtirilgan yordamni chekka tumanlardagi fuqarolarimizga yaqinlashtirish vaqti keldi. Endi ana shu markazlar mutaxassislarining o‘zi har bir tumanga borib, tibbiy xizmatga muhtoj aholiga o‘sha yerning o‘zida ko‘maklashadi. Ya’ni ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlarning viloyat va tuman miqyosidagi tibbiyot muassasalari bilan uzviy bog‘liqligi ta’minlanadi.

Haqiqatan ham, yaqinda Qashqadaryo viloyatidagi holatni joyiga borib o‘rganganimizda ham ixtisoslashtirilgan markazlarda davolanish ilinjida navbatda turgan fuqarolarimiz ko‘pligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

O‘z navbatida, viloyatlarda ham ixtisoslashtirilgan markazlarning filiallarini ochish ko‘zda tutilgan. Shunday loyihalardan biri Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida qurilishi rejalashtirilgan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filiallaridir. Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida ushbu loyihalar bo‘yicha zarur topshiriq,  tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.

Aytish joizki, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 150 o‘rinli Qarshi filialida yiliga 700-800 jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda. Diabetik nefropatiya, umumiy endokrinologiya va diabetologiya, qalqonsimon bez va diabetik to‘piq jarrohligi kabi bo‘limlarni o‘z ichiga olgan markaz eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filialida klinik-bioximik laboratoriya, avtoklav, poliklinika, rentgen-endovaskulyar jarrohlik bo‘limi, aritmologiya, arterial-gipertenziya, yurak ishemik kasalliklari, reabilitatsiya, kardiojarrohlik bo‘limlari tashkil etiladi. 120 o‘rinli markaz joriy yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Yana o‘qing:  Salomatlik posbonlari yana safarda

Shu o‘rinda bir narsani alohida qayd etish lozim. Ushbu markazlarni tashkil etishdan maqsad, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, aholiga yanada ko‘proq qulayliklar yaratish, ularning sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, profilaktika tadbirlarini amalga oshirish va tibbiy madaniyatni yuksaltirishdir.

 Sog‘liqni saqlash xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda Prezidentimiz quyidagi fikrlarni qat’iy ta’kidladi:

 “Sog‘liqni saqlash sohasi haqida gapirganda bir haqiqatni esimizdan chiqarmasligimiz lozim: tibbiyot xodimlari bizning salomatligimiz posbonlaridir. Ularga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak”.

Ushbu o‘rinli talab sog‘liqni saqlash tizimining har bir bo‘g‘iniga, shuningdek, tez tibbiy yordam tizimiga ham taalluqli. Xalqimiz ushbu xizmatga qay darajada ishonadi? Tez tibbiy yordam, haqiqatan ham, amalda tezkorligi, sifati bilan ishonch qozona olayaptimi? Mazkur savollarga javob izlar ekanmiz, tizimni yangi bosqichga olib chiqish davr talabi ekanini chuqur anglab yetdik. Bunda biz uni ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda zamonaviy mobil tibbiy uskuna va aloqa vositalari mavjud bo‘lgan tez tibbiy yordam avtomashinalari hamda dori vositalari bilan zarur miqdorda ta’minlashga asosiy e’tiborni qaratmoqdamiz.

Davlatimiz rahbari tibbiyot sohasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar haqida to‘xtalar ekan, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, yosh mutaxassislarni tayyorlash jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, dunyoning yetakchi tibbiyot markazlari va o‘quv muassasalari, taniqli olimlar hamda mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan ham o‘rinli talablarni qo‘ydi.

Bildirilgan barcha tahliliy va tanqidiy fikrlar ertangi kun uchun, yangi marralarni egallashimiz uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi. Bugun bizning asosiy vazifamiz «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan olijanob g‘oyani izchillik bilan hayotga tatbiq etishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida har birimiz ishimizni yangicha asosda tashkil etib, mas’uliyatni chuqur his qilgan holda faoliyat olib borishimiz lozim. Shundagina xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bizga ishonadi.

 

Alisher ShODMONOV,

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: