O‘zbekiston – Turkmaniston: Yaqin qo‘shnichilik va qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 6-7 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 6 mart kuni bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari avval yakkama-yakka, keyin ikki mamlakatning kengaytirilgan tarkibdagi rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar. Ularda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni, O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati, temir yo‘l transporti, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni, hududlararo aloqalarni rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi.
Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanobod shahriga bordilar.
Ushbu shahar yaqinida Amudaryoda qurilgan Turkmanobod-Farab avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.
Avtomobil ko‘prigining uzunligi 1600, temir yo‘l ko‘prigining uzunligi 1750 metr. Ularni qurishda turkmanistonlik va ukrainalik quruvchilar ishtirok etgan, Germaniya, Norvegiya texnologiyalaridan foydalanilgan.
Prezidentlar ko‘priklar oldidagi maydonda tashkil etilgan o‘zbek va turkman amaliy san’ati namunalari, hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mazkur ko‘priklar xalqlarimiz do‘stligining timsoli bo‘lib, nafaqat Turkmaniston, balki butun mintaqa uchun geostrategik ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. O‘zbekistonda ham transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, o‘tgan yili qurilgan Angren – Pop temir yo‘li Markaziy Osiyoni Xitoy bilan temir yo‘l orqali bog‘laganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston va Turkmaniston temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashib, qayta tiklanayotgan Buyuk ipak yo‘lining muhim bo‘g‘inini tashkil etadi, mintaqa rivoji va xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston transport va tranzit sohalarini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surayotgani, ushbu ko‘priklar bu boradagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi. Qurilish ishlarining sifati va ahamiyatini yuqori baholab, quruvchi va pudratchilarga minnatdorlik bildirdi.
Davlat rahbarlari poyezdga o‘tirib, ko‘prikdan o‘tdilar.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bilan vidolashuv marosimida Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanistonda Buyuk Yo‘lboshchimiz xotirasi abadiylashtirilishini ta’kidlagan edi. Shu maqsadda Turkmanobod shahridagi markaziy ko‘chalardan biriga Islom Karimov nomi berildi. Ushbu ko‘chada yodgorlik majmuasi barpo etildi va Birinchi Prezidentimizning byusti o‘rnatildi. Majmuada O‘zbekiston va Turkmaniston davlat bayroqlari aks ettirilgan. Ularning yonidagi granitda Islom Karimovning “Biz qadrlashimiz va yuksaltirishimiz zarur bo‘lgan muhim boylik – bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonchdir” degan so‘zlari o‘zbek va turkman tillarida bitilgan.
Shavkat Mirziyoev va Gurbanguli Berdimuhamedov Buyuk Yo‘lboshchimizning ushbu o‘gitiga amal qilib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda.
Mazkur yodgorlikning ochilish marosimi bo‘ldi.
Islom Karimov buyuk siyosatchi, ulug‘ davlat arbobi, o‘z xalqini jonidan ortiq sevgan vatanparvar inson edi, dedi Gurbanguli Berdimuhamedov. O‘zbekistonning yangi hayotida duch kelgan turli muammo va qiyinchiliklarni oqilona yengib o‘tdi. Butun mintaqa tinchligi va hamkorligiga, jumladan, O‘zbekiston bilan Turkmaniston aloqalari rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish qarzimiz edi. Bugun ushbu vazifani ado etar ekanmiz, u kishining merosini asrashimiz, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashimiz zarur.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirganingiz uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz, dedi Shavkat Mirziyoev. Islom Karimov buyuk davlat arbobi, uzoqni ko‘ra oladigan dono siyosatchi, zamonamizning yorqin, ulug‘ shaxslaridan edi. Mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov O‘zbekistonda kuchli davlat barpo etdi, jamiyatimizni demokratiya yo‘lidan izchil rivojlantirdi. Shu bilan birga, butun mintaqamizda tinchlik, xavfsizlik va ahillik muhitini yaratishga ulkan hissa qo‘shdi. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida qaror topgan aloqalar do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining namunasiga aylandi.
Prezidentlar Islom Karimov yodgorlik majmuasiga gullar qo‘ydilar. Islom Karimov nomidagi ko‘cha bo‘ylab sayr qildilar.
O‘zbekiston va Turkmaniston hukumatlari a’zolari, diplomatik korpus, keng jamoatchilik vakillari ham Birinchi Prezidentimiz yodgorligi poyiga gullar qo‘ydi.
Turkmanobod shahridagi “Ruhiyat” saroyida O‘zbekiston va Turkmaniston san’at ustalarining konserti namoyish etildi. Bu o‘zbek va turkman xalqlarining bir-biriga yaqinligini yaqqol namoyon etdi, mamlakatlarimizning zamonaviy va mumtoz san’ati bilan keng tanishish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.
Saroy foyesida o‘zbek va turkman xalq amaliy san’ati buyumlari namoyish etildi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmanistonga davlat tashrifi yakuniga yetdi.
Turkmanobod aeroportida O‘zbekiston Prezidentini Turkmaniston Prezidenti kuzatib qo‘ydi.
Prezidentimizning Turkmanistonga tashrifi va uning doirasida imzolangan hujjatlar, bo‘lib o‘tgan madaniy tadbirlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik tamoyillari asosida rivojlanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.
Anvar SAMADOV,
O‘zA maxsus muxbiri.
Toshkent – Ashxobod – Turkmanobod – Toshkent.